Tashkent City hududida tashkil etiladigan Hilton Auto Expo ko‘rgazmasi doirasida 4-noyabr kuni bog‘ga Airbus H-125 vertolyoti kelib qo‘ndi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazmaning ochilish marosimi 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi va 15 kun davomida sayilgoh hududi noyob avtomobillar uchun maydonga aylanadi.
Tadbirda yirik avtosalonlar, xususiy to‘plamlarda saqlanayotgan noyob avtomobillar, avtomobil ishlab chiqaruvchilar va tyuning studiyalari, avtomobil uchun mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va sohaning ko‘plab vakillari ishtirok etadi. Hududda yigirmaga yaqin ko‘rgazma maydonlari tashkil etiladi. Shuningdek, kirish bepul bo‘lgan ushbu ko‘rgazmada bayram konsertlari va shou dasturlari bo‘lib o‘tadi.
Ko‘rgazma doirasida kelib qo‘ngan Airbus H-125 vertolyotining taqdimoti 31-iyul kuni bo‘lib o‘tgan edi. Shu kuni ushbu vertolyotda Toshkent—Beldirsoy—Amirsoy—Chimyon yo‘nalishida maxsus tanishuv parvozi amalga oshirildi.
15-avgust kuni Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tomonidan Toshkent harbiy okrugi “Chirchiq” poligonida tashkil etilgan aviashouda ham ushbu vertolyot imkoniyatlari namoyish etilgandi.
Izoh (0)