Dunyo va o‘zbek sportiga oid 17-sentabr kunining eng muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.
O‘zbekiston
Superliganing 19-turidan o‘rin olgan uchrashuvlar 19—21-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. PFL ushbu bahslarda ishlaydigan hakamlarni e’lon qildi. Mazkur tur doirasidagi “Surxon” — “Nasaf” uchrashuvi qarshiliklarning OFK Kubogidagi o‘yini sabab noma’lum muddatga qoldirilgan.Toshkentda Ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi saralash bosqichi start oldi. Dastlabki turda Janubiy Koreya terma jamoasi Mo‘g‘ulistonni 12:0 hisobida taslim etdi. 20-sentabr kuni O‘zbekiston mo‘g‘ulistonliklarga qarshi o‘ynaydi. 23-sentabrda esa O‘zbekiston — Janubiy Koreya uchrashuvi o‘tkaziladi. Eslatib o‘tamiz, guruhda birinchi o‘rinni egallagan jamoa final bosqichiga yo‘l oladi.
Jahon
Yevropa maydonlarida 16-sentabr kuni Yevropa Ligasi va Konferensiyalar Ligasining 1-tur uchrashuvlari o‘tkazildi.Eldor Shomurodovning “Roma”si yangi tashkil etilgan Konferensiyalar Ligasi dastlabki turida Sofiyaning “SSKA”sini qabul qilib, 5:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu uchrashuvda to‘liq harakat qilgan Shomurodov ikkita golli uzatmaga muallif bo‘ldi. FotMob portali o‘zbekistonlikni uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi (9 ball) deb topgan bo‘lsa, SofaScore talqini bo‘yicha Eldor ikkinchi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi (7,7 ball).Har uchala Yevrokubokda haftaning eng yaxshi o‘yinchilari aniqlandi
“Ayaks” safida YChLda debyut qilgan Sebastyen Aller Chempionlar Ligasi 1-turining eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Aller “Sporting”ga qarshi o‘yinda (5:1) da to‘rtta gol urgandi.
“PSV” forvardi Mario Gyotse esa Yevropa Ligasida tengsiz bo‘ldi. Nemis futbolchisi “Real Sosyedad”ga qarshi bellashuvda bittadan gol va golli uzatma amalga oshirgandi.
Konferensiyalar Ligasida esa Stipe Peritsa (“Makkabi Tel-Aviv”) eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldi. Xorvatiyalik futbolchi “Alashkert”ga qarshi o‘yinda bitta gol va bitta golli uzatma amalga oshirgandi.
Jasur Yaxshiboyev va “Sherif”ning boshqa futbolchilari mukofot puliga ega bo‘ladi
Chempionlar Ligasidagi debyut o‘yinida “Shaxtyor”ni mag‘lub etgan “Sherif” klubi mazkur g‘alabadan qancha ishlab topgani va bu summaning qancha qismi futbolchilarga berilishi ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, “Sherif” YChL guruh bosqichidagi g‘alaba uchun UEFA 2,8 million yevro mukofot puli oladi. Bu miqdorning 1 millioni futbolchilar va murabbiylar shtabi vakillari orasida taqsimlanadi. Qolgani esa klub budjetiga ketadi. Bu orqali asosiy tarkibda maydonga tushgan Yaxshiboyev taxminan 25—35 ming yevro atrofidagi mukofot puliga ega bo‘lganini taxmin qilish mumkin.
Kingsli Koman yuragidan operatsiya qilindi
“Bavariya” hujumkor yarim himoyachisi yuragidagi muammo sabab jarrohlik stoliga yotgan. Bu haqda myunxenliklar klubi matbuot xizmati ma’lum qildi. Futbolchi 1,5—2 hafta tiklanish jarayonida bo‘ladi.
Moliyaviy masalalar bo‘yicha “Barselona” vitse-prezidenti Eduard Romeu “Real” prezidenti Florentino Peres oldida shlyapasini yechishga tayyorligini bildirdi.
“Ular haqiqatda Mbappe va Holandni sotib olishga qodir. “Real” — katta va juda kuchli klub. Agar biz so‘nggi yillarda diqqatliroq bo‘lganimizda xuddi ular kabi qudratli bo‘lishimiz mumkin edi.
Florentino Peres klubni qanday boshqarayotganini ko‘rib, uning oldida shlyapangni yechging keladi. Moliyaviy va biznesga oid sohada hech kim mister Peresning oldiga tusha olmaydi. Uning ish yuritish uslubiga havas qilaman. Uni faqat olqishlashim mumkin”, — deydi Romeu.
“Manchester Yunayted” 2020/21-yilgi mavsumni 92,2 million funt zarar bilan yopdi
Klubning daromadi avvaliga 627,1 milliondan 509 millionga, keyinchalik 494,1 million funtga pastlagan. 30-iyun holatiga ko‘ra so‘nggi bir yillikdagi zarar 92,2 million funtni tashkil qilgan. Bunga koronavirus pandemiyasi sabab bo‘lgan. “Yunayted”ning qarzi 471,1 milliondan 419,5 millionga pastlagan. Maosh fondi esa 13,6 foizga (322,6 mln funt) o‘sgan.
Izoh (0)