Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tez orada butun dunyo bo‘ylab qizamiq o‘choqlari paydo bo‘ladi deb hisoblamoqda. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida vaksinatsiya emlash jadvaliga muvofiq amalga oshirilmayotgani keltirilgan. Bu haqda JSST hamda AQSh Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi (CDC) hisobotiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar beradi.
“2020-yilda qizamiqqa chalinganlar soni kamaygan bo‘lsa-da, ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu bo‘rondan oldingi sokinlik, chunki kasallikning butun dunyoda avj olish xavfi davom etmoqda”, — deyiladi hujjatda.
Tashkilotdagilarning ma’lum qilishicha, 2020-yilda koronavirus pandemiyasi sabab 22 milliondan ortiq chaqaloq qizamiqqa qarshi vaksinaning birinchi dozasini olmagan, bu 2019-yilga nisbatan 3 millionga ko‘p demak. Qizamiqqa qarshi emlash bilan bog‘liq bu holat infeksiyaning yangi o‘choqlari uchun xavfli muhit yaratadi.
JSST va CDC’ning baholashicha, 2020-yilda qizamiq ustidan epidemiologik nazorat yomonlashgan. Laboratoriyalarga yuborilgan namunalar soni so‘nggi bir necha yil ichidagi eng past ko‘rsatkichga aylangan. Shu bilan birga, o‘tgan yili 26 ta davlatda qizamiqning katta o‘choqlari qayd etilgan.
Hisobotga ko‘ra, 2020-yilda bolalarning 70 foizigina qizamiqqa qarshi vaksinaning ikkita dozasini olgan, infeksiya tarqalishidan himoya qilish uchun esa emlanganlar ulushi 95 foiz bo‘lishi kerak.
“Davlatlar koronavirusga qarshi vaksinatsiyani tez o‘tkazishi juda muhim. Muntazam immunizatsiya mustahkamlanishi kerak, aks holda biz halokatli kasallikni boshqasiga almashtirish bilan tavakkal qilyapmiz”, — deydi JSSTning Immunizatsiya, vaksina va biologik dori vositalari departamenti direktori Keyt O’Brayen.
Ma’lumot uchun, qizamiq — o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, umumiy intoksikatsiya, yuqori nafas yo‘llari va ko‘z shilliq pardasining yallig‘lanishi hamda badanga qizil, yirik dog‘li toshmalar toshishi bilan kechadi. Qizamiq yer yuzida eng keng tarqalgan infeksiyalardan, unga barcha yoshdagi kishilar, asosan, yosh bolalar beriluvchan bo‘ladi. Kasallik mavsumiy bo‘lib, kuz-qish va bahorda ko‘proq uchraydi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda butun dunyo bo‘ylab qizamiqdan 140 mingga yaqin inson vafot etgan, ularning aksariyati besh yoshgacha bo‘lgan bolalar. Qizamiq rivojlanayotgan davlatlarda bolalar o‘limini yuzaga keltiruvchi asosiy sabablardan biri bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq olimlar koronavirus pandemiyasi birinchi bo‘lib yengib o‘tadigan mamlakatlar nomini ma’lum qilgani, Xitoyda koronavirus tarqalishining yangi o‘sishi qayd etilgani, JSST yangi virus paydo bo‘lishini prognoz qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.