Toshkent aeroportida 29, 26 va 22 yoshli ayollarni Turkiyaga fohishalikka yuborayotgan ayol ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Toshloq tuman bo‘limi tomonidan viloyat DXX hamda IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.X. uch nafar ayolga o‘z hisobidan aviachipta olib berib, ularni Turkiyaning Antaliya shahrida fohishalik qilishga yollab, Toshkent xalqaro aeroportida Toshkent—Antaliya yo‘nalishi orqali jo‘natayotganida ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval Farg‘onada bir ayolni aldab, uni Turkiyaga fohishalik qilishga yubormoqchi bo‘lgan ikki ayol qo‘lga olingandi. Shuningdek, Xorazmda uch nafar qizni Dubayga fohishalik qilish uchun jo‘natishga uringan shaxslar, Samarqandda 37 yoshli ayolni 1000 dollar evaziga Turkiyaga fohishalik uchun sotgan erkak ushlangandi.
Izoh (0)