Afg‘onistondagi turkiy xalqlar yetakchisi, mamlakatda “Tolibon” hukumat tepasiga kelguniga qadar Ashraf G‘ani hukumatida yetakchi rahbarlardan bo‘lgan Abdurashid Do‘stum jahon hamjamiyatini toliblar tomonidan shakllantirilgan hukumatni tan olmaslikka chaqirdi. Bu haqda “Interfaks Ozarbayjon” xabar qilgan.

Foto: Facebook

“Men xalqaro jamoatchilikni va barcha qo‘shnilarimiz, ayniqsa, Afg‘onistonga shimol va shimoli-g‘arbdan chegaradosh bo‘lgan qo‘shni davlatlarni mamlakatda tashkil qilingan hamda tarkibiga jahon miqyosida terrorchi deb tan olingan jangarilar kirgan yangi hukumatni tan olishga shoshilmaslikka chaqiraman”, – deyiladi Do‘stum Twitter’da e’lon qilgan bayonotda.

Afg‘oniston shimolda O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston, g‘arbda Eron bilan chegaradosh.

Shuningdek, Afg‘oniston Islom harakati milliy partiyasi yetakchisi BMTdan Panjsherdagi vaziyat yuzasidan jim turmaslikni, “Tolibon”ga qarshi bosh ko‘targan ushbu viloyat aholisiga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni boshlashni so‘ragan.

“BMTdan jimjitlikni bas qilishni so‘rayman. Agar ijtimoiy yordam Panjshergacha yetib kelmasa, falokat yuz beradi”, – deya ogohlantirgan marshal Do‘stum.

U “qora ro‘yxat”ga kiritilgan terrorchilardan Panjsherdagi etnik tozalash va vahshiyona qirg‘inni to‘xtatishni, vodiy darvozasini ochishni va OAV vakillariga viloyatga holatni yoritishiga imkon yaratishni talab qilgan.

Afg‘onistonda avgust oyi o‘rtalarida hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” harakati 7-sentabrda mamlakatda muvaqqat hukumat tuzib, uning tarkibini e’lon qildi. BMTning Afg‘onistondagi missiyasi “Tolibon” hukumatidagi 33 nafar a’zolarning aksariyati, xususan, bosh vazir, uning ikki nafar o‘rinbosari va ichki ishlar vaziriga xalqaro sanksiyalar qo‘llanilganligini qayd etgan.