Bolalarga bag‘ishlangan kitoblar va ularni o‘qitish masalasiga jiddiy qaralgan doim. Lekin negadir kitob xarid qilayotganda o‘zbek tilidagi asar, qo‘llanma, ensiklopediyadan ko‘ra xorijiy tillardagisi afzal ko‘riladi. Buni ko‘pchilik sifat, saviya, mazmun va mavzuga bog‘laydi. Aksar ota-ona o‘zbek tilida nashr etiladigan bolalar kitoblari zamondan ortda qolayotgani, yangilikni chetlab, bir maromda — o‘rtamiyonalik, tussizlik va bolaga zarur bilimni berolmayotganini aytadi. Shu muammo va savollarni jamlab, bugungi bolalar nashrlari holati, sifati va ertangi kelajagi haqida “Akademnashr” asoschisi va direktori Sanjar Nazar bilan suhbatlashdik.
— O‘zbek tilida chop etiladigan bolalar nashrlari xorijiy tillarda bosiladigan kitoblar oldida xaridorini kutib qolib ketadi ko‘pincha. To‘g‘ri, ozmi-ko‘pmi oladigan topiladi. Ammo biz xohlagandek emas. Nega kitob sotib olayotganda o‘zbekchasidan ko‘ra boshqa tildagisini afzal bilamiz?
— Gapni juda uzoqdan, sohadan chetroqdan boshlashga to‘g‘ri keladi. Nega bizdan ko‘ra boshqalar yaxshiroq, degan savolning javobi — chunki ular bizdan ko‘ra ehtiyojni ko‘proq anglab yetishgan, deb ifodalagan bo‘lardim. Chunki bolalar kitobi, ta’limi va tarbiyasiz kelajak yo‘q. Hozir bu gapni aytsangiz, sal telba bo‘lib ko‘rinasiz. Hamma takrorlaydigan gapda. Lekin hamma takrorlaydigan gaplarning bariyam xato yoki siyqasi chiqqan bo‘lavermaydi. Millatni, xalqni tarbiyalash — bolalarni tarbiyalashdan boshlanadi. Balki, boshqa yo‘li yo‘q hamdir. Shakllanib bo‘lgan odamni o‘zgartirish baribir qiyin. Hayoti davomida orttirgan ko‘nikmalari, hayotiy qadriyatlarichi! Boladagi shu ko‘nikmalarni to‘g‘ri shakllantirishga esa hali imkoniyat bor.
Bozorlarimizda paydo bo‘lgan rus, turk va boshqa tillardagi kitoblar ko‘zimizga rang-barang ko‘rinayotgan ekan, demak, o‘sha millatlar bu narsani bizdan oldinroq anglab yetgan.
“Akademnashr” bolalar nashrlari ichiga qanday kirib qolgan degan savol tug‘iladi. Aslida, biz faoliyatimiz va maqsadimizdan kelib chiqib bu yo‘nalishda ish boshlamasligimiz kerak edi. Nashriyotimiz ko‘proq ilmiy-ommabop, ilmga yo‘naltirilgan asarlar, badiiy adabiyotning durdonalarini chop etishni asosiy maqsad qilgan. Lug‘at va ilmiy-ommabop asarlar bilan boshlaganmiz ishimizni. Lekin bolalar nashrlari o‘shanda bozorda bo‘m-bo‘sh bo‘lib ko‘ringan. Noshir sifatida ham o‘zimning qiziqishlarimga mos kelgan.
Uzoq yillar avval (2010-yillar, taxminan) bolalar kitoblarini umuman chop etmasdik. Litsenziya talablari ichida bolalar nashrlari uchun alohida litsenziya olish sharti qo‘yilgandi. Bizda shu ruxsat bor edi. Lekin chop etmasdik. Bir kuni bir ustozimiz — diniy ulamo nashriyotga keldilar. Kitoblarni bir qadar ko‘zdan kechirib, savol berdilar: “Nimaga bolalar nashrlari yo‘q?”. 2–3 ta kitobni ajratib olib: “Bular juda sifatli va yaxshi kitob bo‘libdi. Varaqladim. Matbaa sifatini ko‘rdim. Juda ma’qul. Xuddi shunaqa sifatda bolalarga kitob chiqarishing kerak. Shu ko‘nikmalarni ishlatishing shart. Aksi xiyonatga teng” deganlar. O‘tirib, uzoq suhbatlashganmiz va shunda bu muhim masala ekanini (ungacha ham bilardim-u, bevosita mas’uliyatimni his qilmasdim) tushundim. Ehtiyoj yanayam kuchayib, keyinchalik bolalar jurnaliga ham asos soldik.
O‘zbek bolalar kitoblari bozori, deyarli bo‘sh bugun. Qo‘lga ushlab, kitob deguliklari rostanam kam. Bolalar nashrlari, aslida, eng qimmat nashr hisoblanadi. Chunki bo‘yoq, qog‘oz, rassomning mehnatidan iqtisod qilish — kechirilmas jinoyatga teng. Mening qarashim bo‘yicha shunaqa. Balki, uncha-muncha odam sohaga bosh uravermasligiga sabab shudir.
Bu taraqqiyot yoki bu dolg‘ali dunyoda oyoqda tik turish, hech kimga bukilmaslik, egilmaslik, qo‘l bo‘lmaslik uchun yagona vosita — ziyo, ilm, kitob ekanini oxirigacha tushunib yetmaganimizdandir, ehtimol.
Bolalar nashrlari uchun birorta imtiyoz yo‘q. “Qora tush davrlari”da, vaholanki, bor edi. Bolalar nashrlari soliqlardan butunlay ozod edi. Umuman, boshqa kitoblar ham ma’lum imtiyozlarga ega edi. O‘sha yillari bolalar nashrlari soliq to‘lamasdi. Davlatdan kamida shunday ishoralar kerak.
Tadbirkorlar, noshirlar ham ijtimoiy mas’uliyatini his qilishi kerak. Yelkasiga ijtimoiy yuklama olib, hech bo‘lmaganda, 2–3 ta chiroyli, Frankfurtdagimi yoki Moskvadagi ko‘rgazmaga olib borgulik, “Bu mening kitobim. O‘zimning bolamga ham shuni munosib deb bilaman”, degulik kitoblardan chop etishi kerak. Hozirgi noshirlarimizning qo‘lida shunaqa kitoblar nechtaligini, to‘g‘risi bilmayman.
— Xudoyberdi To‘xtaboyev bir suhbatda: “Muammoga yana bir sabab — ijodkorlarning nashriyot uylari bilan hamkorligi yo‘q” degandilar. Agar hamkorlikka yo‘l topilsa, muammo hal bo‘larmidi yoki moliyaviy tarafga bog‘liqligicha qolarmidi?
— Kuzatishimcha, risoladagi hamkorlikning yo‘qligi moliyaviy tomonga borib taqaladi. Misol uchun, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjonni bezovta qilib, birorta asar buyurtma berib yoki tayyorini olib, shunga yarasha haq to‘lash noshirlarda yo‘q edi. Hozir ham yo‘q. Bu yaqin kelajakda bo‘lishidan umid ham qilmayapman. 1997-yildan beri shu soha ichidaman. Kelgusi bir-ikki yil uchun kutilmalarim juda salbiy. Davlat tomonidan qandaydir choralar ko‘rilmasa... vaziyat qiyinlashaveradi. Xodimlarimizni yo‘qotishni boshladik. Malakali, iste’dodli xodimlarni nashriyotlarda ushlab turolmayapmiz. Sababi, maosh to‘lashda, ularning moddiy talablarini qondirishda muammoga duch kelyapmiz.
Soha to‘lov quvvat past sohalardan biriga aylangan. Bu hamma nashriyotlarga xos hodisa. Qo‘rqmasdan ayta olaman, “Akademnashr” O‘zbekistonda muharrir, sahifalovchi dizayner va rassomlarga eng ko‘p oylik to‘laydigan nashriyotlardan biri. Boshqa yondosh sohalar bilan taqqoslasangiz, karrasiga bizdek oyliklar kam. Shu tufayli, ko‘p yaxshi xodimlarni boy berayapmiz.
Noshir sifatida har bir muharrirga hozirgidan ko‘proq to‘lashni xohlardim. Lekin bu nashriyot faoliyatini 6 oydan keyin to‘xtatishga olib keladi. Negaki umumiy bozor taklif qilayotgan narxdan sizning kitoblaringiz keskin ajralib turmasligi kerak. Hozirgi holatdayam, kuzatsangiz, “Akademnashr” kitoblari boshqalarnikidan sal qimmatroq. Taxminan, o‘n foizlar atrofida. Nimaning hisobiga — biz kam maosh beriladigan muharrir, bezakchi, rassomlarni ishlatamiz. Qaysidir ma’noda, bizga raqobatchi sanalgan nashriyot umuman muharrir ishlatmaydi. Kimnidir yollab, kitobni shunga yarasha mas’uliyat bilan tayyorlab, bozorga olib chiqadi va uniki, tabiiyki, arzonroq bo‘ladi.
Noshirlik sohasidagi litsenziyalash va demokratik o‘zgarishlarni juda katta, ijobiy hissiyotlar bilan qabul qilganman. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda xursandchiligimni bo‘lishganman. O‘zbekiston noshirchiligi ilg‘or mamlakatlar noshirchiligi yo‘lidan yura boshladi, deb. Rostdan shunday, o‘zgarishlar, aslida bor. Lekin o‘tib olish kerak palla, shekilli, noshirchilikda bugun o‘ziga xos xaos kuzatilyapti. Ya’ni xohlagan odam nashriyot ochyapti. To‘g‘ri, minimal talablari bor. Ularni chetlab o‘tish mumkindir. Buyam odamning vijdoni, harom-xarishni farqlay olishiga bog‘liq.
Hozir siz chiqargan kitobni hatto tamg‘angizgacha olib chiqarishadi. Ilgari buni qaroqchilik hisoblab, uyalishardi. Hozir aksincha, sira o‘ylamay bosishaveradi. Janjalli holatlar esa ko‘p kuzatilyapti.
Bundan keyin kitob qimmatroq va ikki yil oldingiga nisbatan sifatsizroq bo‘ladi. Hatto oyoqqa turgan nashriyotlar ham o‘zi xohlagan xodim bilan ishini davom ettira olmaydi. Shunaqa paytda iste’dodli, hurmat qozongan, o‘zini isbotlagan, alohida shaxsligini ko‘rsata bilgan odamga hamkorlik taklif qila olasizmi? Bu o‘yinning yozilmagan qonuni shuki, moliyaviy taklifingizni quvvatlashga majbur bo‘laverasiz.
Iste’dodli yozuvchini bir yil band qilmoqchimisiz, oyiga, aytaylik, 20 million so‘mcha pul ajratishingiz kerak. Bozorda go‘sht qancha bo‘libdi, deb o‘ylamasdan, siqilmasdan, chalg‘imasdan yashashi uchun, bugungi reallik, menimcha shunday. Yilda 240 million so‘m taklif qilinadi shunda. 224 betlik 2000–3000 nusxadagi kitob uchun. Tan narxini chiqarish esa qiyin emas. Narx oshgach, aholining xarid quvvati pasayadi.
Qaysidir ma’noda, davlat bizga imtiyoz bersin, bizni qo‘llasin deyish xunuk holat. O‘zim yoqtirmayman. Shu paytgacha hech bir imtiyozdan foydalanmaganman, bundan keyin ham foydalanmay. Lekin ba’zi o‘rinlarda davlat aralashishi ham kerak. Tom ma’noda mustaqil davlat bo‘lib yashashni istasak, bu birlamchi ehtiyojlardan biri.
Har bir nashriyot faoliyati noshirning jamiyatda o‘zi belgilagan prioritetlariga bog‘liq. Bu borada ham muammolarimiz talay. Kitob bu matoh ekanini, tovar ekani, bozorda pulga almashib, sotilishini haligacha hazm qilolmayman. Ichimda “bu sotilishi kerak emas” degan o‘y ham bo‘ladi. Devonalikdir, ehtimol.
— “Bolalar kitoblari qimmat bo‘lishi kerak”, dedingiz. To‘g‘ri fikr. Qimmat bo‘lishidan tashqari, sifatli bo‘lishi ham muhim. Bolaga ranglar, turli illyustratsiyalar, kitobning holati, varaqlari muhim. Lekin kitob do‘konlarini aylanganda ko‘ngilni xiralashtiradigan holat bor — o‘zbek xalq ertaklari, rivoyat va hikoyalari jamlangan kitoblarda yakranglik, ko‘chirmakashlik, o‘rtamiyonalik balqib turadi. Kitoblarning saviyasi, holati xorij nashrlarinikiga yaqinroq bo‘lishiga qachon yetishimiz mumkin?
— Kitob matn o‘laroq ilm tashiydigan vosita hamdir. Faqat shu bilan cheklanish noto‘g‘ri. Aytaylik, “Ur to‘qmoq”, “Ochil dasturxon”ni kitob holida bersam, bola o‘qiydi, deyish juda kaltabinlik. Kitob ma’lumot va ilm bilan birga estetika ham tashiydi. Bolaning didi kitoblarga ishlangan rasm, bezaklardan shakllanishi mutlaq haqiqat.
Bolaligimda “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” degan kitobning go‘zal nashri qo‘limda bo‘lgan. Dunyoqarashimning qaysidir nuqtalari shakllanishiga ta’sir qilgan. Ba’zi jihatlarni shablon qilib ham olganman. Chiroyli odam, go‘zal ayol degan tushunchaning bola tasavvurida chegaralari bo‘lmaydi. Lekin menda shular bo‘lgan.
Dunyodagi eng sifatli va chiroyli kitoblar, qarasangiz, bolalarniki bo‘ladi. “Akademnashr” o‘laroq bunga harakat qilamiz. Eslasangiz, “Yod olamiz, shodlanamiz” seriyali kitoblarni chiqarganmiz. “7B” degan muqovaning to‘rtinchi muqova degan turi bor. Yozuvchilar uyushmasida taqdimoti o‘tdi. Besh nafar eng yaxshi mualliflar asari jamlangan, butun boshli qo‘shsahifada 4, 8 qator she’rlardan iborat kitoblar. Loyihadan maqsad — bolaning qalbini kitob bilan rom etish edi. Bola adabiyotni sevsin, so‘zni his qilsin, deganmiz. Tanlangan she’rlar juda sodda, oson edi. O‘sha kitoblarni hadya qilgan xonadon bolalari oldimga chiqib yodlaganlarini aytib berishardi. She’r yodlash bolaning nutqi shakllanishiga keskin yordam beradi.
Xullas, uyushmaning o‘sha paytdagi rahbari Muhammad Ali: “Mana, bular qanday tadbirkor bolalar. Kitobni ko‘ring. Kitob bozoriga kirib, endi rosa sotishadi”, degan. Shunda men “Mubolag‘a qildingiz. Rahmat, lutf uchun. Lekin tijoriy loyiha o‘laroq muvaffaqiyatsiz bo‘lishi aniq” degandim. Rostdan, uch mingta chiqqan besh kitobni, taxminan, 3 yil sotdik.
Yaqinda Telegram’dagi guruhda ovozli suhbat bo‘ldi. O‘sha joyda “O‘zbekistonda eng yaxshi kitob savdosi bolalar nashrlariniki”, degandim. Ya’ni bolalar kitobi qolib ketishi mumkin emas. Nima kitob chiqarsangiz ham sotiladi. O‘zimcha buning ikkita sababini topgandekman. Birinchisi, bozor juda och — hech narsa yo‘q. Hech vaqo yo‘qligidan borini ko‘tarib ketaverasiz. Ikkinchisi, bizning fitratimizda ilm — bu xalos bo‘lish yo‘li ekanini anglash bor. Genetik, tarixiy xotira, ota-bobolar yo‘li o‘laroq saqlanib qolgan. O‘zimizga juda zarur bo‘lsa kitob sotib olmasmiz, lekin bolamizga albatta olib beramiz. Bolam o‘qimishli bo‘lsin, mendan ko‘ra yaxshiroq yashasin deb.
— Yirik savdo tarmoqlaridan biri navbati bilan 2 ta kitob tayyorladi. Juda chiroyli, bezaklari o‘rnida, lekin siz aytgandek, narxi sal qimmatroq. To‘g‘ri, ko‘p masala iqtisodga — cho‘ntakka bog‘liq. Savol tug‘iladi-da, shu yerda davlatdan ko‘mak kutish kerakmi yoki xususiy tashabbus muhimroqmi?
— Har ikkisi ham kerak, deb o‘ylayman. Bugun davlatning ko‘magisiz mutlaqo imkonsiz. Bolalar nashrlariga solingan soliq va moddiy manfaatlarni olib tashlanishini xohlardim. Bolalar kitoblari davlatga kiritilayotgan sarmoya.
“Korzinka.uz” loyihasidan juda xursandman. Aslida, xalos bo‘lishning bitta yo‘li shu. Qaniydi, hamma tadbirkorlarimiz Zafar aka Hoshimovga o‘xshab kitob chiqarishsa... Qanaqadir aksiya, narxidan qat’i nazar ular juda sifatli kitob tayyorlashdi. Faqat doim bir savol tug‘iladi: nega Zafar aka bizga buyurtma bermasdan, chet elda chiqarib keldilar u kitobni? O‘zbekistonda bunday sifat, tajriba yo‘q deb o‘ylasalar kerak. Lekin biz qilib berolardik. Ikkita kitobniyam oldim, ko‘rdim. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan joylari bor. Biz o‘sha tomoni ham qilib berolardik va “Korzinka.uz”ning buyurtmasidan uchinchi kitobimizni chiqargan bo‘lardik, balki. “Mushuklar malikasi Minush” kitobimizga o‘xshatib boshqa bittasini nashr etarmidik...
Ulargayam ancha arzonga tushardi. Milliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardilar va hokazo. Hozir gapiryapmanu, istihola bor. Birovning mehnati, cho‘ntagidagi puliga aralashishga umuman haqqimiz yo‘q. Hozirgi harakatning o‘ziga tasanno deymiz. Mabodo, keyingi safar qilmoqchi bo‘lsalar, qo‘shimcha ma’lumot sifatida aytay, o‘sha kitoblardek sifatda o‘zimizda ham qilish mumkin.
Balki, biz ko‘rmayotgan, sezmagan tomonlari bo‘lgandir. Balki ,Ukrainada kitob chop etish osondir, boshqa jihatlari bordir. Ishlash qulay bo‘lgandir. U tomonlarini bilmaymiz.
Jamiyatning yetilib kelishi muhim. “Jajji akademik” jurnalining yopilishida shuni asos qilib ko‘rsatgandik. Odamlarni ilm xaloskorligiga ishontirolmagandik. Qanotimiz, quvvatimiz, neftimiz deysizmi, hammasiga ilm sababchiligiga atrofdagilarni ishontirolmadik.
Hozir davlatdan nimadir kutgandek, tamagirlik qilgandek bo‘lyapmiz. O‘zi aslida unday emas. O‘zimni haligacha tadbirkor, nashriyotni tadbirkorlik manbasi deb qabul qilolmayman. Nashriyot — tadbirkorlik, ilm, san’at kesishgan nuqtada yashaydigan soha.
Yaqinda sitrus mevalardan qo‘shimcha qiymat solig‘i olib tashlandi. Sitrus yemasa, odam aslida o‘lib qolmaydi, kitobsiz o‘ladi, ma’nan, aqlan o‘ladi. O‘sha mevaga pul topolmay o‘tib ketadi bir umr. Nega shuni anglash shunchalik qiyin. Tushunolmayman.
Qo‘shimcha soliq xaridorning yelkasiga yuk bo‘lib tushadi doim. Yukni sezdimi, qutulish payiga tushadi. Imtiyoz berish kerak. Imtiyozga yarasha mas’uliyat ham. Masalan, daromadi 1 milliard so‘mdan oshgan nashriyotlar uchun ijtimoiy yuklamalar bo‘lsin. Orzu qilaman, o‘z sohasining yetakchilari bor-a, shularning asarlarini jamlab, tarjima qildirib yoki eng yaxshi darsliklarni yig‘ib (mana, Qozog‘iston shu loyihani boshlagan. Dunyodagi 100 ta yetakchi darsliklarini tarjima qildirishdi. Ikki yil oldingi gap. 100 ta ilmiy adabiyotning tarjimasi qozoq tilini bitta pog‘onaga ko‘tardi. Chunki atamalar ustida ishlandi), eng kuchli mutaxassislarga kitob yaratish imkoni berilsa, tasavvur qilyapsizmi! Davrning eng oldi kitoblari yaratilsa, mualliflarini pulsiz shu ishga qo‘l urishlariga ishonaman. Ma’naviy rag‘batning o‘zi kifoya ularga. Shu narsani yozishga tayyor olimlar borligini bilaman. Ularning butun faoliyati jonbozlik, o‘zni fido qilish bilan vobasta.
Xuddi shunaqa vaziyatda 50 ta yangi darslik yaratildi, deylik. O‘zbekistonda 10 ta, yillik daromadi bir milliard so‘mdan oshgan nashriyotni tanlab olishsin. Mas’ul tashkilot vakili chaqirib: “Sanjar, mana, 1 yillik daromading bir milliard so‘mdan oshibdi. Shu davlat, xalq uchun 10 foizga teng bitta kitob chiqarishni xohlarmiding?” deb so‘rasin. Boshqalar uchun hech narsa deyolmayman. O‘zim xursand bo‘lib, jon deb chop etib berardim.
Bilasizmi, oxirgi davrlarning fojiasi nimada? Buning atrofida shov-shuv ko‘tarish mumkinmi-yo‘qmi deb o‘ylaymiz avval. Agar shov-shuv ko‘tarish kerak bo‘lmasa, yadro fizikasidan, butun dunyo tan oladigan qo‘llanmani nashr etishdan hech kim manfaatdor emas. Shov-shuv uchun, aytaylik, devorni qanday bo‘yash, oqlash haqidagi rangli, bezakli qo‘llanmaga 50 milliard so‘m pul ajratiladi, taqdimotlari qilinadi, mualliflari tadbirma-tadbir olib yuriladi. Shunday davrda yashayapmiz. O‘tib ketadi bularam. Afsuski, bu faqat mashaqqat, jonbozlik, qurbonlikdan iborat.
O‘zbek tili grammatikasi qoidalarini tushuntirib berish shov-shuvga asos bo‘lolmaydi. 90 foiz aholi uchun bu mavzu umuman yot. Qiziqmaydi, qaramaydiyam. “Falonchi zo‘r ekan-a, qara, shunday kitob chiqaribdi!” demaydi. Qolgan 10 foiz ichida ham tushunib, anglab yetadigan kam. Kel, yaxshisi, shouga pul tikaman, deydi. Katta tanlovni o‘tkazib, mukofotiga mashina berish kerakli qadam. Tahsinga sazovor. Lekin bundan o‘n, yuz baravar kuch kitobning o‘ziga, ijodkorlikka, kitob yaratuvchilariga tikilishi kerak.
Imitatsiya degan holat bor. Xo‘jako‘rsinlik deyish mumkin. Masalan, oilada er-xotin o‘rtasida muammo tug‘ildi. Ular buni xaspo‘shlashni boshlashdi. Go‘yoki muammo yo‘qdek yashashda davom etishdi. Muammo chuqurlashdi, kuchaydi va bir kun yorilganda, yuzaga qalqib chiqqanda oilani yo‘q qilib yubordi. Ular baxtni, hammasi me’yorida ekanini imitatsiya qilmoqchi bo‘lishdi. Endi har qanday sohada imitatsiya yomon.
Biz “kitobxon-kitobxon o‘yini”ni o‘ynashimiz, jamiyat kitobxon bo‘lib ketdi deb maktablarga kitoblar sovg‘a qilishimiz — bu kitobxonlik imitatsiyasi. Bundan keyin haqiqiy fojialar ko‘rinmay qoladi. Kun kelib patos boylab yorilganda, haqiqiy fojiani ko‘ramiz va kech bo‘lish ehtimoli yuqori.
Maktablarga kitob sovg‘a qilish bir yili urf bo‘ldi. Bilsangiz, rahbarlar kelib: “50 ta kitob berasan. Bog‘lab ber” deyishgan. Maktabga olib borib, stolga qo‘yib: “Mana, maktabimizga 50 ta kitob!” deb tadbirlar uyushtirishgan. Chiqib ketayotganda haydovchisiga: “Anavini olib, unisiga berib kel” degan. Qaytarib yana kitob do‘koniga keltirishgan. Bunday holatlar ko‘p uchragan. Tanishlarim hazillashib: “Omboringlarda umuman kitob qolmagandir-a?!” deyishardi.
Maktab kutubxonalarini ko‘rsangiz haliyam ahvol abgor. Bo‘m-bo‘sh. Bizga hashamatli, oq marmardan tiklangan kutubxonalar kerak emas, deb o‘ylayman. 2–3 tasi bor, yetadi. Nafsimizni qondirishga, “hech kimdan kam emas”ligimiz, boshqalarga ko‘rsatishga marmardan qurilganlarini ko‘zko‘zlashga shunisi kifoya. Kamtarroq va xalqchil bo‘lishi kerak, aslida. Shunaqa bino bo‘lsinki, qorovulsiz, nazoratchisiz. O‘z uyingizdagidek o‘tirib, bemalol kitob o‘qiy oling. Yoki odamlar zerikkanda sekin chiqib, kutubxonaga boradigan muhitni yaratishimiz kerak.
Bu qanchalik haqiqat, bilmayman, bundan 3–4 yil oldin eshitgan gapim, Toshkent shahar hokimi: “Mening eng katta qilgan ishlarimdan biri — odamlarni ko‘chaga olib chiqa oldim”, degan ekan. Shuni birovdan eshitganimdan keyin e’tibor bersam, rostdan, shahar ko‘chalariga odamlar ishdan keyin dam olishga chiqa boshlagan. 2012-yilgacha bu holat yo‘q edi. Hamma uyida o‘tirardi. Pandemiyagacha Sayilgoh ko‘chasi doim gavjum bo‘ldi. Bu ijobiy holat. Shahar yashay boshladi. Xuddi shuni kutubxonalar misolida ham qilish mumkin. Aniq shakl, formulalarini bilmayman, lekin qilish mumkin.
Biz kim bo‘lib ko‘rinayotganimiz emas, kim bo‘lishimiz muhim, aslida. Bu eng jo‘n haqiqat. Haqiqatning jo‘nligi uni hammayam anglab yetishini bildiravermaydi-da.
O‘zim misolimda aytay, balki, bo‘lg‘usi olim, ijodkor kelajagini to‘lasincha nashriyotga tikkandirman. Balki, “Akademnashr” ochilmaganda kimdir bo‘lishim mumkin edi. Butun quvvatim shu nashriyotga ketgan. Qizg‘anaman, bu o‘ta muhim, bo‘rtgan holda ko‘rinar menga. Aslida, muhim ham emasdir. Kartoshka arzonligi kitob arzon bo‘lishidan muhimroqdir. Bunisini bilmayman. To‘g‘risi, tanlov non bilan kitob orasida bo‘lmasligi kerak, deb hisoblayman. Odamning qorni to‘q bo‘lishi, birlamchi ehtiyojlari qongan bo‘lishi kerak. Lekin avokadomi yoki nomini talaffuz qilishim qiyin sitrus meva bilan kitob orasida tanlov ketsa, buni absurd vaziyat deb bilaman.
— Bolalar nashrlari deganda davriy nashrlar ham tushuniladi. Gazeta-jurnallar farzandlarning dunyoqarashi, didi shakllanishida sezilarli rol o‘ynaydi. Sakkiz yil oldin faoliyatini boshlagan “Jajji akademik” jurnali men uchun ham yangilik bo‘lgandi. Lekin bugun jurnal faoliyati to‘xtadi, boshqa sonlarini qo‘lga ololmaymiz. Shu nashr ham kitob barobarida ma’naviy ehtiyojimizni qondirib turgandida.
— Mustaqil O‘zbekistonning ilk yillari, tarixning eng og‘ir paytlari g‘oya tug‘ilib ochilgandi jurnal. Keyin bir qator sabablar bilan yopildi. Faqat iqtisodiy sabab emas. “Akademnashr” ko‘radigan foydaning bir badali deb his qilganman buni. Pul sarflaganda quvonib sarflardik. Kam chiqardi, lekin juda ko‘p pul xarjlardik. Mehnat va mehrimizni ham ko‘p berardik. Realizatsiyasini kam qilardik. Butun O‘zbekistonda o‘n mingta maktab bo‘lsa, jurnal ham 10 ming adadda chiqqanda, o‘zini oqlardi, degan qarashim bor. Aslida, har bir maktab 5 tadan olsayam, 50 ming nusxada bosilardi.
Balki, bir qatim nur bo‘lib qorong‘i hayotni yoritar degan umid bilan ish boshlangandi. Afsuski, odamlarning o‘zida ehtiyoj borligini his qilmadim. To‘g‘ri, mutaxassislarning e’tirofi, maqtovini eshitdik. Yopilganda ham ziyolilar, soha mutaxassislari achinishdi. Biroq mas’ul idorami yoki hukumat vakillari kelib: “Nega bu jurnal yopildi? Yopilmasligi ham mumkinmidi?” deb qiziqib ham ko‘rmadi hatto. Jurnal qaysidir shaklda faoliyatini davom ettiradi, nasib bo‘lsa.
— “Akademnashr” kitoblarga illyustratsiya qo‘llash bobida ham tajriba maktabi, ham peshqadamlar orasida bugun. Shunday emasmi?
— Illyustratsiya — bolalar kitobining tarkibiy qismi. Kitob bezaklariga oldinlari talablarim bor edi: milliy, sharqona va musulmonga xos bo‘lsin deb. Ajdarlarga do‘ppi kiydirganmiz, salla o‘ratganmiz bir paytlar. Qahramon qiyofasidan ezgulik ufurib tursin derdim qat’iy. O‘sha paytda buni bolalar uchun juda muhim deb sanardim. Bolaga ijobiy tasavvurlar berish, dunyoni yorqin va yaxshi ranglarda ko‘rsatish kerak deb o‘ylardim. Kitoblarni kuzatish asnosi (ochig‘ini aytay, meni hayratlantiradigan, ta’sirlantiradigan noshirlik maktabi — bu Germaniyaniki) nemis noshirligida o‘ziga xos suratlar bilan bezatish yuqoriroq turarkan. Sababini tushunib yetdim. Hamma qahramonlarning ijobiy bo‘lishi — bu o‘rtacha did, o‘rtacha dunyoqarashni tarbiyalash uchun muhim. Lekin mutanosiblik buzilgan qahramonlarni qabul qilish uchun shaxs bo‘lishingiz kerak. Individualligingizni to‘yintiradi bular. Bolalarimizni shaxs qilib tarbiyalashga ko‘proq ehtiyojmandmiz.
— Suhbatni bolalar nashrlaridan boshladik. Keling, endi kitobxonlik masalasi bilan tugatsak. O‘qimay qo‘ydik, degandan keyin alohida tanlov o‘ylab topdik. Bolalarga ulov va’da qilib, kitob o‘qittiryapmiz. Mayli, bu ham o‘zini oqlar qaysidir nuqtada. Lekin chinakam kitobxonlik hech bir tamasiz, manfaatlarni qorishtirmagan holda bo‘lgani yaxshi. Biz qachon haqiqiy kitobxon avlodni ko‘rishimiz yoki tarbiyalashimiz mumkin?
— Bolaga kitobni bir marta o‘qitib ko‘rish kerak, deb hisoblayman. Hozir Koreyada yashaydigan Dinara Mo‘minova bilan “3+ kitoblar” ustida ishlayapmiz. 3 yashar bola ota-onasi bilan o‘qiydigan asarlarni jamlayapmiz. Bundan maqsad, bola o‘qish lazzatini his etsin. Bo‘ldi, keyin o‘zi ergashib ketaveradi. Bu xuddi qahva ichilgandagi hisga o‘xshaydi. Birinchi ichganda achchiq ta’mni tuyasiz, keyin mazasi, shirasi chiqadi. Kitob ham xuddi shunday, deb bilaman.
Rang-barang ma’lumotlar bilan kitobning o‘rnini bosib bo‘lmaydi. Bugungi texnologik dunyo nimani tavsiya etayotgan bo‘lsa, kitob orqali buning ming chandon nusxasi miyangizda aylanadi. Bizda odamni his qilish, tushunish kamyob hodisa. Buni tarbiyalaydigan vosita — kitob.
Bolang qanday bo‘lishini xohlasang, o‘zingni o‘sha suratda yashab ko‘rsat. Oxirgi paytlar ko‘p takrorlandi: “Bolangizni tarbiyalashga urinmang. U baribir sizga o‘xshaydi” degan gaplar. Bir kuni ukam telefon qildi. Ishdan charchab kelsam ham, oldimga kitob ochib, mudrayman. Meni ko‘rib bolalarim ham kitobga yopishadi, deydi.
Taxminimcha, 10 ta kitob o‘qigan odam o‘n birinchisini ham o‘qiydi. To‘xtash kerak bo‘lganda, kitobxonlik eng avval G‘arbda to‘xtagan bo‘lardi. Kino, musiqa va boshqalarga o‘tib ketilardi. Aksincha-ku!
Izoh (0)