Belarusdagi migratsiya inqirozi sabab Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tomonidan qabul qilingan qaror belaruslarning Ukraina chegarasini kesib o‘tishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiyga tayanib, “Kommersant” xabar berdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining yig‘ilishida Ukraina chegaralarini mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. “Shuni ta’kidlashni istardimki, bu hech qanaqasiga chegaralarimizni Belarus fuqarolari kesib o‘tishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Gap migratsion chaqiruvlar va xatarlar haqida ketmoqda, xolos. Davlatimiz ularni hal etishga va yengishga tayyor”, — deydi u Telegram-kanalida e’lon qilingan videomurojaatida.
Shuningdek, Zelenskiy Ukraina yaqinida Rossiya qo‘shinlarining faolligi muhokama etilganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning g‘arbdagi sheriklari “Rossiya qo‘shinlarining mamlakat chegarasiga faol joylashtirilgani va ularning konsentratsiyasi oshirilgani to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etgan”, biroq Ukrainani bu kabi faollik “hayratga solmaydi va qo‘rqitmaydi”.
Avvalroq Vashingtonda so‘nggi uch yil ichida birinchi bor ikki tomonlama Strategik sheriklik komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, unda Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba ishtirok etgandi. Yig‘ilish yakuni bo‘yicha AQSh davlat kotibi Entoni Blinken AQSh Rossiya tomonidan tajovuzkorlik harakatlari, jumladan, harbiy faollik amalga oshirilishi mumkinligini kuzatayotganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Belarus va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari chegarasidagi migratsion inqiroz Aleksandr Lukashenkoning Minsk endi Yevropani muhojirlardan himoya qilmoqchi emasligini aytganidan keyin boshlandi. Shundan so‘ng, ommaviy axborot vositalarida xabar berilishicha, belaruslik chegarachilar chegarani noqonuniy kesib o‘tmoqchi bo‘lgan odamlarga jiddiy to‘sqinlik qilmaslik haqida yashirin ko‘rsatma olgan.