Afg‘oniston muvaqqat hukumatida tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan Amirxon Muttaqiy Kobulda O‘zbekiston elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonovni qabul qildi. Bu haqda “Tolibon” tomonidan afg‘on tashqi siyosiy idorasi vakili etib tayinlangan Abdul Qahor Balxiy Twitter orqali ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Tomonlar ikki tomonlama aloqalar, xususan, Mozori-Sharif shahridagi aeroportni rekonstruksiya qilish va aviaqatnovlarni qayta tiklash masalalarini muhokama qildi”, — deyiladi xabarda.
Amirxon Muttaqiy O‘zbekiston diplomatik missiyasi rahbariga minnatdorchilik bildirib, Toshkent va Kobul o‘rtasida “ikki tomonlama munosabatlarni kelajakda rivojlantirishga chaqirgan”.
Avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistonda “Tolibon” tomonidan muvaqqat hukumat tuzilganini olqishlagani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng “Tolibon” O‘zbekistonning Kobuldagi yangi hukumat bilan aloqa o‘rnatishga tayyorligini e’tirof etgan.
Izoh (0)