Madagaskar prezidenti Andri Radzuelinaning hayotiga suiqasd uyushtirildi. Bu haqda mamlakat prokuroriga tayanib Radio France International (RFI) xabar berdi.

Andri Radzuelina.

Foto: Reuters

Xabarga ko‘ra, suiqasd tafsilotlari, jumladan, hodisa qachon sodir etilgani oshkor qilinmagan, ammo tergov doirasida ikki kishi hibsga olingan. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslar —  Pol Rafanoxarana va fransuz Filipp Fransua. Ular “yirik siyosiy arboblar”ga, jumladan, prezidentga suiqasd qilishni rejalashtirgan, deb xabar qilmoqda RFI. Ushbu shaxslar Madagaskar milliy xavfsizligiga tahdid solishda ayblanmoqda.

Radiostansiya ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olinganlarning ikkalasi ham Fransiyaning Sen-Sir maxsus harbiy maktabi bitiruvchilari bo‘lgan. Fransua investitsiya fondini boshqargan, Rafanoxarana esa Madagaskar poytaxti Antananarivu arxiyepiskopining maslahatchisi bo‘lgan.

RFI o‘z manbasiga asoslanib xabar berishicha, Rafanoxarana 20-iyul kuni kechqurun o‘z uyida, Fransua esa Antananarivo Ivato aeroportining jo‘nash zalida, Fransiyaga uchib ketmoqchi bo‘lgan paytda hibsga olgan.

Reuters bosh prokurorga asoslanib xabar berishicha, prezidentga suiqasdni tashkillashtirishda gumon qilinib bir necha kishi hibsga olingan, ular orasida Madagaskar fuqarolari ham, chet el fuqarolari ham bor.

2011-yilda ham Radzuelinaga qarshi suiqasd uyushtirilgan edi. O‘shanda respublika rahbarining avtoulovi harakatlanayotgan paytda mashina ostiga joylashtirilgan bomba portlagan. Avtomobil yaxshi himoyalangani uchun davlat rahbari jarohat olmagan.

Radzuelina 2000-yillarning oxirida Antananarivo meri bo‘lib ishlagan, so‘ngra Oliy o‘tish davri ma’muriyatining rahbari bo‘lib, mamlakatni boshqargan, ammo Madagaskar prezidenti sifatida cheklangan vakolatlarga ega edi. U 2019-yildan beri prezidentlik lavozimni to‘laqonli egallab keladi.

Avvalroq Mali prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi, polkovnik Assimi Goytaga mamlakat poytaxti Bamakodagi masjidda suiqasd uyushtirilgandi.

Shuningdek, Afg‘onistonda Hayit namozi o‘qilayotgan vaqtda mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani rezidensiyasi yaqiniga raketa zarbalari yo‘llangani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, iyul boshida Gaiti prezidenti Jovenel Moiz o‘z qarorgohida otib o‘ldirilgandi.