Qashqadaryoda 38 yil oldin qurilib, foydalanishga topshirilgan viloyat musiqali drama teatri qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda teatrning 89-mavsumi ochilishida ishtirok etgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Ma’lumot berilishicha, 2020-yilning noyabr oyida ta’mirlash ishlari boshlangan teatr ta’miriga salkam 17 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.
Ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrining 89-mavsumi ochilishida o‘zbek teatr san’ati ustalari — Yoqub Ahmedov, Yodgor Sa’diyev, Erkin Komilov va bir nechta san’atkorlar ishtirok etgan.
Teatrning 89-mavsumi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri 1932-yil Qarshi va Shahrisabz havaskor guruhlari negizida tashkil etilgan bo‘lib, 1936-yil davlat teatri maqomini olgan. Teatrga 1943-yil vafot etgan Mulla To‘ychi Toshmuhammedov nomini abadiylashtirish maqsadida san’atkor nomi berilgan. Teatr binosi 1983-yil qurilib, foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 2021-yil salkam 17 milliard so‘mga qayta ta’mirlangan.
Eslatib o‘tamiz, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov nomi bilan yuritilayotgan teatrga 2016-yil Vazirlar Mahkamasi qarori bilan viloyat musiqali drama teatri nomi berilgan.
Ochilish marosimida shuningdek, viloyat hokimi Zoir Mirzayev Madaniyat vazirligining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Mukofotni vazir o‘rinbosari topshirgan. So‘ngra, teatrning 89-mavsumi rasman ochib, mavsum uchun sahnalashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etilgan.
Izoh (0)