O‘zbekistonda Rossiyaning yana ikkita universiteti filiali ochilishi kutilmoqda. Bu haqda 27-oktabr kuni Moskvada o‘tkazilgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 22-yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Yig‘ilish O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov hamraisligida o‘tkazildi.
Kun tartibi doirasida ikkala mamlakatning o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorligi kabi keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.
Komissiya majlisida ta’lim sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, yaqin kelajakda yana ikkita universitet — Kosigin nomidagi dizayn va texnologiya universiteti va Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti filiallari ochilishi kutilmoqda.
Shu nuqtai nazardan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va taraqqiyot sohasidagi hamkorlik qilish hamda Ta’lim forumi, Media-forum, Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari va boshqa qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistonda Rossiya universitetlarining 15 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uchrashuv yakunida tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi yakuniy bayonnoma imzolandi.
Izoh (0)