Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti bo‘yicha bitim loyihasini kelishib oldi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkentda Pensiya jamg‘armasi rahbariyati va Qirg‘iziston Ijtimoiy jamg‘arma vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Qirg‘iziston pensiya ta’minoti tizimi, asosiy vazifa va maqsadlari, amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi bitim hamda uni amalga oshirish bo‘yicha ma’muriy kelishuv loyihalari muhokama qilinib, vazifalar belgilab olindi.
Qirg‘iziston ijtimoiy jamg‘armasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bitim quyidagilarni nazarda tutadi:
- pensiyalarni tayinlash uchun sug‘urta stajini jamlash;
- pensiyalarni yetkazib berish xarajatlarini ushlab qolmasdan, yashash mamlakatidan qat’i nazar, fuqarolarga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lash;
- ikki tomonlama ajratmalardan qochish maqsadida xizmat safariga yuborish va muddatlarni uzaytirish bo‘yicha me’yorlar.
Bitimning asosiy maqsadi Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarining sug‘urta va davlat pensiyalarini olishda teng huquqlarini ta’minlash, shuningdek, sug‘urta badallarini ikki marta to‘lashni istisno qilishdan iborat.
Izoh (0)