1989-yilning 21-oktabrida O‘zbekistonda mamlakat mustaqilligi ramzlaridan biri — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. 2020-yildan boshlab bu sana O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanmoqda. “Daryo” ushbu sana munosabati bilan oktabrni “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qiladi va oy davomida har kuni til masalasida turli yillarda qilingan va hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan chiqishlar, nutqlar, maqolalarni qayta chop etadi.
Tilda machchoyi sayil
Til — shunchaki gapirish yoki yozish emas, til — odamning tiynati, dil oynasi, madaniyati. Odam olgan jami tarbiyalarning hosilasi. Ataylab shevada yozish, farqi yo‘q, kinofilmda aktyorlarni gapirtiramizmi yoki televizorda o‘zimiz mahalliy vatanparvarlik qilamizmi, bu bilan ma’naviy cheklanganimizni, ma’nan qashshoqligimizni ko‘z-ko‘z qilamiz. O‘ylamaylikki, shu bilan tilimga tabiiylik beraman, hammahallalarimizga yaqinroq bo‘laman deb. Aksincha. Adabiy tilni buzishga jinoiy modda qo‘yilmagan, chunki bunga jazo millatning javobgar a’zosi sifatida har bir odamning o‘zi bilan.Hozirgi adabiy tilimiz ne-ne asrlar davomida qancha minglab ijodkorlarning tinimsiz mehnati hosilasi ekanini bir o‘ylab ko‘raylik. Til tarixini gapirganda O‘rxun-Onasoy yodgorliklaridan boshlaymiz, “budun”, “ulus”, “qoon”, “ochun”ni hali ham bilishimizdan faxr qilamiz. “Devonu lug‘atit turk”ni yaratib bergani uchun Mahmud Koshg‘ariyni til piridek xotirlaymiz. “Qutadg‘u bilig” yaratilganmi, binobarin, unga zamin — til va uni kitobga muhrlab asrash zarurati bo‘lgan. Agar tilni qo‘riqlash, uning obro‘sini joyiga qo‘yish, yangi martabalarga ko‘tarish ehtiyoji bo‘lmaganda, vaziri a’zamning mingta, she’riyatining yuz mingta ishidan vaqt ajratib, fors-u arabiy tillarni suv qilib ichgan hazrat Navoiy bobomiz turkiy til sha’n-shavkati borasida “Muhokamatul-lug‘atayn”ni yozmagan bo‘lur edilar. Kerak ekan ona tilini qo‘riqlash, bosqinlardan himoyalash va o‘stirish, shu fidoyiliklar qilingan.
Bugungi kunda biz nima qilyapmiz? Mustaqillik dedik, tilimizni mustaqil davlat tili qilish uchun kurashdik, shu maqomga ko‘tarib oldik va… endi o‘zimizniki, nima qilsak ixtiyorimiz deb, uni ham o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘ydik. Endi erkinlik bo‘ldi deb, tilimizning ming yillardan beri shakllangan qoida-tartiblaridan ham o‘zimizni erkin qilib oldik.
Bizni — tarqoq qavmlarning boshini birlashtirib birbutun turkiy millat qilgan, ma’naviy tiynatimizni yaratib qo‘ygan tilimizga nafaqat g‘amxo‘r, balki unga butkul beoqibat bo‘lib qoldik. Demokratiya zamoni deb, uni o‘gaylab va hatto o‘z holiga ham emas, o‘zga tillar qo‘liga tashlab qo‘yganmiz. Chet tillar esa muloyim bosqinchi. Xalqi nechog‘li yaxshi, xalqlarimiz orasidagi munosabat nechog‘li samimiy bo‘lmasin, darvoza ochiq turgandan keyin so‘ramay ostona hatlab, to‘rdan joy olaveradi, hozirlarni o‘tirgan o‘rnidan surib chiqaraveradi. Darvozani esa o‘ylab-o‘ylamay o‘zimiz ochiq qoldirganmiz.
Til ekologiyasi tabiat ekologiyasiga o‘xshaydi. Maynaning mamlakatimiz qushlari to‘piga qanday g‘orat solgani va solayotganini bilasiz: qoramolda bo‘ladigan bo‘ka (so‘na, o‘qaloq, qataloq) qurtini cho‘qilab terib yer ekan deb olib kelingan bu ochofat, yemishi qolib, boshqa parrandalarning, kattalarining tuxumi, maydalarining polaponigacha qirishga tushdi, ilgari shahar-qishloqlarda chug‘urlab turadigan sayron qushlarimizning bir-da yarimini ovloq chet-choplarda jon saqlab qolganini aytmasak, ularni mutlaq ko‘rmay ketdik. Mayna — o‘z makonida o‘z o‘rnida bo‘lgan, lekin kushandasi yo‘q yurtimizga kelib qushlar dunyosi, nabototdagi ekologiya muvozanatiga raxna soldi. Darvoqe, tabiatning bu fojiasi bizga fojia ham tuyulmaydi, hamma yoqni qora qarg‘a bosib, faqat musicha bilan chumchuq bechora qolganiga ham beparvomiz. He, mayda gaplar bu, deb qaraymiz.
Tilimizni o‘zimiz sekin-asta, ammo tubdan buzib borayotganimizga yana bir o‘xshatma misol: shahrimizga, shaharlarimizga bir razm soling, qanchalar o‘zgarib ketdi, ko‘chalar bo‘yi, istirohat bog‘lari, xiyobonlarda o‘zimizning tol-u teraklarni ko‘rmaysiz, to‘kilib, “antisanitariya holatini yuzaga keltiradi” deb, mevali og‘ochlarni jamoat joylariga ekmaymiz, ular faqat odamlarning bog‘lariga qamalgan: olmazor, o‘rikzor mahallalar barmoq bilan sanarli qolgan. Hammayoqni Ovrupo daraxtlari egallagan. Mayli, ko‘rk, manzara uchun o‘stirilayotgan begona og‘ochlarning o‘zida ayb yo‘q, urug‘i uchib kelmagan, ba’zilarini olib kelamiz, aksarini ko‘chatdan ko‘paytiramiz. Buni o‘zimiz qilamiz va, albatta, kerakligi uchun. Shaharga, uning ko‘cha-yu xiyobonlariga zamonaviy ko‘rk berish kerak-ku. Lekin mehmon og‘ochlar mezbon og‘ochlarni o‘z makonidan siqib chiqarayotganligi bor gap.
Mayli, buning vahima joyi yo‘qdir (balki zarari juda kattadir — tabiatshunoslar biladi), tilimizdagi bunaqa o‘zgarish, tub so‘zlarimiz bo‘la turib, ularning o‘rniga chet atamalarni iste’molga kiritib olganimiz — ma’naviy fojia, fikrli har bir odam, afkor omma kech bo‘lsa-da hech o‘ylab ko‘radigan yo‘qotishlar.
Ha, bir misol qolib ketmasin: akatsiyani bilasiz-a, lug‘atda o‘zbekcha istilohi yo‘q, “akas” deb ruschadan o‘zbekcha talaffuzga moslab olingan, xolos: qaysi o‘lkadan keltirilgan bo‘lsa, lekin juda beor daraxt, odamga ergashib qishloqlargacha kirib borgan (ergashib deganim, ko‘chatini odamlar olib borgan-da), tomorqalargacha bosgan. Kesish juda qiyin, bolta o‘tmaydi, yog‘ochi burong‘i-bilang, faqat tomga bolorga yaraydi, kessangiz battar bo‘ladi — tomiridan bolalab ketadi.
O‘zga atamalar bosqini ham shunday: muloqot maydonini egallab olyapti, bolalab ketyapti, o‘z so‘zlarimiz, atamalarimiz, istilohlarimizni haqsiz quloq kabi haydab chiqaryapti va bu jarayon necha-necha yillardan avjga minib kelyapti.
Til haqida gapirgandan keyin misolni maydadan — so‘zlardan olamiz-da. Lekin bu maydagaplik emas, tubi juda keng, chuqur gum muammo.
Yana daraxtlar misolida aytsak, “dub”, “sosna”, “lipa” deymiz, xuddi o‘zimizning “eman”,”qarag‘ay”, “jo‘ka” istilohlarimizga kuydirgi chiqqandek. Bu ham mayli, e’tiborsizlik, yo qulayi ko‘zlanadi, deylik, lekin bizga til o‘rgatishi lozim bo‘lgan “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da (1983-yil) “dub”ni “dub”, “dubravnik”ni “dubzor”, “dubrava”ni “dubzor o‘rmon” deb birinchi qo‘yib (“eman”, “emanzor”, “emanzor o‘rmon”, ha, arzimaydi degandek, muqobil sifatida oxirga qo‘yilgan), “dubravniy” faqat “dubzor o‘rmonga oid” deb o‘girilgan. “Lipa”, ma’qul, “jo‘ka” tarjimasi yozilgan, lekin ruscha aytish esdan chiqib qolmasin tag‘in deb, qavsda kiritib qo‘yilgan: “lipa — jo‘ka (lipa) daraxti”. Shu lug‘atning bir joyida “eman”ga muqobil qistirilgan “bolut” istilohini esa tamoman unutib yuborganmiz.
“Beryoza taxta” deymiz, go‘yo “qayin”ni bilmaydigandek, “qayin taxta” demaymiz, go‘yo Rossiya taxtani atamasisiz bermaydi. “Липовий мёд” ham shunday, o‘rischa oti bilan aytmasak, go‘yo toti o‘sha yoqda qolib ketadi, kelmaydi.
Yana tabiatdan misol: kim yo kimlardir Ovrupoga, jumladan, Buyuk Britaniyaga Amerikadan kulrang olmaxon keltirgan, balki uyida ermakka qafasda saqlash uchundir, bu yoqimtoy jonivor erkinlikka chiqib, urchib, hozir o‘rmon-u xiyobonlarni istilo qilgan va Ovruponing o‘z malla olmaxonini beshafqat haydab chiqarib, makonini o‘ziniki qilib olgan. Endi kulrangini kamaytirib, mallasini tiklash katta boshog‘riq.
Chetdan kirib kelgan atamalar “akas” kabi beor, ilang-bilang, bolta o‘tmaydi va qayishqoq, tilimizga, xususan, avom tiliga bir kirgandan keyin, o‘zi qurimasa, chiqarib bo‘lmaydi. Kulrang olmaxon kabi muhitga moslashib, mahalliylarining joyini tortib oladi.
Bozordagi baliq rastasiga kiring “som”, “sazan”, “tolstolob”, “karas” “shuka”, “belamur” deb “import” nom bilan sotiladi. Holbuki, baliq o‘zimizning ko‘l-u daryolarimizdan tutilgan, baliqfurushlar ham o‘zbek. Hech kim “laqqa”, “zog‘ora baliq” yoki “tangabaliq”,”do‘ngbosh”, “tovonbaliq”, “cho‘rtanbaliq”, “oq amur” demaydi, shunday desa, go‘yo xaridor burnini jiyiradi, “importniy” emas deb, olmaydi. Mayli, oddiy baliqfurushlar, ular lug‘at titkilab yuradimi, lekin TVda ham shunday, misol: yaqinda ov haqida bir yaxshi ko‘rsatuv berildi, hali bu turkum bo‘lib qolsa kerak, tili ham yomon emas, lekin baliqchi yigit boshidan oxirigacha “sazan” deb gapirdi, “bu baliq sazan…” deb qarmoqqa ilinganini ko‘rsatib, “sazan”lab ta’rifini keltiraverdi. Balki, o‘zimizda o‘zbekcha nomi (“zog‘orabaliq, “tangabaliq”) ham bordir, degan o‘y hech kimning o‘yiga kelgani yo‘q.
Bunaqa til buzilishlari kundalik hol bo‘lib qoldi, qulog‘imiz o‘rgandi, o‘zimiz indamay ko‘nikdik. Masalan, shu “sazan” ham avom tilida tomir yozib, mahalliylashib olgan.
O‘zingiz tilingizda qancha chet so‘z borligini bir chamalab ko‘ring, boshingiz aylanib ketmasa, men tan. Chet atamalarni istifoda qilsak, juda madaniyatli ko‘rinamiz shekilli-da. Aslida ona tiliga bunaqa munosabatning o‘zi katta madaniyatsizlik!
Ko‘rib-bilib turib shu ahvolni o‘zimiz yuzaga keltiramiz, chetdan o‘zimiz olib kirgan istilohlar o‘zimizdagi so‘z-atamalarni siqib chiqaradi, o‘rnini mo‘r-malaxdek bosadi.
Chaqalog‘i, jo‘juq go‘daklari bor hamma onalar “pampers” deydi, yigirma yil ichida shu istiloh tilimizga singib ketdi. Asl nomi o‘zimizda “ko‘llik” (“ko‘llamoq”dan olingan, talaffuzda beo‘xshov “ko‘tlik” bo‘lib ketgan) uni hamisha istifoda qilganimiz — “taglik” desak ham bo‘ladi, lekin “pampers” demasak, qoloq bo‘lib qolamiz. Yana hazil misol: “kaka” deganimiz ayni tili hali chiqib-chiqmagan bolalarning aytishidan olingan, shirinlik ma’nosidagi so‘z edi, hozir bu so‘z barcha onalar tilida nima omonimga almashib qoldi? Aytishga uncha til bormaydi. Zamon bilan birga odimlash kerak-da! Holbuki, ona tilimizning zamoni asilligi, asliday tozaligida. “Nishasta” so‘zi taomildan butkul chiqib ketdi, o‘z so‘zimizni tilimizga endi majburlab ham qaytarish mushkul, go‘yo tepadan hammamizga buyruq tushgan: “nishasta” qatag‘on, faqat “kraxmal” deyilsin, degan.
Hammamiz “prostina” deb ketdik, hech birimiz “hushki” demaymiz, fors-tojikcha bo‘lsa ham “hobgoh”imiz bor, lekin uni “spalni” deymiz, “spalni”dagi “spalni mebel”da yotmasak, uyqumiz buziladi. Odat qildik shunday gapirishni!.
“Malina” deymiz, “xo‘jag‘at” desangiz hech kim tushunmaydi. “Kurka”, “induk” deymiz, Samarqand tomonlarda “g‘ulg‘ultovuq”, “g‘ulg‘ul” uchraydi; Qashqadaryo, Zomin shevalarida, qoraqalpoq tilida “tuyatovuq” deb ham aytiladi, ammo asl nomi — “ular”, “Turkiston ulari”ni “indyuk” butkul xotiramizdan o‘chirib yuborgan. Tuyatovuq bilan o‘rdakning chatishmasi “indoutka” degan parranda bor, shu o‘rischa istilohidan boshqa milliy atamani bilmaymiz.
Hozir juda ko‘p odamning shaxsiy mashinasi bor. Bir o‘ylab ko‘ring, shu mashinangizning “oyna”dan boshqa nechta uzvi, ehtiyot qismini o‘zbekcha aytasiz: “rul”, “pedal”, “mufta”, “korobka”, “bagajnik”, “tormoznoy jidkost”, “zajigalka”, “pepelnisa”, “sidenya”, “kapot”, “lobovoy”… “karbyurator”, “akkumulyator”, “dinamik” kabi atamalarga mayli deylik, baynalminal istilohlar, lekin qiziq, “to‘xtatdim” demaymiz — “tormoz qildim”, “yonilg‘i quydim” emas, “zapravka qildim”, “o‘t oldirdim” yoki “qo‘shdim” emas, “zavadit qildim”, “ta’mirlatdim” emas, “remont qildirdim”, “o‘zib o‘tdim”emas, “obgon qildim”, “orqaga oldim”emas, “nazad qildim”… Aqalli eshik “ruchka”sini “dastak” desak nima qiladi? E-e, o‘rganib qolgan til buzishlarimizning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi.
Tilimizda qadimdan kelayotgan atamalar son-mingta. Hatto Afrikada, Lotin Amerikasi tog‘-cho‘llari flora, faunasidagi o‘simlik, daraxt, jonzot-u hasharotlarning nomlarigacha bor. Lekin ko‘p kitob-u maqola, film-u ko‘rsatuvlarni rus tilidan o‘girganimiz bois, lug‘at varaqlashga, yo o‘z so‘zlashuv tilimizga quloq solishga erinib yoxud oddiygina savodsizligimiz tufayli o‘sha chet tildan tayyorini olib qo‘ya qolamiz. TV ko‘rsatuvlari, hujjatli filmlar, maqolalarda son-ming marta “kaktus” atamasiga duch kelaman, laoqal bir marta bo‘lsa ham “qumanjir”ni eshitmaganman. Holbuki, bu atama qadim zamonlardayoq o‘sha yoqlarga borib, o‘sha tikanli kaktuslarni mevasigacha ko‘rgan ota-bobolarimizdan qolgan.
Masalan, “tropik” — “mador” deyilgan, “mador o‘rmoni”, “mador o‘lkalar”, endi adabiy tilga majburan kiritilmasa (balki kerak ham emasdir), avom tiliga bu istiloh qaytmaydi, “tropik”ni shu qadar singdirib yubordik. Xuddi shunday atamalardan “Bahri Muhit Kabiri” (Tinch okeani), “Bahri Muhit Otlosi” (Atlantika okeani), “Bahri Muhit Hindi” (Hind okeani), “Bahri Xazar” (Kaspiy dengizi) “Shom” (Suriya) — ellik to‘qqizinchi yilgi lug‘atda hamma so‘zlari bosh harfda berilgan shu atamalar ham iste’moldan chiqib ketgan (lekin “shom” bir oz boshqa ma’noda aytilib turadi, “Bahri muhit” unda-bunda uchraydi). “Lubnon”, “Majoriston”, “Bulg‘oriston”ni “Livan”, “Vengriya”, “Bolgariya” deb ketdik. Endiga kelib “Habashiston”, “Quddus”, “Olmoniya” kabi talay jug‘rofiy atamalarni ruscha istilohini qo‘llash urfga aylandi. Yana o‘sha lug‘atda “Mongoliya” deb berilgan, “Mo‘g‘uliston” esa “tarixiy”, eskirgan atama deb chetga surib qo‘yilgan. Mana, hozir o‘zimiz ham so‘zlashuvda “Mongoliya”, “mongollar” deb ketyapmiz.
Noiloj, dunyoning ravishi shunday ekan, ko‘nikamiz. Ko‘nikmaslik kerak. Atamalarni eski lug‘at va boshqa adabiy manbalarga qarab tiklasa yoki yangidan qilsa bo‘ladi. Masalan, “o‘quvchi”, “o‘qituvchi”, “oluv”, qo‘shuv”, “ishchi” kabi o‘nlab so‘zlar yasalgan, iste’moldan o‘rin olgan. Lekin “o‘ziqaynar”, “o‘tomoch”, “o‘ziuchar”, “o‘tarava” kabi so‘zlar yasalganda eskilik sarqiti deb masxara qilingan. Xo‘sh, “pulemyot”ni “o‘qsochar” desak, nimasi yomon? “Pulemyot” atamasi ham shu qurol kashf etilishi bilan yasalgan so‘z-ku. “O‘ziqaynar”ning “samovar”dan nima kami bor? O‘chirib tashlanmaganda allaqachon tilimizga singib ketgan bo‘lur edi.
E-e, buni qarangki, ming yil badalida bordi-keldilarda ota-bobolarimiz ko‘rgan-bilgan bepoyon arab sahrosi “Sahroi kabir” (katta, ulkan sahro), endi uni shovvoz tarjimonlarimiz “Saxara” deb ag‘daraveradilar. Qumtepalari ko‘p ko‘ringani uchunmi, “Saxara sahrolari” deganlariga besh ketasiz! O‘rischa “Saxara”-da. Yo‘q, besh ketmang, bu shunchaki “пустыня Сахара”ning yantoqqa sudrab tarjima qilinishi.
Afrikaning Habashistonida cho‘l, suvsiz yaydoq biyobonlarida ko‘proq cho‘l kalamushi, sug‘urmi, yumronqoziqqami o‘xshagan jonivorni tutib kun ko‘radigan do‘lta bo‘ri (ba’zi shevalarda kattasi ham “do‘lta” deyiladi) bor, bir ko‘rsatuvda shu “Efiopiya shoqoli” deb tarjima qilinyapti. Nimaga “Efiopiya”? Axir, o‘zbek tilida mamlakat nomi necha asrlardan beri “Habashiston”, keyin nimaga “shoqol”, axir, bu aniq ravshan ko‘rinib turgan cho‘l bo‘risi, sal chog‘roq, lekin aslo shoqol emas, ha, shunday ekan, tarjimada har maqomga yo‘rg‘alayvermay, “habash bo‘risi” desa, olam guliston-ku. Bari bir ham uni xalq “xabashbo‘ri” deb ixchamlab oladi. Keyin, shu o‘rinda bir mulohaza: nimaga lug‘atlarga “shoqol” bo‘lib kirgan, hamma yerda talaffuz qilinishiga qarab “shog‘ol” emas? Gapirganda “shog‘ol” deymiz-ku. Yo bizdan o‘rischaga “shakal” bo‘lib borganidan qayta tarjimada shunday bo‘lib qolganmi ekan? Bilmadim, vallohi a’lam, adashayotgan bo‘lishim hech gap emas.
Tarjimonlar o‘qimaydi, lug‘at varaqlashga erinadi, birovdan so‘rashga esa bo‘yin yor bermaydi. Ruscha matnda nima deyilayotganini tusmol anglab, bizning tomoshabinga bo‘laveradi, deb bosib ketaveradi. Bir kuni hujjatli filmda qulog‘i katta, ola-bula, haligi ovini galalashib “amalga oshiradigan” tubi yovvoyi it darranda ham “shoqol” deb ta’riflanyapti. Shoqol tamomila boshqa yirtqich, bizda chiyabo‘ri ham, Amerikada koyot, lekin ko‘rsatganlari sirtlondir, aslo “shoqol” emas.
Misollardan bosh aylanib ketadi, lekin aytmasa, mavhum gap bo‘lib qoladi. “Gepard” yugurik, yoqimtoy yirtqich, uning ohularni quvib yetishini maroq bilan tomosha qilamiz. Tumshug‘idagi qora qashqalari ikki ko‘zidan yosh oqib turganga o‘xshaydi. Mushuksimonlar oilasidan kelsak, arslon pusib borib, panadan chiqib daf qiladi, o‘ljasini tutgan yerida yeydi, sirtlon galalashib tashlansa, u shuncha zo‘rligi bilan ham yemtigini tashlab qochadi. Qoplon ham o‘t-o‘langa buqinib keladi, xol-xol terisi bilan xas-xashak orasida uncha bilinmaydi ham, o‘ljani tutishi bilan zudlikda biron daraxt ustiga tortib chiqarib oladi, o‘sha yerda — bamaylixotir, u yoqqa tayyorga ayyor sirtlon chiqa olmaydi, sher tarmashadi, lekin qoplon turgan tepagacha yetolmaydi. Gepard ham shunaqa katta mushuk, lekin sipta, ingichka-uzun, nihoyatda chopqir jonzot. Yugurishi soatiga to‘qson-yuz va hatto bir yuz-u yigirma kilometrgacha boradi. Tabiiyki, ovini quvlab tutadi, o‘ljani qoplonga o‘xshab daraxtga olib chiqishga kuchi yetmaydi, sher, qoplon, sirtlon hidini olib yetib kelgunicha, tutgan yerining o‘zidayoq saranjomlashga tushadi. Sirtlonni bilasiz (“giyena” nimagadir lug‘atda “sirtlon”, “yoldor bo‘ri” deb o‘girilgan, “giyena” bo‘ri emas, to‘g‘ri uning yoldor turdoshi ham bor, uni ham “yoldor sirtlon” deyilishi to‘g‘riroq, “yoldor bo‘ri” bo‘rining “arslon”i, ya’ni erkagi), gepardga bag‘ishlangan bir film tarjimasini ko‘rib o‘tirib, angrayib qoldim: bemalol, shuncha odam ko‘rishi, binobarin, bilishiga befarq, “gepard” “qoplon” deb tarjima qilinyapti! Tilni bilmasa, nima qiladi tarjimaga yuviqsiz qo‘lini urib?
Men ham gapim tushunarli bo‘lishi uchun “gepard” deyapman, hammamizni shu istilohga o‘rgatib qo‘yishdi, boshqa atamani bilmaymiz. Lekin lug‘atda asil turkiy nomi bor gepardning — “chita”! Afsuski, bu atama tarix qa’riga cho‘kib ketgan. Chita bir paytlari saroylarda, ovchilarning uylarida shikor uchun saqlangan, “chita” oti ham o‘sha zamonlardan qolgan.
Rus tilining qonuniyatlarini bilmagan holda tarjimada chiranishlarimiz, birinchidan, o‘z tilimiz imkoniyatlarini toraytirsa, ikkinchidan, atamalarda ham ko‘p chalkashliklar keltirib chiqaradi. Ruslarda “снежный барс” atamasi mavjud, tog‘larda, qorda bo‘ladi, biz buni befarq “qor barsi” yoki bilib “qor qoploni” deb o‘giramiz, avvalambor, bu o‘rinda “qor” ortiqcha, chunki ayni shu qoplon bizda shusiz ham faqat tog‘da, tog‘ qorlarida bo‘ladi, ruslarda esa bu qoplonidan farqli o‘rmon-u to‘qayda yuradigan Uzoq Sharq qoploni ham mavjud. “Qor qoploni” bizdagi qoplondan boshqa yana bir turi bor ekan, degan chalkash tasavvurga olib keladi. Nimagadir 1983-yili bosilgan “O‘zbekcha-ruscha lug‘at”ga kirmagan, avomda, folklorda “ilvirs” atamasi mavjud, ellik to‘qqizinchi yili chiqqan lug‘atda esa bor: “ilvirs — снежный барс”. Keyingi lug‘atlarda bu istilohning uchramasligi tarjimonlarni sopini o‘zidan chiqarishga majbur qiladi.
Tarjimalarning qariyb barchasida gavdasi qariyb ko‘ppakdek keladigan kaltadum qoraquloq “yovvoyi mushuk” bo‘lib ketdi, xay, o‘qib bilganlar ba’zan atamaning aslini ham qo‘llab qoladi. Tabiatda haqiqatan ham yovvoyi mushuk bor, dunyoning hamma joylariga tarqalgan; xonaki mushukning yovvoyilashgani yo teskarisi. Tezkor tarjimonlar esa buni ham, qoraquloqni ham “yovvoyi mushuk” deb o‘tkizib yuboraveradilar.
Bilmaslik tufayli fikrni buzadigan o‘girishlar tarjima asarlarda bir g‘alati ustuvorlikka ega. Shunday desak, salobatli ham madaniyatli chiqadi, deb o‘ylaydilarmi, o‘zimizdan ruschaga o‘tgan atamalarni ham ruscha istilohida ko‘p qo‘llaymiz. Himolay tog‘i cho‘qqilari ustidan oshib o‘tadigan laylakni ilib tutadigan “berkut” degan katta qush bor ekan! “Berkut” deb alohida chulchitcha nom qo‘yilganmikan, deb o‘ylaysiz. Axir, “berkut” ruschaga o‘zimizdan o‘tgan “burgut”-ku, tasvirda ham burgut, aynan Osiyoning Himolay burguti bo‘lgani uchun osiyocha atama qo‘llagan ruslar. Nimaga biz ham o‘z so‘zimizni o‘rischa aytishimiz kerak? O‘zbek tilida burgutning qoraqushimi, qironqorasimi, sor shunqorimi (yana talayining nomi bor tilimizda) — hammasining jam nomi “burgut”, lekin “berkut burgutlari” emas-da. Agar o‘sha Himolay burguti uning qaysi turdoshi ekanini bilsangiz, nomi bilan ayting, bo‘lmasa, nima qilasiz tilni buzib.
Tarjimalarda ustoz ko‘rmagan shogirdlar har maqomga yo‘rg‘alayveradi, tezkor “to‘g‘ri” tarjimalarda odam gapirmaydigan jumlalar paydo bo‘ladi. “Himolay tog‘larining balandligi yetti ming metrni tashkil etadi”, “Kondor qanotlari yoyilganda uch metrni tashkil qiladi” — o‘zingiz shu tilda gapirasizmi? Xo‘sh, kim qanday “tashkil qilib” berar ekan, shuni “yetti ming metrga yetadi”, “uch metrga boradi” deb oddiy o‘zbekcha aytsak, otamiz urishadimi?
Rus tilini bildim degani o‘zbekchaga tarjima qilaveradi, degani emas-ku!
So‘zga chechan bo‘lmagan tarjimonni asl matn qurbaqani rom etgan ilondek o‘z domida tutib turadi, erkin o‘girishiga qo‘ymaydi, u muqobil so‘zlar tanlashda ixtiyorini yo‘qotishdan tashqari, tarjima etilayotgan tilning ifoda xossalarini o‘z tiliga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri, “kalka” yo‘li bilan ko‘chirishga o‘tib oladi.
Erkin o‘girishga qo‘ymaydi deganimiz, tarjimonning avvalo asl matndagi atama-istilohlarning ona tilidagi muqobilini bilmay, qo‘lbola, mafhuman ag‘daraverishi. “Dengiz mushugi”, “dengiz arsloni”, “oq dumli burgut”, “oq rangli qarqara”, “kul rangli qarqara”, “tog‘ qo‘ylari”, “tog‘ echkilari”, “karibular”, “kabargalar”, “morjlar”, “suv fillari” (“-lar”ga hali to‘xtalamiz) va hokazo-hokazo atamalar oldingi hamda hozirgi tarjimonlar tomonidan yasalgan, keyin bu sun’iylik lug‘atlardan ham joy olgan. Lekin keyingilari machchoyi tarjimada ancha ildamlab ketgan: “urg‘ochi echki”, “erkak echki”, “urg‘ochi qo‘y”, “erkak qo‘y”, “urg‘ochi yovvoyi cho‘chqa”, “erkak yovvoyi cho‘chqa” (kulmang, hazillashayotganim yok, har kuni TVda ko‘rib, ayrim nashrlarda ko‘rib-eshitayotganingiz bu), hatto mayda qushlarning ham jinsini “urg‘ochi” — “erkak” deb ayiradilar. Mayli, “sovliq”ning tubi “sog‘moq”dan, lekin qo‘yning urg‘ochisi “qo‘y”, erkagi ming yildan beri “qo‘chqor” deb kelinadi-ku, “echki” deb faqat urg‘ochisi aytiladi, erkagi “taka” — shu ham aytib o‘rgatiladigan gapmi! Cho‘chqa “megajin” — “qobon”, jam nomi “to‘ng‘iz”, uni “yovvoyi cho‘chqa” deyish ham “дикая свиня”dan to‘g‘ridan to‘g‘ri kalka, ularda qadim-qadimdan cho‘chqa xonadonda boqilgan, shuning “домашная”, “дикая свиня” atamalari mavjud, bizda uni boqish ham, go‘shti ham harom, uyning yaqiniga yo‘latilmagan, xonakisi bo‘lmagani bois “yovvoyi” sifati ham mutlaq keraksiz.
Rus tilida jonzotlarning jamini umumiy qilib, jinsini ikkita so‘z — “sames” — “samka” deb deb ayiradilar, lekin o‘zbek tilida bunday emas, ko‘p jonivorlarning (albatta, asosan o‘zimizda borlarining) jinsi alohida istilohlar, nomlar bilan ajratiladi. Parranda zotidan “tovuq” — “xo‘roz”, “makiyon” — “xo‘roz”, lekin tarjimalarda bu atamalar inobatga olinmaydi. Kattayu-kichik qushlarga “urg‘ochi — erkak”, “nar — moda” deb qo‘llanaveradi. Qarang, tilimizda bedana, chumchuq, so‘fito‘rg‘ay singari mayda qushlarning ham jinsi “mashak” — “majik” deb ajratilgan, ammo shulardan faqat “mashak” bedanavozlar tilida saqlanib turibdi, boshqa o‘rinlarda lug‘atlarga cho‘kib ketgan. Lug‘atda ham qiziq. Ularda ham chala tarjimaning tarjimasi, masalan, “gus — erkak g‘oz” deb berilgan. Har holda kitni bir o‘rinda “urg‘ochi kit” — “erkak kit”, bir o‘rinda “nar kit” — “moda kit” deyaversak, quloqqa g‘alati urilar ekan. “Samka — sames” atrofida bunaqa qo‘lbola tarjimalarning kelib chiqishi o‘zi betayinroq, lekin “moda boyqush” bilan , “nar boyqush” bundan ham o‘xshamagan tuyuladi. Gap “polyarnaya sova”ning “samka”si, “sames”i haqida ketyapti, lekin o‘zimizdagi boyqush yo boyo‘g‘lining erkagi-yu urg‘ochisi nima deyilgani esimizdan chiqib ketgan (turgan gap, men ham bilmayman). Nimaga shunaqa parrandalarga ham “makiyon” — “xo‘roz”ni qo‘llamaslik kerak, tushunmayman “Urg‘ochi bo‘ri”, “erkak bo‘ri” bilmaganlikdan deylik, “urg‘ochi it”, “erkak it”ga nima deysiz. Bo‘rining urg‘ochisi “qanjiq”, erkagi “arlon” bo‘ladi, it ham shunday: “urg‘ochi” emas, “qanjiq”, erkagi “ko‘ppak” (shevada “arlon” ham deyiladi); “urg‘ochi tuya” emas, “moya”, “yelmoya” “harvona”, “erkak tuya” emas, “nor”, ”nortuya” — e astag‘firulloh, maqola-yu ko‘rsatuv, filmlar tarjimasida bilmaslikdan tilimizni shu tarzda g‘ariblantirish odat tusiga kiryapti! Shunaqa paytlari tilimizning qashshoqlanib borishiga sho‘ro zamonida va keyin bosilgan lug‘atlarimiz ham qisman sababchi ekaniga amin bo‘laman. Ko‘p so‘zlar sifatsiz mafhuman tarjima holida olingan. Shimoliy muz okeani bo‘ylaridagi yerlarda “овсебык”degan hayvon bor, shuning nomi o‘zbek tiliga “ho‘kizqo‘y” deb ag‘darilgan, xo‘p, “qo‘y”ga mayli deylik, ruslarda ham “oves”, lekin “ho‘kiz”ning ma’nosi bizda “бык”dan farqlanadi: u buqaning yovosh qilish, kuchini arava, omoch tortishga berishi uchun bichilgani. Bilmadim, mening gapim ham noto‘g‘ridir, har holda bu jonivor “ho‘kizqo‘y” emas, til ham kelishmaydi, jilla qursa. “qo‘ybuqa” desak ham asliga to‘g‘riroq bo‘lur, lekin bu ham mafhuman o‘girish bo‘ladi. Ha-a, bir rus multfilmida muguzi Afrikadagi buyvoli (bu tur atamasi ham “bizon”, “zubr” “tur”, “los” kabi rus tilidan to‘g‘ridan to‘g‘ri olingan) shoxidan nusxa olingan, beo‘xshov chizilgan bu jonzotni bir tarjimada undan ham beo‘xshov qilib, “qo‘tos” “ho‘kizqo‘y qo‘tos”i deb ta’riflandi, bu qo‘tos (yak) emas, qo‘tos Osiyoning Turkiston tizmalari, Himolay tog‘larida bo‘ladigan pastak qoramol, Shimoliy dengiz bo‘ylari uning tushiga ham kirmaydi, meningcha.
Boshqa til, undan bilib-bilmay qilinayotgan arzonqo‘l tarjimalar ona tilimizning so‘z boyliklarini qo‘llash, ifoda imkoniyatlaridan foydalanishni cheklab-chegaralab, so‘zlashuv jarayoni va u orqali adabiy tilga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi. U tildagi ifodalar bu tilga sun’iy ko‘chadi. “G‘or suvlari nafaqat buzg‘unchilik, balki yaratuvchilik bilan ham shug‘ullanadi” — bir qarashda hamma so‘zlar joyida, o‘zbekcha, lekin juda o‘nqovsiz, buni ruschaga qaytarib o‘girsangiz ham mantiqsiz chiqadi. Yana bir shunga o‘xshash jumla: “Bu yerda hasharotlar bemalol nektar yeyishlari mumkin”, “Bu tog‘larda bo‘rilar yashashadi”. Bunaqa deb bo‘lmaydi-ku, deb xunobingiz oshadi, lekin shunaqa deyilyapti, shu jumlani sahna nutqidan ta’lim olgan, o‘zini nutq ustasi deb biladigan aktyor hech xijolatsiz o‘qib beryapti. Biz esa eshityapmiz, har kuni, millionlab odam, xususan nutqi shakllanayotgan bola-yu yoshning qulog‘iga quyilyapti bu noto‘g‘ri gap. Keyin nimaga inshoda o‘quvchilarimizning tili bunaqa, yozuvda nimaga buncha xato qiladilar, deb ajablanamiz…
Gap juda ko‘p, hali xullas deya olmaymiz.
Darvoqe, mening hamma gaplarim to‘g‘ri, mutlaq haqiqat emas, o‘z biligimcha o‘ylashga turtkilar, xolos. Zero shu til muhitida yashayapman, uning ta’sirlaridan holi emasman.
Ahmad A’zam
Ushbu maqola adibning “Til nomusi” kitobidan olindi. Toshkent. “Akademnashr” nashriyoti, 2013-yil
Izoh (0)