Mamlakatni 30 yildan ortiq boshqargan Chad prezidenti Idris Debi Itno isyonchilar bilan bo‘lgan jangda o‘ldirildi. Bu haqda Chad armiyasining davlat televideniyesida bergan bayonotiga asoslanib, Associated Press xabar berdi.

Foto: Reuters

Xabarga ko‘ra, 68 yoshli Idris Debi jang maydonida olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. O‘tgan hafta oxirida Debi qo‘shni Liviyadan mamlakatga bostirib kirgan isyonchilarga qarshi jang paytida armiyaga qo‘mondonlik qilgan. Bosqin 11-aprelda, Chadda prezident saylovlari o‘tkazilgan kuni boshlangan. Qo‘zg‘olonchilar Chad poytaxti Njamena tomon yuzlab kilometr yurganlaridan keyin Debi armiyaga boshchilik qilib, jangovor harakatlar bo‘lgan joyga borgan. To‘qnashuvlarda davlat rahbari jiddiy jarohat olgan.

Chad milliy saylov komissiyasida Idris Debi oltinchi muddatga prezidentlikka qayta saylandi. Saylovchilarning 79 foizi Debini qo‘llab-quvvatlagan. G‘alaba unga yana olti yil hokimiyatda qolishiga imkon bergan. Natijalar e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach, harbiylar prezident vafot etgani haqida xabar berdi. Chad armiyasi vakili general Azem Bermandoa Agunaning aytishicha, Debi “jang maydonida millat suverenitetini himoya qilish uchun jon berdi”.

Prezident vafotidan keyin hokimiyatga kelgan harbiylar chegaralarni yopib qo‘ydi. Shuningdek, armiya mamlakatda komendantlik soati e’lon qildi. Debi vafotidan keyin Chad hukumati va parlamenti tarqatib yuborildi. Keyingi 18 oy davomida mamlakatni harbiy kengash boshqaradi. Unga marhum prezidentning o‘g‘illaridan biri, 37 yoshli general, prezident gvardiyasi qo‘mondoni Mahamat Idris Debi Itno boshchilik qiladi.

“ 18 oylik o‘tish davri milliy kengashi Chad aholisini respublikada tinchlik, xavfsizlik va tartibni ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rilganiga ishontiradi”, — dedi general Aguna.

Idris Debi Itno Afrikada hukumatni eng uzoq vaqt boshqargan rahbarlardan biri. U 1990-yilgi qo‘zg‘olon natijasida hokimiyatga kelgan. Uning hukmronligi davrida muxolifat prezidentni repressiyada ayblagan. Reuters xabariga ko‘ra, 2018-yilda Debi konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirgan, bu unga 2033-yilgacha hokimiyatda qolishiga imkon bergandi. G‘arb davlatlarida, shu jumladan Fransiyada, Debi islomiy ekstremistik guruhlarga qarshi kurashda ittifoqdosh sifatida ko‘rilgan.

Avvalroq Tanzaniyaning 61 yoshli prezidenti Jon Magufuli vafot etgan edi. Tanzaniya muxolifati rahbari Tundu Lissu prezidentning koronavirus bilan kasallangani va qo‘shni davlat Keniyada kasalxonaga yotqizilgani haqida aytgan. Ammo prezident o‘limining rasmiy sababi sifatida yurak bilan bog‘liq muammolar keltirildi.

Tanzaniya prezidenti bilan vidolashish marosimida yuzaga kelgan olomon tiqilinchi oqibatida 45 kishi halok bo‘lib, 37 kishi jarohat olgan.

Eslatib o‘tamiz, 9-aprel kuni qirolicha Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp 99 yoshida olamdan o‘tdi. 18-aprel, yakshanba kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning otasi Malikguli Berdimuhamedov 89 yoshida vafot etdi. Shuningdek, amerikalik tadbirkor, Adobe asoschilaridan biri 81 yoshli Charlz Geshke 16-aprel kuni vafot etdi.