Qozog‘iston hukumati “Tolibon” hukumati uchun raqamli boshqaruvni yo‘lga qo‘yishda yordam berish va afg‘on maktablarini internetga ulashga tayyorligini maʼlum qildi. Bu haqda Ufuq News nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, “Tolibon” Sanoat va savdo vazirligi 26-aprel kuni Turkmaniston va Qozog‘iston rasmiylari bilan Kobulda uchrashuv o‘tkazgan. Unda bir qancha iqtisodiy va madaniy hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Qozog‘iston bosh vazir o‘rinbosari Serik Jumangarin Afg‘oniston hukumatini raqamlashtirishda yordam berishga tayyorligini maʼlum qilgan.
Shuningdek, u Qozog‘iston afg‘on maktablarini internetga ulash va barcha bolalar uchun taʼlim olish imkoniyatini taʼminlashda hamkorlik qilishini bildirgan.
“Tolibon”ning Sanoat va savdo vazirligi uchrashuvda Shimoliy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lash, tranzit va transport xarajatlarini kamaytirish muhokama qilinganini aytgan.
“Biz afg‘on hamkorlarimiz bilan o‘z tajribalarimizni baham ko‘rishga tayyormiz”, — degan Qozog‘iston vakili uchrashuvda.
Izoh (0)