BMT Xavfsizlik kengashi Myanmada zo‘ravonlik holatlari ortayotgani sabab fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi. Xavfsizlik kengashining bayonoti mamlakat shimoli-g‘arbidagi Chin shtatida qurollanish kuchaytirilgani to‘g‘risidagi xabarlardan so‘ng e’lon qilingan, deb xabar beradi “Kommersant”.
“Xavfsizlik kengashi a’zolari Myanmada zo‘ravonlikning yanada tarqalishidan qattiq xavotirda ekanliklarini bildirdi. Ular zudlik bilan zo‘ravonlikni to‘xtatish va tinch aholining xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi”, — deyiladi bayonotda.
Xavfsizlik kengashidagilarning ta’kidlashicha, “so‘nggi voqealar rohinja qochqinlari va majburiy ko‘chirilganlarning ixtiyoriy, xavfsiz, munosib va barqaror qaytishi uchun jiddiy to‘siqlarni keltirib chiqarmoqda”.
1-fevral kuni Myanma harbiylar fuqarolik hukumatini saylovlardagi manipulyatsiyada aybladi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Shundan buyon mamlakatda davlat to‘ntarishiga qarshi norozilik namoyishlari davom temoqda. Oktabr oyida BMTning Myanma bo‘yicha maxsus vakili Kristin Shraner-Burgener mamlaktadagi vaziyat keng ko‘lamli harbiy mojaroni yuzaga keltirishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida hokimiyat tepasiga kelgan harbiylar tomonidan tuzilgan Myanma Davlat ma’muriy kengashi mamlakatda vaqtinchalik hukumat shakllantirilganini e’lon qilgandi. Hujjatda ko‘ra, Myanma Qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni, Davlat ma’muriy kengashi raisi Min Aun Xlayn bosh vazir lavozimini egallagan.