O‘zbekistonda ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi 1991-yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kungacha hududlarda uning 68 ta bo‘limlari tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida assotsiatsiya tomonidan mahalliy va xalqaro institutlar bilan hamkorlikda xotin-qizlar uchun 100 ga yaqin loyihalar amalga oshirildi. Natijada 50 ming nafardan ortiq xotin-qizlar tadbirkorlik malakasiga ega bo‘lib, ularning 80 foizi ish bilan band bo‘ldi. 45 ming nafar ayol biznes yuritish asoslari va metodikasiga o‘rgatilib, o‘z biznesini tashkil eta oldi. Minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Joriy yilda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi 30 yoshga to‘ldi. Yubiley munosabati bilan O‘zbekistonda xalqaro ayollar tadbirkorligi haftaligi tashkil qilinadi. Haftalik “Ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga muvaffaqiyatli yondashuvlar: O‘zbekiston va jahon hamjamiyati tajribasi” mavzusida bo‘lib o‘tadi.
Haftalikda ayollarning huquqiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda ishbilarmon doiralar va biznes hamjamiyatining o‘rni, gender tengligi, kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rni hamda tadbirkor ayollarning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish masalalari muhokama etiladi.
- Mamlakatimiz ayollari iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish;
- Tadbirkor ayollar, davlat idoralari va boshqa jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlarini muhokama qilish;
- Investisiyalar jalb qilish, yaqin va uzoq xorij ishbilarmonlari bilan manfaatli savdo aloqalarini o‘rnatishda tadbirkor ayollarga ko‘maklashish;
- Mamlakatning savdo-iqtisodiy, turistik imkoniyatlarini targ‘ibot qilish o‘tkazilajak haftalikning asosiy maqsadlari hisoblanadi.
Haftalikda mamlakatimiz ishbilarmon ayollari bilan bir qatorda davlat va nodavlat tashkilotlari, xorijiy tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari rahbarlari, qator mamlakat elchilari, xorijiy biznes ekspertlar, O‘zbekiston, Ukraina, Isroil davlatlari tadbirkorlik uyushmalari, ilmiy tadqiqot, xalqaro, moliya institutlari, sug‘urta muassasalari va OAVlari ishtirok etishadi.
Shuningdek, mamlakatimiz barcha viloyatlarida tadbirkor ayollar ishtirokida uchrashuvlar, davlat va jamoatchilik tashkilotlari bilan davra suhbatlari, mahorat darslari, savdo ko‘rgazma yarmarkalarini o‘tkazish reja qilingan.
Haftalik doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish, ular uchun optimal biznes muhitini yaratish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Haftalik tavsiyalari tegishli davlat, vazirliklar, boshqarmalar, mahalliy hokimiyat organlari, tadbirkorlik uyushmalariga taqdim etiladi.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)