Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Qarshi shahridagi mansabdorlar e’tiborsizligi bois hujjatlarda “1998-yil vafot etgan” deb yozilgan qarshilik Anvar Javharov bugungi kunga kelib o‘sha e’tiborsizlik kasriga qolgan. O‘zining aytishicha, uning o‘limi haqidagi hujjat va ayolining soxta ishonchnoma tayyorlashi oqibatida boridan ayrilgan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Bundan avvalroq “Sevimli” kanalining “Zamon” ko‘rsatuvida 54 yoshli Anvar Javharov o‘zining tirik ekanligini isbotlashga harakat qilayotgani, ammo hujjatlarda allaqachon vafot etgani yozilgani xususida so‘z borgandi. “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev ham voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

— Qarshi shahar Mudofaa ishlari bo‘limi mansabdorlari tomonidan 1998-yil vafot etganim to‘g‘risida hujjat tayyorlangan, — deydi Anvar Javharov. — Men bu ma’lumotdan xabar topganimdan so‘ng buning noto‘g‘riligini isbotlashga urindim. Mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildim.

Aniqlanishicha, Anvar Javharovning ushbu murojaatiga javoban 2018-yil 29-may kuni Qarshi harbiy prokurori J. Ashurovdan javob keladi.

Unda shunday deyiladi: “...Qarshi shahar Mudofaa ishlari bo‘limida yuritilgan hisob kartochkangizdagi qo‘shimcha ma’lumotlar bandiga Sizni 1998-yil 23-iyun kuni vafot etganligingiz kiritilgan. Bu ma’lumotlar kiritilishiga 2008-yil 30-iyun kundagi 751-kirim raqamli hujjat asos bo‘lgan”.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Qiziq, Qarshi shahar Mudofaa ishlar bo‘limida yuritilgan hujjatda fuqaro 1998-yil vafot etgani yozilyapti, ammo mas’ullar bu hujjatga asos qilib 10 yildan keyin — 2008-yil tuzilgan hujjatni ko‘rsatishmoqda. Ajabo...

Qarshi harbiy prokurorining qo‘shimcha qilishicha, fuqaro murojaatiga asosan harbiy prokuraturaga ushbu ishni o‘rganish hamda vaziyatga oydinlik kiritish talab qilingach, Anvar Javharovni 1998-yil vafot etgan deya qayd etilishiga sababchi bo‘lgan 2008-yildagi 751-sonli kirim xatini izlashga tushishadi. Biroq ushbu hujjat 2011-yil yo‘q qilingan bo‘lib chiqadi.

Harbiy prokuratura izlanishini davom ettirib, Qarshi shahar Mudofaa ishlari bo‘limiga FHDY bo‘limlari yoki sud tomonidan Anvar Javharovning bedarak yo‘qolganligi yoki vafot etganligi xususida hujjat taqdim qilingan yoki qilinmaganligi bilan qiziqadi.

Qarshi shahar FHDY bo‘limi, Qashqadaryo viloyat FHDY arxivi, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi hamda Qarshi tuman Davlat arxiviga yuborilgan so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, ushbu tashkilotlardan Anvar Javharovning o‘lim holati qayd etilgan yoki bedarak yo‘qolgani yozilgan biror bir hujjat taqdim etilmagan.

Anvar Jaharovning ma’lum qilishicha, ushbu tekshiruvlar ham uning o‘limini qayd etgan Qarshi shahar Mudofaa ishlari bo‘limi Rezervchilar va harbiyga majburlarni hisobga olish bo‘linmasi boshlig‘ining sobiq yordamchisi G‘. Aliqulov va Qarshi shahar Mudofaa ishlari bo‘limi mansabdorlari ustidan jinoyat ishi ochilishiga sabab bo‘lmagan. Xullas, yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolgan.

Anvar Javharovning aytishicha, u hayoti davomida yana bir adolatsizlikka duch kelgan. Uning iddaosiga ko‘ra, 2007-yil 19- mart kuni Qarshi shahar notarial idorasi notariusi R. O‘ngboyeva tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnoma uning ishtirokisiz tuzilgan bo‘lib, ishonchnomaga ega bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Shahodat Sharipova unga tegishli mulk — uyni sotib yuborgan. Oqibatda Anvar Javharov bugungi kunda boshpanasiz qolgan. Mana, necha yildirki ijarama-ijara yashab kelmoqda.

— Turmush o‘rtog‘im Shahodat Sharipovaga berilgan ishonchnoma soxta, undagi imzo menga tegishli emas, — deydi Anvar Javharov. — Mening imzoyimni soxtalashtirishdan maqsad uyimni sotib yuborish bo‘lgan.

Anvar Javharov o‘zi Rossiyada bo‘lgan davrida notarius tomonidan soxta ishonchnoma rasmiylashtirilgan degan fikrda. Shu boisdan ham ishonchnomaning soxtaligini isbotlash maqsadida 2015-yildan beri mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilib keladi.

Uning murojaatlari natijasi o‘laroq Qarshi shahar IIB tomonidan uning turmush o‘rtog‘i Shahodat Sharipovaga nisbatan bir necha marotaba ochilgan jinoyat ishlari jinoyat alomatlari yo‘qligi sabab to‘xtatilgan.

Qarshi shahar IIB huzuridagi TB tergovchisi M. Rustamovning tergov xulosalarida yozilishicha, jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Shahodat Sharipova sobiq turmush o‘rtog‘i Anvar Javharov 2007-yil Rossiyaga ketishidan oldin u bilan birga notarial idoraga borganligi, o‘zi unga ishonchnoma berganligini aytgan. Javharov esa buni rad etgan. Notarial idoraga ayoli bilan bormaganligini, rasmiylashtirilgan ishonchnoma soxta ekanligini aytgan.

Anvar Javharovning bildirishicha, u jazoni ijro etish muassasasida, ayoli esa Rossiya davlatida bo‘lgan payt ularning nikohi bekor qilingan.

— Men qamoqda, ayolim esa Rossiyada bo‘lgan payt ajrashgan ekanmiz, — deydi Anvar Javharov. — Qanday qilib, men haligacha buni tushunolmayman.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Notarius R. O‘ngboyeva esa o‘zi tomonidan tuzilgan ishonchnoma haqiqiyligini aytib, agarda ishonchnoma beruvchi Anvar Javharov o‘sha payt o‘zi kelmaganida ishonchnoma rasmiylashtirmagan bo‘lishini bildirgan.

Tergov harakatlari davomida Anvar Javharovning 2 nafar qizi — M. Haydarova va G. Javharova ham dadasi 2007-yil notarial idoraga onasi bilan birga borganligini tasdiqlagan.

Ichki ishlar vazirligi, Qashqadaryo viloyat IIB Ekspert-kriminalistika bo‘limining 2018-yil oktabr oyidagi xulosasiga ko‘ra, 2007-yil 19-mart kuni 2-711-reyestr raqami bilan ro‘yxatga olingan ishonchnoma asli va nusxasidagi “Javharov Anvar” yozuvlari Anvar Javharov tomonidan bajarilgan.

Tergov xulosalarida yozilishicha, Anvar Javharov viloyat narkologiya dispanseri tomonidan 2016-yil 19-noyabr kuni ro‘yxatga olingan.

Tirik odamning o‘ldiga chiqarilishi juda ajablanarli, to‘g‘risi. Har qanday holatda ham rasmiy hujjat asosli bo‘lishi lozim va shart. Qarshi shahar Mudofaa bo‘limi mansabdorlarining harakatini hech qanday vaj bilan oqlab bo‘lmaydi, albatta. O‘ylaymizki, bunga mas’ul rahbarlar ushbu masalaga yana bir bor e’tibor berishadi. Murojaatchi Anvar Javharovning turmush o‘rtog‘i haqidagi haqiqatlari, uning qilmishidan noroziligi esa mas’ul idoralar tomonidan o‘rganilib, allaqachon xulosa qilingan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ilon Mask Twitter’da Apple reklamalari tiklanganini e’lon qildi
Dunyo
Turkiyaning Kizilelma qiruvchi droni ilk parvozni amalga oshirdi (video)
Dunyo
Xitoy Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatdimi?