Nuqson bilan dunyoga kelish — hayot sen uchun tugadi degani emas. Hatto eshitish va gapirish imkoniyati cheklanish ham bu dunyoda o‘z ohangini yaratish uchun to‘sqinlik qilolmaydi. “Daryo” quloqlari eshitmasa, gapirolmasa ham mehnati ortidan hayotda nafaqat o‘z o‘rni, balki baxtini ham topgan Madina Saxapova va Kirill Biryukov haqida hikoya qiladi.
Madina Saxapova, 31 yoshda. Tug‘ma eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan. O‘z nomidagi ayollar sartaroshxonasini ochib, 6 qizni ish bilan ta’minlagan. Ulardan 4 nafarining eshitish va gapirishida nuqsoni bor.
Eshitish va gapirish imkoniyatisiz tug‘ilganman. Ammo bunga oila a’zolarim, ota-onam tomonidan g‘ayritabiiy qayg‘u sifatida qaralmagan. Shundanki, o‘zimning eshitolmasligim, gapirolmasligimni har doim ham nuqson sifatida qabul qilmasdan doimiy harakatda bo‘laman. O‘zim xohlagan inson bilan turmush qurganman. Bir o‘g‘limiz bor. Ota-onamning ham eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan (keyingi o‘rinlarda — EVGICh). Ularning tanishuvi va turmush qurishi qiziq bo‘lgan. Otam asli Rossiyaning Samara shahridan bo‘lib, tatar millatiga mansub, onam esa Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. Otam bir kasalligining davosini Bo‘stonliqdagi giyoh bilan davolovchi tabibdan topishini eshitib, O‘zbekistonga keladi. Tabibga ko‘rinib, davolanib yurgan paytlari onam bilan tanishadi. Buni qarangki, onam o‘sha tabibning qo‘shnisi bo‘lgan.
Tabib Bo‘stonliqning havosi otamning kasalini qo‘zg‘amasligini aytgach, u shu yerda qolib, hovli-joy qiladi. Shundan so‘ng bir qancha vaqt o‘tib, ota-onam turmush qurgan. Avval men, bir necha yil o‘tib ukam tug‘ilgan. Ukam sog‘lom. Eshitadi va gapira oladi. Ota-onamiz ham ko‘p qiyinchiliklar ko‘rgan. Ammo oddiy mehnatning ortidan bo‘lsa-da bizni birovdan kam qilmay, zoriqtirmay katta qilishdi. Men gapirolmasam ham hech qachon ukamdan kam ko‘rilmaganman. Onam juda mehnatkash, tinib-tinchimas ayol. Ko‘p xislatlarim, fe’l-atvorim quyib qo‘ygandek uniki. Onam qiynalsa ham bir onalik, ayollik vazifasini bajar olyapti-ku, nega men taqdirimdan nolirkanman, deb o‘zimga ko‘p savol berardim. Shuning uchun ham irodamni butun qilib, faqat oldinga intilganman.
Bog‘cha, maktab, kollejning qay birida o‘qishni boshlasam, o‘sha yillar biz uchun bayram bo‘lgan. Ota-onam bizning qizimiz ham o‘qiyapti deb suyunardi. EVGIChlar uchun alohida bog‘cha va maktabda o‘qiganman. Tanlashga kelganda imkoniyati cheklanganlarning tikuvchilik kollejida to‘xtaganman. Ilm olishdan ko‘ra qo‘l mehnati bilan buyumlar yasash, kiyimlar tikish, rasm chizish men uchun qiziqroq tuyulgan. Kollejda tikish-bichish ishlarini ham o‘rganib, ham amaliyotda sinab ko‘rish sharoiti bor edi. U yerda faqat EVGIChlar o‘qimasdi. Jismoniy imkoniyati cheklanganlar ham, boshqa nogironligi bor tengdoshlarimiz ham bor edi. Shu sababdan ham o‘quvchilar bir-biriga juda tez moslashib ketardi.
Nuqsonimiz hadeb ko‘rsatilaverganidan biz jamiyatga singib ketolmaymiz
Sizlar (eshita va gapira oladiganlar — izoh “Daryo”) ko‘pincha shoshib, stressda yurasiz. Yuz ifodangizda doimiy xavotir aks etgan. Ko‘rganda nega bunaqa ekan deb hayron qolaman. Chunki bizning dunyomiz tinch. To‘g‘ri, o‘ta sokin demoqchimasman. Vaqti-vaqti bilan toshib ham turamiz. Ammo sizlardek doimiy tashvishda emasmiz. Masalan, men eshitolmayman, kimdir yurolmaydi. Yana birovning yaxshi ishi yo‘q, boshqa odam nimjonroq. Nima qilibdi? Hammasini boricha qabul qilish kerak. Nafaqat o‘zimizning, balki boshqalarning kamchilig-u nuqsonlarini ham. Ko‘cha-ko‘yda odamlarning qarashi, o‘zaro imo-ishoralariga iloji boricha e’tibor bermaslikka harakat qilaman. Ammo ko‘pincha ahvolingni ko‘rib, qo‘y, sen shunaqasan degandek harakat qilishadi.
EVGICh do‘stlarimiz bilan imo-ishora orqali gaplashib tursak, chetdan o‘tib ketadigan odamlar hamrohlariga qo‘li bilan bizni ko‘rsatishlari, tikilib qarab turishlari juda og‘ir. Buni tasavvur ham qilolmaysiz. To‘g‘ri, kimningdir nuqsonini ko‘rganingizda shunaqa ekan deb o‘ylash tabiiy. Ammo farqli ekanligimiz, kamchiligimiz borligini yaqqol ko‘rsatish shart emas. Gapirolmaganimiz uchun hissiyotlarimiz, ruhiy holatimizni hammaga har doim ham ocholmaymiz. Ko‘p narsani ichimizga yutishga majburmiz. Shundandir juda ta’sirchanmiz. Uch-to‘rt odam bir bo‘lib kulishganda o‘sha atrofda biz ham bo‘lsak, xuddi bizning ustimizdan kulishayotgandek his qilamiz. Ular hatto bizni tanimasa ham, EVGICh ekanligimizni bilmasa ham shunday tuyulaveradi. Gavjum joylarda o‘zimizni noqulay his qilamiz. Ko‘pchilikning orasiga singib ketolmaymiz.
Millat va oilalarimiz farqli bo‘lishiga qaramasdan turmush qurishimizga to‘sqinliklar bo‘lmagan
Kollejni bitirgach, saqich ishlab chiqarish korxonasiga ishga kirdim. Ikki oy ishlab o‘zimni bu sohada ko‘rolmaganimdan keyin, tikuvchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘ldim. Yaxshi ish topolmaganimdan so‘ng ofitsiantlik qildim. Keyin shou-baletga taklif qilishdi. Bu vaqtda turmush o‘rtog‘im bilan munosabatlarimiz jiddiylashdi. Turmush qurishga qaror qilganimizda esa ular “ bu ish bizning oilaga to‘g‘ri kelmaydi” deb raqqosalikdan bo‘shatib oldi. Keyin to‘yimiz bo‘ldi. Ochig‘i, bizning millatlarimiz, oilalarimiz farqli edi. Ammo na mening va na ularning oilasi bunga qarshilik qildi. Kelin bo‘lib borganimdan keyin qaynonam oilaning qizidek qabul qilgan. Ular ham rus millatiga mansub bo‘lsa-da o‘zbekistonlik. Odatiy rus oilalaridan farqli ravishda qaynona-qaynotam bilan birgalikda katta oila bo‘lib yashaymiz. O‘ylashimcha, alohida yashash uchun biror sababimiz ham yo‘q.
Bolamning tarbiyasi, uni sog‘lom katta qilish jarayonida e’tiborimdan chetda qolgan narsalar bo‘lib qolishi mumkin. Ammo qaynonam har bir jihatga e’tiborga berib, mendan ham ziyoda qaraydi. Ismini ham o‘zi bu mening sevimli nevaram bo‘ladi, o‘zim tarbiyalayman deb Yegor qo‘ygan. Bolamni katta qilish jarayonida ayollar sartaroshligiga qiziqib qoldim. Vaqt o‘tib o‘zimga tanish bo‘lgan bir opadan ushbu kasbning sir-asrorlarini o‘rganishni boshladim. Buni shogirdlik ham deb bo‘lmaydi. Sababi u yerdagilarning barchasi eshitib, gapira olgani uchun men hamma narsani shunchaki kuzatib o‘rganganman. Qiziqishimni ko‘rib, qaynonam alohida kursda o‘qitdi. U yerda ham asta-sekin mijozlarga xizmat ko‘rsata boshladim. Salondagi mijozlar ko‘payavergach, o‘zimga alohida ish berishdi va men ijara puli to‘lay boshladim.
Keyin uyimning bir xonasida o‘z sartaroshxonamni ochdim. Harakatim, mehnatimni ko‘rib, qaynonam boshqa joyda bir nechta odamni ish bilan ta’minlaydigan kattaroq go‘zallik saloni ochishni taklif qildi. O‘shanda juda suyunib ketgandim. Joy tanlash, hujjatlashtirish ishlarining barchasini qaynonamning o‘zi qilgan. Yangi joy bo‘lgani uchun mijozlarni topishda ham qaynonamning hissasi katta bo‘ldi. Internetda e’lon va reklamalar berishmi, telefon qilganlarga javob berishmi, hammasini o‘zi hal qilgan.
Sog‘lom qizlarni ishga olish e’lonida nuqsonim bor ekanini aytmaganman…
Go‘zallik salonida o‘zim bajaradigan vazifam tirnoqlar manikyuri. Qo‘limda ishlaydigan qizlarning 3 nafari ham EVGICh. Ikkinchi xonada sartaroshlar ishlaydi. Sartaroshlikka eshitish va gapirish imkoni bor qizlarni olganman. Sababi soch turmagi injiqroq. Mijozlarning ta’biga ko‘proq qarash kerak bo‘ladi. Dazmol qilish, soch kesish jarayonlarida ulardan turmak qanday ketayotganini so‘rash va javob olishga ham to‘g‘ri keladi. Salonda ishlaydigan qizlarning barchasi avval shogird bo‘lib keladi. Ularga hamma ishni o‘rgataman. Yaxshi eplab ketishsa, ishda qolishadi. Shuningdek, ularning fe’l-atvor, hayotiy prinsiplari ishxonaga, doimiy mijozlarimizga ham mos kelishi kerak.
Ikki sartarosh qizni ishga olish jarayonida bergan e’lonimda o‘zimning EVGICh ekanligim aytmaganman. Bog‘lanish uchun raqamga surdotarjimonniki berilgan. U qizlar bilan gaplashib, ma’qul tushganini, ishxonaga olib kelgandan keyin salonning rahbari men ekanim va EVGIChligimni aytgan. Ular avval esankirab, eshitolmaydigan va gapirolmaydigan qiz salon ochib, rahbarlik qilyaptimi deb hayron qolgan. Men o‘zimga xodim kelmasligi yoki nuqsonimdan uyalganimdan emas, EVGIChligimni bilib, har qanaqa qiz kelishi, aldab ketishidan qo‘rqqanman. EVGICh odamlarning aksari biror ish qilayotganda o‘ta hushyor bo‘ladi. Chunki eshitolmaydi, gapirolmaydi deb aksar odamlar ularni aldab, o‘marib ketish hollari ko‘p bo‘ladi. Kelgan qizlar o‘rganish va ishlashga rozi bo‘ldi. Vaqt o‘tib ularning mehnati, o‘zini tutishi menga ham, oilamga ham ma’qul tushdi.
Qaynonam qizlarga men bilan ishlayotganidan xursandligi, ammo agar eshitmas, gapirmas ekan deb yashirincha biror ish qilib, gapirguday bo‘lishsa, tepada Xudoning ko‘rib, eshitib turishi, qolaversa, kameralardagi yozuvlarni o‘zi ham tekshirib turishini aytgan. O‘sha ikki qiz bilan haligacha gapimiz qochmasdan ishlab kelamiz. Mijozlar bilan odatda xizmat turi va haqini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali yozma tarzda gaplashib, kelishamiz. Ushbu jarayonda qo‘shimcha sifatida o‘zimizning eshitish va gapirish imkoniyatimiz cheklanganini ham aytamiz. Shundan so‘ng o‘z xohishlariga ko‘ra bizni tanlashsa, qanday manikyur yoki turmak xohlashlarini yozib jo‘natishadi. Agar bunga qiynalishsa, o‘zimizning katalogimizdan tanlashlari ham mumkin. Mijozlarimiz kam emas. Buni yashirmayman. Ertalabki soat 09:00 dan — 19:00 gacha ishlaymiz. Mijozlar o‘zlariga qulay bo‘lgan va biz bo‘shagan paytimizda navbat orqali keladi. Ishimiz erkin. Agar xodimlarimning biror muammosi bo‘lsa, o‘rnida ishlab ham turaman. Ammo ish jarayoni boshlandimi, jiddiy yondashishlari, mijozga sifatli xizmat ko‘rsatishlari shart.
Vujudingda o‘zingnikidan boshqa jajji yurak urayotganda ma’suliyat ikki hissa ortadi
Homiladorlik paytimda ko‘p qiyinchiliklarga uchramaganman. Odatda vrach qabuliga yolg‘iz o‘zim borardim. U esa tekshirib, ahvolim joyida bo‘lsa, yaxshi belgisini berar, agarda biror kamchilik chiqib qolsa, qog‘ozga oying yoki qaynonang kelsin deb yozib berardi. Umaman olganda, sog‘liq nozik narsa. Ayniqsa, jajji bir boshqa odamni dunyoga keltirayotgan bo‘lsang, mas’uliyat ikki hissa ortadi. Mabodo tekshirayotgan shifokorning sinchiklab tashxis qo‘ymayotganini sezsam ham uyga qaytib onam, qaynonam, agar ular ham bo‘lmasa, biror surdotarjimon bilan borardim.
Tug‘ruq jarayonida qaynonam, onam boshimda turgan. Bundan tashqari surdotarjimon ham chaqirganmiz. Qo‘rqinchli narsa bo‘lmagan. O‘g‘limni operatsiya orqali dunyoga keltirganman. Bola tug‘ilgandan keyin ham qaynonam xonadan darrov chiqib ketmagan. Bolaning yig‘isini kimdir eshitib, ko‘ngli tinchishi, boshqalarga ham yetkazishi kerak-ku. Men eshitmaganim uchun bu vazifani qaynonam bajargan. Mana o‘sha jajji go‘dak hozir 7 yoshga to‘ldi. Vaqt tez o‘tar ekan. Yaqinda o‘zim maktabda o‘qib yurgandim. Endi esa bolam birinchi sinfga chiqdi.
Imkoniyati bor, imkoniyati cheklangan — bir paytda hammani o‘qita oladigan kurs ochaman
Yaqinda manikyur kursini ochaman. Imkoniyati cheklangan, sog‘lom farqi yo‘q — bir paytda hammaga o‘rganish imkoniyatini berishni rejalashtiryapman. Buning uchun bitta surdotarjimonni ham ishga olaman. Men imo-ishora tilida o‘rgataveraman. Jarayonning o‘zida tarjimon uni eshita va gapira oladigan qizlarga tarjima qilib turadi. Kurs deyarli ishga tushish arafasida. Bu inklyuziv kurs bo‘ladi. Shu bilan EVGIChlarning ham jamiyatga singib ketishi, ularga ham odatdagidek qaralishiga biroz bo‘lsa-da hissa qo‘sha olishim mumkin.
Qachongacha imkoniyati cheklanganlar nimanidir o‘rganishi uchun to‘siq bo‘ladi? Qachongacha bizni yerga uradigan “ayrim” gapira oladigan “odam”larning og‘ziga qarashimiz, ularning davrasida o‘zimizni noqulay his qilishimiz kerak? Oldimizdagi to‘siqlarni o‘zimiz yengamiz. Turli mashg‘ulot, treninglarda biz kabi insonlarning borligini inobatga ham olishmaydi. Hatto surdotarjimon chaqirishmaydi. Mening kursimda bunday diskriminatsiya bo‘lmaydi. Gapira oladiganlar uchun tarjima xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Kirill Biryukov, 34 yoshda. Madina Saxapovaning turmush o‘rtog‘i. Eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan. Shunga qaramasdan, o‘z mebel fabrikasini ochib, ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minlagan. Ular orasida 3 nafar EVGICh ham bor.
Duradgorlik menga bobo meros
Bobom — onamning dadasi duradgor bo‘lgan. Bolaligimda ularnikiga ko‘p borib yurardim. Bobomning ishiga o‘zim xohlaganda qarashib yurish bilan birga u meni yog‘ochdan nimadir qilishga, sinab ko‘rishimga undardi. Qo‘lingda hunarning bo‘lsa, hech qachon ilojsiz qolmaysan derdi. Eshitish va gapirish imkoniyati cheklanganlar maxsus maktabini tugatganimdan so‘ng ham ishsiz qolmasin, o‘zining yo‘lini topib ketsin deb, garchi o‘zim xohlamasam-da kollejga olib borgan. Kollejni arang bitirib oldim-u mebel ishlab chiqaruvchi bir sexga ishga kirdim. Aslida, ko‘p mebellarni mustaqil qila olsam-da, ishonch uchun ikki oy tekinga ishladim. O‘shanda 18 yoshda edim. Mana, 16 yildan beri shu soha qozonidaman. Keyinchalik o‘zimning mebel ishlab chiqaruvchi korxonamni ochdim.
Oshxona, yotoqxona, ofis-u darsxona — barcha turdagi mebellarni boshdan-oyoq bemalol tayyorlay olaman. Raqobat katta bo‘lgan bu sohada o‘zimni topish oson bo‘lmagan. Ishimni endi boshlaganimda ko‘pchilik uddalashimga ishonmagan. Kelgan xaridorlar menga buyurtma berishga juda ikkilanardi. Buyurtma bersam-u o‘xshatolmasang, vaqt, puldan kuyib qolsam-chi deyishardi. Agar o‘xshamasa, bir so‘m ham olmayman, bir-ikki kunning ichida tayyorlayman, vaqtingiz ko‘p ketmaydi deganimdan so‘ng, mayli qilib ko‘r-chi deyishgan paytlar ko‘p bo‘lgan. Ishni bitirib ko‘rsatganimda ma’qul tushganlar bugungi kunda doimiy mijozlarim.
Har qanaqa ishda ham mehnatingizdan foydalangan odamning o‘zi sizni reklama qilib beradi. Yaxshi ishlagan bo‘lsangiz yaxshi, naridan-beri, qo‘l uchidagi mehnat bo‘lganda esa aksi. Korxonamni ochishgacha bo‘lgan jarayon ham oson o‘tmagan. Toshkentdagi deyarli barcha mebel do‘konlariga birma-bir kirib, qanday sifat va uslubdagi mebellarga talab ko‘pligini kuzatar, do‘kondorlardan so‘rardim. Korxona ochishning ham yugur-yugurlari bor. Ularning barchasiga dadam bosh-qosh bo‘lgan. Buni eshitgan ko‘pchilik, qo‘ysang-chi, Kirill, sen korxona ochasanmi deb kulib ketardi. Mana uddaladim. Mehnatda gap ko‘p.
Mehribon ota va mas’uliyatli turmush o‘rtoqman
Ayolim bilan avvaldan tanish bo‘lganmiz. 2012-yil taqdirning tasodifi bilan yana ko‘rishib qoldik. Do‘stona munosabatdan muhabbat paydo bo‘lib, 2014-yil to‘yimiz bo‘lgan. O‘zimni mehribon ota va mas’uliyatli turmush o‘rtoq deb bilaman. Oilaga javobgarlik, nimadir kerak bo‘lganda, yugurish hammasi o‘z bo‘ynimda. Murosa-yu madorada erkak kishi qadam tashlamasa, ayollar qaysarlikda davom etaveradi. Ayolimning sartaroshxonasi uchun kerak bo‘ladigan barcha narsalarni olib berish ham o‘z bo‘ynimda. U ertalabdan kechgacha ish bilan, bolaga qarash bilan band. Vaqti bo‘lmaydi. Bolamning tarbiyasiga onasi jiddiyroq yondashadi. Unda o‘zimni — Kirillning bolaligini ko‘raman.
“Dubay Toshkent emas, adashib qolasizlar”. Oilaviy sayohat uchun ota-onam qarshi bo‘lgan
Karantindan oldin ayolim va o‘g‘lim bilan sayohat uchun Dubayga borgan edik. Bu taklif o‘zi ayolimdan chiqqan. Biz ham biror yerga sayohatga boraylik. Mana bir necha yildan beri ishlab, o‘zimizni oyoqqa turg‘izdik. Endi bizga ma’naviy hordiq ham kerak degandi. O‘ylab ko‘rsam, uning gapida jon bor. Ishlasang-u maqsading faqat pul topishdangina iborat bo‘lsa, nimasi qiziq hayotning? Men-ku ish bilan Xitoy, Rossiyaga borganman. Ammo ayolim va bolam hali biror davlatga bormagan. Qat’iy qarorga kelib, ota-onamga buni aytganimizda ikki tarafdan ham qarshilik bo‘ldi. U yer Toshkent emas, adashib qolasizlar deb norozilik bildirishdi. Nima, bizning dunyo ko‘rishga haqimiz yo‘qmi? Eshitolmasligimiz, gapirolmasligimiz to‘sqin bo‘ladimi bunga deb to‘polon qilganman.
Onam o‘zlaring-ku mayli, nevaramni ham olib ketasanlarmi deb yig‘lagan. Sayohat agentliklari bor paytda adashish yoki biror mamlakatni topolmay qolish mumkin emas. Biz ham sayohat agentligi orqali ketdik. Agentlik tomonidan surdotarjimon xizmati ham taqdim etildi. Dubayga uchib yetgach, uyga telefon qilganimizda keyin ko‘ngillari biroz bo‘lsa-da xotirjam bo‘lgan. U yerdagi sayohat marshruti, mehmonxona, qaytib kelish — hamma sharoitlarni berish sayohat agentligining zimmasida bo‘ldi. 10 kundan so‘ng O‘zbekistonga qaytdik. Xudo bizni shunaqa qilib yaratgan. Taqdirimizdagini boricha qabul qilishga kuchimiz yetadi. Ammo eshitish va gapirish imkoniyatimizning cheklanishi boshqa imkoniyatlardan ham mahrum degani emas.
“Bizda imkoniyati cheklanganlar uchun ish o‘rni yo‘q”: Mebel korxonasini shuning alami ortidan ochdim
Bekorga o‘z biznesimni qurmadim. Sexda yaxshi ishlaganim uchun ozmuncha [maosh] berishmasdi. Ammo o‘zimga o‘xshagan EVGIChlar ko‘plab sex, fabrika, zavodlarga ish so‘rab borganda, bizda hozir imkoniyati cheklanganlar uchun ish yo‘q deb ular uchun eshiklarini yopiq qo‘yishlarini ko‘p eshitaman. Guvoh bo‘lganman. Ularning bundan qiynalganini ko‘rib, ichimdan siqilib ketardim. Korxonamni ana shu alamning ortidan ochdim. Hali EVGIChlarga past nazar bilan qaraydiganlarning o‘zi bizdan ish so‘rab keladi, ishsiz EVGIChlarni esa ish bilan ta’minlayman deb maqsad qo‘yganman.
Mana, uddaladim. Endi o‘zimni hamma bilan teng ko‘raman. Birovdan kam yoki ko‘nglim o‘ksiydigan joyim yo‘q. Buning uchun asoslarim juda ko‘p. Ota-onamga boqimanda emasman. Ularga yordamim tegayotganda har safar yaxshi farzand ekanimni his qilaman. Ko‘pchilik EVGIChlar atrofdagilardan ham oldin ota-onasi tomonidan diskriminatsiyaga uchraydi. Ularni har tomondan cheklashadi. Ammo mening ilk qo‘llab-quvvatlovchim ota-onam bo‘lgan. Oilada mendan tashqari akam ham bor. U sog‘lom. Biror joyda akamdan ajratishmagan. Umuman, avlodimizda mendan boshqa hech kimda bunday nuqson yo‘q.
Mashina boshqarayotganimda to‘xtatgan YPX xodimlari EVGICh ekanimga ishonishmaydi
Yonimda doim turadigan insonlar bo‘lmaganda, ehtimol, men ham jur’atsiz, hech narsa qo‘lidan kelmaydigan bo‘lib ulg‘ayardim. Bobom majburlab duradgorlikni o‘rgatib, kasb-korlik qilgan bo‘lsa, 14 yoshimda akam majburlab mashina ruliga o‘tqizgan. 18 yoshimgacha hovlimizning yaqinidagi bozorcha, do‘konlarga borib-kelib haydashni o‘rgangandim. 18 yoshimda avtomaktabga bordim. Oradagi to‘rt yil menga hamma qoidalarni o‘rgatib bo‘lgandi. Haydovchilik kursida eshita va gapira oladiganlar bilan birga o‘qiganman. Alohida surdotarjimon ajratilmagan. Keyin mashina oldim. Mana o‘n olti yildan beri mashina boshqaraman.
Yo‘ldagi boshqa mashinalar ovozini qulog‘imdagi maxsus eshitish moslamasi bilan eshitaman. Harakat davomida YPX xodimlari to‘xtatsa, EVGICh ekanimga ishonmaydi. Shunda nogironligim borligi to‘g‘risidagi guvohnomam, mashinamdagi maxsus belgini ko‘rgach, biroz ikkilanib ishonishadi. Agar biror muammo, tushunmovchilik bo‘lsa, yozishib muloqot qilamiz. Lekin xursand bo‘ladigan tarafim — ayrim YPX xodimlari imo-ishora tilini biladi. Ular nimanidir tushuntirishga harakat qilganda bizning ham tilimizni bilisharkan deb quvonaman. Ko‘cha-ko‘yda, biror tashkilotda odatiy hollarda bizni hech kim tushunmaydi. Biz esa boshqalarni.
Nega tilimizni kech kim bilmaydi degan o‘kinch ham bo‘ladi ichimizda. Agar shaxsiy mashinamdan foydalanmay qolsam, “Yandeks” taksilarida yuraman. Yo‘lda yurish uchun sharoitlar hozir anchagina qulay. Avvallari taksiga chiqsam, yo‘lni yozib tushuntirishimga to‘g‘ri kelgan. Bir burilishga kelganda to‘xtatib, qayerga yurishini yozib ko‘rsatib turardim. Bu ancha vaqt va asablarni olib qo‘yardi. Hozir esa manzilingizni belgilasangiz, taksining o‘zi olib borib qo‘yadi.
Moskvada aviasozlik bo‘yicha o‘qimoqchi edim, ammo…
Korxonam uchun zarur mollar olishga unchalik qiynalmayman. 12 yildan beri mol oladigan doimiy hamkorlarimiz bor. Ularga biz uchun kerak narsalarning ro‘yxatini tashlab ketsam, o‘zlarida yo‘g‘ini topib, tayyorlab qo‘ygach, meni chaqiradi. Surdotarjimon xizmatidan odatda shifokorga borsamgina foydalanaman. Qolgan paytlarda ishimni yozishish orqali gaplashib, bitirishga harakat qilaman. Kelgusida biznesimni kattalashtirib, korxonamni mebel ishlab chiqarishda yetakchilardan biriga aylantirmoqchiman. Bir necha yildan keyin ulgurji mol sotadigan yirik do‘konlarni ochish rejam bor. Mebelchilik har qanday holatda ham birinchi soham bo‘lib qolaveradi.
Oyoq-qo‘lim butun, ko‘zim ko‘radi. Birovning yordamiga har kun muhtoj qilib qo‘ymaganiga shukur. Bir armonim — Moskva davlat universiteti aviasozlik yo‘nalishida o‘qiyolmaganman. U yerda inklyuziv ta’lim uchun sharoitlar yetarli bo‘lib, EVGIChlarni ham o‘qishga qabul qilardi. Ammo biznesimni boshlaganimdan o‘qish ham qolib ketdi. Dadam ham bu uchun ko‘p harakat qilgan. O‘sha payt o‘qib olsam bo‘larkan. Endi shuncha qilganlarimni tashlab, o‘qishga ketgim ham kelmaydi. Balki ishda o‘z o‘rnimni topolmaganimda o‘qirmidim. Mayli, nasiba deydi-ku. Xudo menga eshitish va gapirish imkonini bermagan bo‘lsa ham kasb-hunar berdi. Hayotda o‘z o‘rnimni topib yashayapman.
Ziyoda Ramazanova suhbatlashdi.
Qahramonlarning gaplarini surdotarjimon Gulnora Mahkamova tarjima qildi.
Izoh (0)