“Tolibon” harakati a’zolari boshchiligidagi Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi (IIV) texnik muammolarni hal qilgandan so‘ng tadbirkorlar va oddiy savdogarlarga qurol olib yurishga ruxsat beradi. Bu haqda vazirlikning “Tolibon” tomonidan tayinlangan matbuot kotibi Said Xosti ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Afg‘oniston IIV aynan qanday texnik muammolarni bartaraf etishi zarurligiga Xosti izoh bermadi. Uning ta’kidlashicha, “Ichki ishlar vazirligi afg‘on tadbirkorlari duch kelayotgan xavfsizlik muammolarini hal qilish ustida qattiq ishlamoqda”.
Avvalroq IIV vakili vazirlik tadbirkorlarning o‘zini himoya qilishi uchun yaqin orada ularga qurol-yarog‘ litsenziyalari berishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi. “Eski litsenziyalarni olib qo‘yamiz va yangisini beramiz”, — dedi u.
Oktabr oyi oxirida Afg‘oniston Savdo-sanoat palatasi (SSP) raisi o‘rinbosari Xon Jan Alokozay so‘nggi ikki oy davomida mamlakatning bir qancha viloyatlarida tadbirkorlarni tunash bo‘yicha 40 dan ortiq holat qayd etilganini ma’lum qilgan. Hujumchilarga qarshi kurashishga urinish mobaynida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Palata raisi o‘rinbosariga ko‘ra, “Tolibon” tadbirkorlarni qurolsizlantirib qo‘ygani ushbu hodisalarning sabablaridan biridir.