8-sentabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston bo‘yicha videokonferensaloqa shaklidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. TIV matbuot xizmatining yozishicha, uchrashuvda komilov O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasini ma’lum qilgandi.
Tadbirda Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston inqirozini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va mamlakat aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilingan.
“O‘zbekiston Afg‘oniston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish, betaraflik va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori”, — deydi Abdulaziz Komilov.
Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xadjiyev ishtirok etgan.
Uchrashuv qatnashchilari Afg‘oniston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, tinchlik, xavfsizlik, milliy yarashuvni ta’minlash, Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslik va barqaror rivojlanish tamoyillari tarafdori ekanligini bildirib, mamlakat kelajagi o‘z xalqi tomonidan belgilanishi kerakligini qayd etgan.
“Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy bog‘liqlikning muhim bo‘g‘inidir. Shu ma’noda, Afg‘onistonni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb qilish mamlakat iqtisodiyotini tiklashga samarali imkoniyat yaratadi”, — deya ta’kidlagan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.
Avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistonda “Tolibon” tomonidan muvaqqat hukumat tuzilganini olqishlagani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng “Tolibon” O‘zbekistonning Kobuldagi yangi hukumat bilan aloqa o‘rnatishga tayyorligini e’tirof etgan.