Koronavirus tarqalishiga qarshi choralar ko‘rilishni rad etgan Afrikaning Burundi davlati prezidenti Pyer Nkurunziza vafot etdi. Bu haqda hukumatning Twitter’dagi sahifasi orqali rasman ma’lum qilindi.

Foto: AP Photo

Ta’kidlanishicha, prezident Nkurunziza 8-iyul kuni yurak to‘xtab qolishi oqibatida vafot etgan. Mahalliy OAV esa prezident va uning rafiqasi COVID-19 bilan kasalxonaga tushib qolganini yozgan.

“Burundi hukumati chuqur qayg‘u bilan janobi oliylari, respublika prezidenti Pyer Nkurunziza 8-iyun kuni yurak to‘xtab qolishi oqibatida kutilmaganda vafot etganini ma’lum qiladi”, — deyiladi xabarda.

May oyining oxirlarida davlat rahbarining turmush o‘rtog‘i Deniz Nkurunziza Keniyada koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlikda gumonlanib, shifoxonaga yotqizilgan edi.

20-may kuni Burundida prezidentlik saylovlari o‘tkazilgan. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, saylovoldi kampaniyalari vaqtida aholi joylarda to‘plangani sabab virus keng tarqalgan bo‘lishi mumkin. Hukumat koronavirusning xavfi haqida ommaviy targ‘ibot-tashviqot kampaniyalarini o‘tkazmagan: Nkurunziza pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmagan.

Prezidentlik saylovlarida Nkurunziza tomonidan qo‘llab-quvvatlangan nomzod Evarist Ndayishimiye g‘alaba qozongandi. Prezidentlik muddati avgust oyida tugashi kerak edi.

Avvalroq JSST vakili Afrikada koronavirus bilan vaziyat yomonlashayotganini ma’lum qilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yil 21-aprelda Afrika qit’asida koronavirusga chalinganlar soni 22,5 ming nafardan ko‘proq ekani, keyinchalik oradan bir oy o‘tib, 21-mayda koronavirus yuqtirib olganlarning umumiy soni 3 baravarga ortib 95 ming kishidan oshgani va 100 mingga yaqinlashgani xabar qilingan.