Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Dunyo bo‘ylab 2020-yil boshidan 2021-yilning iyul oyi o‘rtalariga qadar hokimiyat tepasidagi sakkiz nafar davlat yoki hukumat rahbari vafot etdi yoki o‘ldirildi — bu kamida so‘nggi yigirma yil ichidagi rekord ko‘rsatkich, deb yozadi “RBK”.

O‘z qarorgohida otib o‘ldirilgan Gaiti prezidenti Jovenel Moizning dafn marosimi

O‘z qarorgohida otib o‘ldirilgan Gaiti prezidenti Jovenel Moizning dafn marosimi
Foto: AP Photo

Taqqoslash uchun 2018–2019-yillarda besh nafar rahbar vafot etgan yoki o‘ldirilgan bo‘lsa, 2016–2017- yillarda bular to‘rt kishini tashkil qilgan. 2003—2004-yillarda yetti davlat yoki hukumat rahbari hayotdan ko‘z yumgandi. 2020—2021-yillarda vafot etgan yoki o‘ldirilgan sakkiz rahbarning barchasi uchinchi dunyo mamlakatlariga to‘g‘ri keladi.

Bu borada so‘nggi holat Gaiti prezidenti Jovenel Moizning o‘ldirilishi bo‘ldi. U 7-iyulga o‘tar kechasi qurolli hujumchilar tomonidan o‘z qarorgohida otib o‘ldirilgan. Hodisada prezidentning rafiqasi ham og‘ir jarohat olgan, ammo u AQShga olib ketilib, tibbiy yordam bilan hayoti saqlab qolingan. Mamlakat bosh vaziri vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Klod Jozefning aytishicha, hujum qilganlar ingliz va ispan tillarida so‘zlashgan. Gaiti ovoz berish va partiyalararo aloqa ishlari vaziri Matias Pyerning ta’kidlashicha, Moizning o‘ldirilishi 26 kishidan iborat to‘da tomonidan uyushtirilgan. Ulardan to‘rt nafari otib tashlangan.

Jovenel Moiz

Jovenel Moiz
Foto: Getty Images

Aprel oyida Chad prezidenti Idris Debi isyonchilar bilan jangda olgan jarohatlari oqibatida vafot etdi. U 1990-yildan beri davlatni boshqarib kelardi. Prezidentning o‘limidan so‘ng Chad hukumati va parlamenti tarqatib yuborildi. Mamlakatda harbiylar tomonidan tayinlangan kengash keyingi 18 oy davomida hukmronlik qiladi.

Idris Debi

Idris Debi
Foto: Getty Images

Afrikaning yana ikki yetakchisi — Tanzaniya prezidenti Jon Pombe Jozef Magufuli va Burundi prezidenti Pyer Nkurunziza esa kasallikdan vafot etdi. OAVda har ikkala yetakchi COVID-19 bilan og‘rigani haqida xabarlar tarqaldi.

2021-yilning mart oyida vafot etgan Magufuli Tanzaniyada lokdaun joriy qilishdan bosh tortib, tibbiy niqob taqishga qarshi chiqqandi. Shuningdek, u tanzaniyaliklardan koronavirus ustidan g‘alaba qozonish uchun ibodat qilishni so‘ragan. 2020-yil aprel oyida Tanzaniyada kasallanish holatlarining rasmiy statistikasini chop etish to‘xtatildi. Magufuli mamlakatni koronavirusdan xoli deb da’vo qildi va respublikani sayyohlar uchun ochib qo‘ydi.

Jon Pombe Jozef Magufuli

Jon Pombe Jozef Magufuli
Foto: Global Look Press

Burundi rahbari Nkurunziza 2020-yil 8-iyun kuni yurak to‘xtab qolishi oqibatida vafot etgandi. Shu bilan birga, mahalliy OAV davlat rahbarida koronavirus yuqtirgani haqida yozgan. Nkurunziza mamlakatni hammasi bo‘lib 15 yil boshqargan.

Pyer Nkurunziza

Pyer Nkurunziza
Foto: Getty Images

Shuningdek, Bahrayn bosh vaziri Xalifa ibn Salmon al-Xalifa (2020-yil noyabrda) va Esvatini Qirolligining bosh vaziri Mandvulo Ambroze Dlamini (2020-yil dekabrda) ham kasallikdan vafot etdi.

Bundan tashqari, so‘nggi ikki yil ichida Kot-d’Ivuarning biryo‘la ikki bosh vaziri olamdan o‘tdi. 2020-yil 8-iyulda Amadu Gon Kulibali vafot etdi — u Vazirlar Kengashi yig‘ilishidan keyin o‘zini yomon his qilgan. O‘sha yilning 10-martida Amed Bakayoko saraton kasalligidan vafot etgandi.

Birgina 2021-yilda siyosatchilarga qarshi kamida to‘rtta suiqasd va bitta suiqasdga urinish uyushtirildi.

20-iyul kuni Malida harbiy to‘ntarishdan keyin mamlakatni boshqarib kelayotgan muvaqqat prezident, polkovnik Assimi Goitu hayotiga suiqasd qilindi. Unga mamlakat poytaxti Bamakodagi masjidda ikki qurollangan kishi hujum qilgan, ulardan birining qo‘lida pichoq bo‘lgan. AFP masjid mutasaddilaridan biriga murojaat qilib, aniqlik kiritishicha, hujumchi prezidentning orqasidan pichoq bilan urmoqchi bo‘lgan, ammo u prezidentni emas, boshqa odamni jarohatlagan.

26-iyun kuni Kolumbiya prezidenti Ivan Duke olib ketayotgan vertolyot Janubiy Amerika respublikasining sharqiy qismi ustidan uchib o‘tayotganda noma’lum shaxslar tomonidan o‘qqa tutildi. Otishmada prezident vertolyotiga oltita o‘q teggan, ammo voqea paytida hech kim jabrlanmagan. Kolumbiya politsiyasi prezidentga suiqasd uyushtirishda gumon qilib, olti kishini hibsga oldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olinganlar FARC (“Kolumbiyaning inqilobiy qurolli kuchlari”) guruhi ishtirokchilari yoki ular foydasiga jinoyat sodir etadigan kishilar.

May oyida Maldiv orollarining sobiq prezidenti, Xalq majlisi (parlament) spikeri Muhammad Nashidning hayotiga suiqasd uyushtirildi. Sodir etilgan portlash natijasida u ko‘plab jiddiy jarohatlar olgan va ahvoli o‘ta og‘irlashgan. So‘ng Nashid Male shahridagi kasalxonada bir nechta operatsiyalarni boshdan o‘tkazdi, hozir esa Germaniyada davolanmoqda. Maldiv poytaxti Male politsiya noziri Muhammad Bashirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning 25 ta aholi punktida o‘tkazilgan antiterror operatsiyasi natijasida suiqasd uyushtirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingan. Avvalroq politsiya ushbu ish bo‘yicha to‘rt kishini hibsga olgandi, ularning ismlari oshkor qilinmagan.

29-may kuni Uganda transport vaziri, mamlakat armiyasining sobiq yuqori martabali ofitseri Katumba Vamalaning mashinasi o‘qqa tutildi. Mashina ichidagi siyosatchining qizi va haydovchi halok bo‘lgan. Vamalaning o‘zi yarador bo‘lsa ham omon qolgan. Ushbu suiqasdni uyushtirishda besh kishi ayblanmoqda.

22-iyul kuni Madagaskar prezidenti Andri Radzuelinaning hayotiga suiqasdning oldi olingani va tergov doirasida ikki kishi hibsga olingani haqida xabar berildi. RFI radiostansiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar “yirik siyosiy arboblar”, jumladan prezidentni o‘ldirishni rejalashtirgan franko-malagasi Pol Rafanoxarana va fransuz Filipp Fransua. Reuters bosh prokurorga asoslanib xabar berishicha, prezidentga suiqasdni tashkillashtirishda gumon qilinib bir necha kishi hibsga olingan, ular orasida Madagaskar fuqarolari ham, chet el fuqarolari ham bor. Politsiya suiqasdni amalga oshirishda foydalanish rejalashtirilgan qurolni musodara qildi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirish haqidagi arizalarni alohida-alohida ko‘rib chiqishi mumkin
Mahalliy
O‘zbekistonda dollar kursi pastladi 
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi