Namangan viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 27 yoshli fuqaro halok bo‘ldi, deb xabar beradi viloyat IIB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 6-oktabr kuni soat 11:00 larda Pungon—G‘urumsaroy—Pop avtomobil yo‘lining 25-kilometrida Pop tumani “Uyg‘ur” MFY hududida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. 24 yoshli fuqaro Damas rusumli avtomashinani ishonch qog‘ozi bilan boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, yo‘lni kesib o‘tayotgan 1994-yilda tug‘ilgan velosipedchini urib yuborgan.
Oqibatda velosipedchi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida halok bo‘lgan.
Ushbu holat bo‘yicha Pop tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 6-oktabr kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Toshkentda 36 yoshli velosipedchi Lada urib yuborishi oqibatida vafot etgani, Namanganda Damas 68 yoshli fuqaroni urib yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)