15-oktabr, juma kuni ertalabdan buyon Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Balx viloyatining Andarob vodiysida jangovar to‘qnashuvlar davom etmoqda, deb yozadi “Interfaks” “Tolibon”ga qarshi Milliy frontga yaqin manbalariga tayanib.

Foto: Anadolu Agency

“Ayni paytda Andarobda toliblar va Milliy qarshilik fronti o‘rtasida shiddatli jang bormoqda. Ikkala tomonda ham qurbonlar bor, ularning aniq soni ma’lum emas”, — deyiladi Twitter’ga joylangan xabarda.

Manbalar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, jangovar to‘qnashuvlar Bag‘lon viloyatining Puli Hisor va Dix-Saloh uyezdlarida bormoqda, “Tolibon” 60 ortiq odamini yo‘qotib chekingan. Front jangchilari orasida ham qurbonlar bor, xususan, ikki nafar dala qo‘mondoni vafot etgani aytilmoqda.

“Tolibon” hodisa yuzasidan izoh berganicha yo‘q, ammo ijtimoiy tarmoqlarga joylangan videoda toliblar karvoni Andarob vodiysiga qarab ketayotganini ko‘rish mumkin.

Bu orada “Tolibon” Mudofaa vazirligi Twitter’da ma’lum qilishicha, Atoulla Umariy “Mozori Sharif” korpusi qo‘mondoni etib tayinlangan. Korpus shtabi Afg‘oniston milliy armiyasining sobiq 209-sonli “Shohin” korpusi bazasiga joylashgan, u Balx viloyati markazi Mozori Sharif shahri tashqarisida bo‘lib, mamlakat shimolidagi xavfsizlik uchun javobgar bo‘lgan.