O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi doirasida, O‘zbekiston—Rossiya ikki tomonlama hamkorlikni turli sohalarda mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Jumladan, Rossiyaning VEB.RF banki, Eksar, “Gazprombank” va Bank GPB International S.A. kompaniyalari bilan “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida uglevodorodlar xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish dasturini moliyalashtirish doirasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi.
VEB.RF kuzatuv kengashi rahbari o‘rinbosari D. V. Algulyan, Eksar bosh direktori N. V. Gusakov, Bank GPB International S.A. boshqaruv raisi D. N. Derkach hamda “O‘zbekneftgaz” AJ Mehriddin Abdullayev ushbu bitimlarni imzoladilar.
Ushbu bitimlar VEB.RF, Eksar AJ, “Gazprombank” AJ va Bank GPB International S.A. ishtirokida O‘zbekiston Respublikasida neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha ish va xizmatlar ko‘rsatish hamda Rossiya mahsulotlarini yetkazib berishni moliyalashtirish uchun 257,3 million dollar miqdorida bo‘lishiga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJning yuqorida keltirilgan moliyaviy institutlar bilan GTL zavodining qurilishi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va boshqa ko‘plab investitsion loyihalarda muvaffaqiyatli hamkorlik qilingan.
Ta’kidlash joizki, uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish dasturi mamlakatimiz iqtisodiyotini ta’minlash maqsadida o‘z ichiga burg‘ilash, quduqlarni qayta ta’mirlash va texnologik obyektlarni qurish bo‘yicha chora-tadbirlarni qamrab oladi.
Dastur amalga oshirilgandan buyon 430 ta quduq qurilishi yakunlandi, 328 ta mavjud quduq kapital ta’mirlandi, “G‘arbiy” konida blok-modulli kompressor qurilmasi ishga tushirildi, “Samontepa”, “Uchqir”, “Alan”, “Zevarda” siquv kompressor stansiyalari barpo etildi, shuningdek, dastur doirasida “Arslon” konida gazni kompleks tayyorlash qurilmasi, “Dengizko‘l” va “Janubiy Tandircha” siquv kompressor stansiyalarida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati
Izoh (0)