Fransiya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Yevropa ishlari bo‘yicha davlat kotibi Kleman Bon Aleksandr Lukashenkoning qarindoshlarini odam savdosida aybladi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Shu bilan birga, Kleman Bon Lukashenkoning aynan qaysi yaqinlari “bu kabi biznes bilan shug‘ullanishini” oshkor etmagan.
Uning bayonotida ta’kidlanishicha, Lukashenkoning qarindoshlari Belarusga kelgan migrantlarni mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan chegaradosh qismlariga safarlarini ataydan tashkil etib keladi. Amaldorning ogohlantirishicha, shu orqali Lukashenko “Yevropa o‘z prinsiplarini buzmoqda deya, Yevroittifoqni tuzoqqa tushirish” niyatida.
Fransiya TIV vakili Polsha—Belarus chegarasidagi vaziyat borasida “qat’iy, ammo insoniy” harakat qilishga chaqirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus tomonining maqsadi — Yevropa Ittifoqini kuchsizlantirish va ajratib yuborish.
Avvalroq Belarus va Polsha chegarasida 24-oktabr kuni kechqurun 60 ga yaqin noqonuniy muhojirlar guruhi Polshaga bostirib kirmoqchi bo‘lgani, tartibsizliklarda ikki polshalik askar yaralangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Polsha ofitserlari chegaradan o‘tganlar orasida simto‘siqni kesgan fuqarolik kiyimidagi belaruslik askarlarni tanib qolgan.
Belarus va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari chegarasidagi migratsion inqiroz Aleksandr Lukashenkoning Minsk endi Yevropani muhojirlardan himoya qilmoqchi emasligini aytganidan keyin boshlandi. Shundan so‘ng, ommaviy axborot vositalarida xabar berilishicha, belaruslik chegarachilar chegarani noqonuniy kesib o‘tmoqchi bo‘lgan odamlarga jiddiy to‘sqinlik qilmaslik haqida yashirin ko‘rsatma olgan.
Izoh (0)