Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgach, Kobulda bosqinchilik va o‘g‘irlik holatlari ko‘paydi. Bu haqda mahalliy TOLOnews telekanaliga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: AP Photo

Telekanal tomonidan o‘tkazilgan so‘rov davomida iqtisodiy ahvol yomonlashayotgani fonida ko‘plab afg‘onlar o‘z oilasini boqish uchun jinoyatlarga qo‘l urayotgani ma’lum bo‘lgan.

“Toliblar hokimiyat tepasiga kelishi bilan o‘g‘irliklar soni kamayadi, deb o‘ylagandik, ammo ular hamon davom etmoqda va ko‘lami kengayib boryapti. Bundan tashqari, odamlarning o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holatlar ham kuzatildi va bunga hech kim qarshilik ko‘rsatmadi”, — deydi Kobuldagi tumanlardan birida yashovchi Muhammad Yunus.

TOLOnews’ning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki oy ichida jinoyat darajasi nafaqat poytaxtda, balki Afg‘onistonning boshqa viloyatlarida ham ortib ketgan.

Shu bilan birga, “Tolibon” vakillarining ma’lum qilishicha, ular fuqarolarni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. “So‘nggi 15 kun ichida turli qonunbuzarliklar, jumladan, bosqinchilik va odam o‘g‘irlashda ayblanib, 100 dan ortiq odam hibsga olindi”, — deydi Afg‘oniston IIV matbuot kotibi Said Xosti.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda avgust oyi o‘rtalarida hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” harakati 7-sentabrda mamlakatda muvaqqat hukumat tuzib, uning tarkibini e’lon qildi. BMTning Afg‘onistondagi missiyasi “Tolibon” hukumatidagi 33 nafar a’zolarning aksariyati, xususan, bosh vazir, uning ikki nafar o‘rinbosari va ichki ishlar vaziriga xalqaro sanksiyalar qo‘llanganini qayd etgan.

Avvalroq Afg‘onistondagi turkiy xalqlar yetakchisi, mamlakatda “Tolibon” hukumat tepasiga kelguniga qadar Ashraf G‘ani hukumatida yetakchi rahbarlardan bo‘lgan Abdurashid Do‘stum jahon hamjamiyatini toliblar tomonidan shakllantirilgan hukumatni tan olmaslikka chaqirgan edi.