Amerikaning Oy missiyasini amalga oshirish 2025-yilga qoldirildi. Bu haqda NASA rahbari Bill Nelson jurnalistlarga ma’lum qildi. Missiya doirasida Yerning sun’iy yo‘ldoshi yuzasiga astronavtlarni qo‘ndirish rejalashtirilgan.
NASA astronavtlarni Oyga 2024-yilda olib chiqmoqchi edi, xususan, bu haqda Donald Tramp AQSh prezidentligiga kirishganidan so‘ng ma’lum qilgan.
Endi NASA rahbari “Tramp ma’muriyatining 2024-yilda Oyga odam qo‘ndirish borasidagi maqsadini texnik jihatdan amalga oshirib bo‘lmasligini” tan oldi.
Nafaqat astronavtlarni Oyga olib chiqish, balki dasturning boshqa bosqichlari ham o‘zgarib bormoqda, dedi Nelson. Xususan, ilgari 2021-yilga rejalashtirilgan Yerning sun’iy yo‘ldoshi ustidan ekipajsiz kosmik kema parvozini amalga oshirish 2022-yilning bahoriga ko‘chirildi, Oy atrofida kemani ekipaj bilan parvoz qildirish esa 2023-yildan 2024-yilning bahoriga qoldirildi.
NASA rahbarining aytishicha, Oy missiyasining vaqtini o‘zgartirishga majbur qilgan sabablardan biri Jeff Bezosning Blue Origin va Ilon Maskning SpaceX kompaniyalari ishtirokidagi sud jarayonidir. Bahsga SpaceX qo‘lga kiritgan Oy modulini qurish bo‘yicha shartnoma sabab bo‘lgan. Aprel oyi boshida NASA Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi bilan Oyga qo‘nish qurilmasini ishlab chiqish va qurish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Biroq Blue Origin va tenderning yana bir ishtirokchisi Dynetics bu qarorga qarshi chiqdi. Nelsonning so‘zlariga ko‘ra, sud jarayonlari sabab missiyaga tayyorgarlik uchun sarflash mumkin bo‘lgan qariyb yetti oy yo‘qotildi.
Iyul oyida Jeff Bezos Bill Nelsonga ochiq xat yozib, o‘z kompaniyasining Oy dasturida ishtirok etishi evaziga NASA’ga 2 milliard dollar taklif qilgandi.
Mavzuga doir:
- Jeff Bezosning kosmik kompaniyasi Oyga aniq qo‘nishni amalga oshiruvchi tizimni tekshirish maqsadida raketa uchirdi (video)
- NASA’ning insonlarni Oyga yuborishga mo‘ljallangan o‘ta og‘ir raketasini yig‘ish ishlari yakunlandi (foto)
- AQSh boshchiligidagi 8 ta davlat Oydagi tabiiy resurslarni qazib olish haqida kelishuv imzoladi. Ular orasida Rossiya va Xitoy yo‘q