Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Daryo”da 11-noyabr kuni Qashqadaryoda rasman 1998-yili “o‘lgan”, lekin aslida hali ham tirik bo‘lgan fuqaro notarius va Qarshi shahar prokurorini obro‘sizlantirishda ayblanib, sud qilinayotgani haqida material e’lon qilingan edi. 15-noyabr kuni Oliy sud matbuot xizmati bu materialga munosabat bildirdi. Quyida ushbu munosabat bilan to‘liq tanishish mumkin:

“Daryo” internet-nashrida e’lon qilingan “Qashqadaryoda 1998-yil rasman ‘o‘lgan’ fuqaro notarius va prokurorni obro‘sizlantirishda ayblanib, sud qilinmoqda” sarlavhali maqola yuzasidan

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “g” bandi bilan ayblangan Anvar Javharovga oid jinoyat ishini sud majlisida mazmunan ko‘rish 2021-yil 10-noyabr kuni davom ettirilgan. Shu kuni sudlanuvchi, jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglangan.

Shuningdek, sudlanuvchining himoyachisi sudga iltimosnoma bilan murojaat qilgan va sud majlisida OAV vakillarining ishtirok etishiga va sud majlisi jarayonini videotasvirga olishga ruxsat berishni so‘ragan.

Iltimosnoma bo‘yicha taraflar fikri so‘ralganida prokuror sudga havola qilishini, sudlanuvchi iltimosnomani qanoatlantirishni, jabrlanuvchi R.O‘ngboyeva va uning himoyachisi uni rad etishni so‘ragan.

Shunga ko‘ra OAV vakillarining sud majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishlari mumkinligi ma’lum qilinib, videotasvirga olishga ruxsat berilmagan.

Maqolada qalamga olingan Anvar Javharovning 1998-yilda vafot etgan, deya soxta hujjat tayyorlanganligi va narkologiya dispanserining “D” hisobidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar jinoyat ishiga aloqador emasligini unutmaslik lozim.

Sudlanuvchi Anvar Javharov va jabrlanuvchilarning tushuntirishlari hamda ish yuzasidan yig‘ilgan hujjatlarda ham bu to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas.

Sud majlisi chog‘ida sudlanuvchi Anvar Javharov jabrlanuvchi R.O‘ngboyevaning sha’ni hamda qadr-qimmatini yerga uruvchi so‘zlar bilan haqorat qilgan. Sud tomonidan Anvar Javharov ogohlantirilib, R.O‘ngboyevaga bu haqda shikoyat qilish huquqi mavjudligi tushuntirilgan.

“Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev sud majlisi nihoyasiga yetmasidan avval sud zalini tark etgan va maqolada sud majlisi noma’lum vaqtga qoldirilgani to‘g‘risida haqiqatga mos kelmaydigan xabar tarqatgan.

Vaholanki, sud majlisi yakunida taraflarga sud majlisining vaqti va joyi haqida aniq ma’lumot berilgan. Aniqroq aytganda, sud majlisi 2021-yil 17-noyabr kuniga tayinlanganligi ma’lum qilinadi.

Bu munosabatga “Daryo” tahririyatining ayrim savollari bor.

1998-yilda “o‘lgan” odamdan 2007-yilda ishonchnoma “olingani” haqida

Anvar Javharov 1965-yili Qarshi shahrida tug‘ilgan. Oila qurish vaqti kelgach, Shahodat Sharipovaga uylangan. 2007-yili Rossiyaga ketgan. Shundan so‘ng ko‘p muammolarga duch kelgan.

Birinchidan, 2007-yil 19-mart kuni Qarshi shahar notarial idorasi notariusi R.O‘ngboyeva tomonidan Anvar Javharov nomidan uning rafiqasi Shahodat Sharipovaga mulkdan foydalanish huquqi bo‘yicha ishonchnoma rasmiylashtirilgan (aynan shu ishonchnoma sababli u uysiz qolgan, chunki xotini uyni sotib yuborgan).

Ekspert-kriminalistlarning xulosasiga ko‘ra, uyi sotilib ketishiga sababchi ishonchnomaning asli va nusxasidagi “Javharov Anvar” yozuvlari aynan Anvar Javharov tomonidan bajarilgani tasdiqlangan bo‘lsa-da, Javharovning o‘zi “bu soxta ishonchnoma” uning ishtirokisiz, o‘zi Rossiyada bo‘lgan vaqtda tuzilgani ta’kidlab keladi.

Ikkinchi “ko‘rgulik” 2008-yil 30-iyun kuni yuz bergan — Anvar Javharovning Qarshi shahar Mudofaa ishlari bo‘limidagi kartochkasiga uning 1998-yil 23-iyun kuni vafot etgani haqidagi ma’lumot kiritilgan. Kartochkaga shu ma’lumotni kiritishga asos bo‘lgan 751-kirim raqamli hujjat esa 2011-yili yo‘q qilib yuborilgan.

Chalg‘ib ketganlar uchun qaytadan tushuntiramiz — 2007-yili uyidan foydalanish huquqini xotiniga go‘yoki “o‘z qo‘li bilan xatlab” bergan fuqaroning aslida 1998-yilda vafot etgani 2008-yilda shahar “voyenkomat”ida rasmiylashtirilgan. Javharovning fikricha, bu ish ham uning uyini, bor-budini tortib olish uchun qilingan.

Anvar Javharov 2015-yildan beri (bungacha u ma’lum muddat ozodlikdan mahrum etish jazosini ham o‘tab chiqqan) uyini qaytarib olish, tirikligini isbotlash maqsadida mutasaddi idoralarga murojaat qilib keladi, OAV orqali chiqishlar qiladi (jumladan, 2019-yili “Daryo” ham bu holat haqida yozgan).

Oliy sudning bu ishlarga nima daxli bor?

Anvar Javharov bir muddat avval “Mening yurtim” telekanalining “Markaziy studiya” ko‘rsatuvida chiqish qilib, uning “o‘lgani” haqida dalolat beruvchi soxta hujjatga asoslanib, uyini oldi-sotdi qilgan “notarius R.O‘ngboyevaga nisbatan Qarshi prokurori A.H. hech qanday chora ko‘rmayotgani, ular bir-biri bilan quda ekani” haqida gapirgan. Notarius O‘ngboyeva esa ko‘rsatuvda uning sha’niga aytilgan fikrlarni tuhmat deya qabul qilib, Javharovni sudga bergan.Sudda Javharov hech kimga tuhmat qilmoqchi bo‘lmaganini, unga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovni rad etishini ta’kidlab: “Men faqat va faqat o‘zimning tirikligimni isbotlashga, haq-huquqlarimni poymol qilganlarga chora ko‘rilishiga uringanman... Turmush o‘rtog‘imga berilgan ishonchnoma soxta, undagi imzo menga tegishli emas. Imzomni soxtalashtirishdan maqsad uyimni sotib yuborish bo‘lgan va bunga erishishgan”, — degan.

Oliy sud munosabatida: “Maqolada qalamga olingan Anvar Javharovning 1998-yilda vafot etgan, deya soxta hujjat tayyorlanganligi... to‘g‘risidagi ma’lumotlar jinoyat ishiga aloqador emasligini unutmaslik lozim”, — deyiladi. Fuqaro aynan uning “o‘lgani” haqidagi soxta hujjatga asoslanib rasmiylashtirilgan ishonchnoma sabab uysiz qolgani, shu sababli u notariusga chora ko‘rilishini talab qilayotgani inobatga olinsa, uning 1998-yilda vafot etgan, deya soxta hujjat tayyorlangani jinoyat ishiga qanday aloqador bo‘lmasligi mumkin, tushunish qiyin.

“Sud majlisi yakunida taraflarga sud majlisining vaqti va joyi haqida aniq ma’lumot berilgan”, lekin buni sudlanuvchining advokati ham bilmaydi

Sud ishi haqida “Daryo”da 11-noyabr kuni e’lon qilingan materialda “sud noma’lum muddatga tanaffus e’lon qilgani” qayd etilgan. Oliy sud matbuot xizmati esa bu vaziyatda “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshevni (uning majlis nihoyasiga yetmay sudni tark etganigacha aniqlab, bunga alohida urg‘u berib) “sud noma’lum vaqtga qoldirilgani to‘g‘risida haqiqatga mos kelmaydigan xabar tarqatish”da ayblamoqchi bo‘ladi.

“O‘sha (10-noyabr) kuni sud jarayoni 2021-yilning 17-noyabrida davom ettirilishi ma’lum qilingan bo‘lsa, unda nega sudlanuvchining advokati Shavkat Xo‘jayev hamda jarayonda oxirigacha ishtirok etgan bloger Sherali Kamilov haligacha — 2021-yil 15-noyabr kuni soat 17:45 ga qadar — bundan bexabar edi?”, — deya savol qo‘yadi “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev.

“Daryo” Oliy sud matbuot xizmatidan yuqorida tilga olingan va ochiq qolgan o‘rinlar uchun javob kutmaydi, aksincha, 2015-yildan beri tirikligini, 1998-yilda o‘lmaganini isbotlash uchun harakat qilib yurgan bir fuqaroning ustidan bo‘layotgan sudga nisbatan jamoatchilik qiziqishni oshirib bergani uchun minnatdorlik bildiradi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Daryo” kundaligida 2-dekabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
“Ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili, “yashil sertifikatlar”, energiya ulushini kamaytirish: Mirziyoyev “yashil” iqtisodiyot taqdimoti bilan tanishdi
Dunyo
Britaniya razvedkasi Rossiya Ukrainadagi urushda quruqlikdan hujum qilolmayotgani sababini tushuntirdi