Yevropa Ittifoqi Myanmada hokimiyat tepasiga kelgan yana 10 nafar harbiy xizmatchiga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda Agence France-Presse nashriga tayanib “TASS” xabar berdi.

Foto: Reuters

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Myanmar Economic Corporation konglomerati va Myanmar Economic Holdings Ltd. kompaniyalariga nisbatan ham sanksiyalar joriy qilindi.

Mart oyida Yevroittifoq Myanmadagi harbiy to‘ntarish va repressiyalar uchun javobgar bo‘lgan 11 kishiga qarshi sanksiyalar kiritgan edi.

Ma’lumot uchun, prezident Vin Myin va davlat maslahatchisi (uning lavozimi hukumat rahbariga teng), hukmron “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi yetakchisi Aun San Su Chji noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlardagi firibgarliklarga javoban qo‘lga olingan. Shundan so‘ng Myanmada harbiylar hokimiyatni egallab oldi va bir yilga favqulodda holat e’lon qilingan edi.

Davlat to‘ntarishidan keyin harbiylar Qurolli Kuchlar bosh qo‘mondoni, katta general Min Aung Xlaynni vaqtinchalik prezident etib tayinladi va mamlakat yetakchilari hibsga olingach, hokimiyatni qo‘lga olgan Myanma Qurolli Kuchlari favqulodda holat bekor qilingandan so‘ng yangi saylovlar o‘tkazish rejasini e’lon qildi.

Shundan so‘ng Myanma aholisi 6-fevral kuni Yangon ko‘chalariga chiqib, harbiylar tomonidan hokimiyat egallab olinishiga qarshi chiqdi. Harbiy to‘ntarishdan so‘ng ommaviy norozilik va ish tashlashlar boshlangach, mamlakatda internet deyarli butunlay uzib qo‘yildi.