Barcha birlamchi bozordagi uylarga ipoteka kreditlarini ajratish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilmoqda. Bu haqda asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Boshqaruv yig‘ilishi qarori yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
“Ipoteka bo‘yicha Hukumatning 17-18 foizlik normalari imtiyozli ipoteka doirasiga kiradi va u yerda belgilanganki, agar Markaziy bank qayta moliyalash stavkani oshirsa foizlar oshmaydi, tushadigan bo‘lsa, pasayadi. Bugungi kunda biz qayta moliyalash stavkasini o‘zgartirganimiz yo‘q, bu degani hozircha hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi.
Oldindan aytmoqchi emasman, bu muhokama jarayonida. Joriy yilgi investitsion dasturlar va ipotekani rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank o‘rtasida muhokama qilindi, hozir yakunlanish darajasiga yetgan.
Loyihaga ko‘ra, avval imtiyozli kreditlar ma’lum bir bozordagi uy-joy segmentiga yo‘naltirilgan bo‘lsa, hozir Iqtisodiyot va moliya vazirligi barcha birlamchi bozordagi uylarga kredit ajratadi”, — dedi Markaziy bank raisi.
Mamarizo Nurmuratovning ta’kidlashicha, loyiha amaliyotga tatbiq etilsa, umumiy ipotekani foizi pasayadi. Masalan, hozirgi 25-27 foizlik ipoteka kreditlari o‘z-o‘zidan 21,5-22 foizgacha tushishi mumkin.
Izoh (0)