Yevropa Ittifoqi Tanzaniyaga COVID-19’ga qarshi kurashish uchun 27 million yevro ajratdi. Mablag‘ni olgandan so‘ng, rasmiylar mamlakatni koronavirusdan xoli deb e’lon qildi, deb xabar bermoqda Tengrinews mahalliy Great Game India nashriga asoslanib.

Foto: New York Post

Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi birdamlik jamg‘armasi Tanzaniyaga koronavirus pandemiyasi va uning iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun mablag‘ ajratgan. Ushbu mablag‘lar shaxsiy himoya vositalarini sotib olishga, vaksinalar, dori-darmonlarni ishlab chiqarishga, aholini emlash va koronavirus tarqalishiga qarshi qaratilgan boshqa tadbirlarga sarflanishi kerak edi.

Biroq epidemiya bilan kurashish uchun pul olganidan so‘ng, Tanzaniya hukumati mamlakatni koronavirusdan xoli deb e’lon qildi va aholisini emlashni rad etdi. Bundan tashqari, prezident Jon Magufuli COVID-19’ga qarshi biror-bir vaksina sotib olmoqchi emasligini, aksincha kasallikdan himoya qilish uchun mahalliy o‘tlardan foydalanishini aytdi.

“Odamlar nihoyat Tanzaniyada biz xavfsiz ekanligimiz haqidagi haqiqatni bilib olishdi. Eshiting, bu yerda hech kim niqob taqmaydi. Chunki biz xavfsizmiz, bizni o‘lishdan qo‘rqmaydi deb o‘ylaysizmi? Koronavirus bizdan uzoq ketdi. Biz uni yo‘q qildik. Biz ibodat qildik, Xudoni ulug‘ladik va u bizni eshitdi”, – dedi Magufuli.

Mamlakat prezidenti xalq ibodatlar bilan davolanishini qo‘shimcha qildi va Madagaskardan “koronavirusni davolaydigan” o‘simlikdan tayyorlangan ichimlik sotib olishga va’da berdi.

Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqi birdamlik jamg‘armasi vakillari g‘azablanib, parlamentda noroziliklarini bildirishdi. Bu, shuningdek, farmatsevtika kompaniyalari va yevropaliklarni ham g‘azablantirdi.

“Tanzaniya hukumati mamlakatda juda g‘alati tushuntirishlar bilan koronavirus yo‘qligini e’lon qildi. O‘sha mamlakat hukumati JSST ko‘rsatmalariga rioya qilishdan va statistik ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortdi, ammo biz ularga 27 million yevro beryapmiz.

Tanzaniyaga bergan pulimiz, ushbu pulni berish mezonlari qanday bo‘lganligi to‘g‘risida bizning qo‘mitamiz a’zolariga xabar berishingizni va bu pul bilan nima yuz berayotganini bizga xabar berishingizni istardim. Gap yevropalik soliq to‘lovchilarning pullari haqida ketmoqda va agar siz savollarimga javob bera olmasangiz, unda 48 soat ichida yozma ravishda taqdim etasiz, degan umiddaman”, – dedi Yevropa Ittifoqi parlamentining germaniyalik a’zosi Devid Makallister.

Avvalroq Tanzaniyada mamlakatdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilish taqiqlab qo‘yilgani hamda echki va papayyada ham koronavirus aniqlangandan so‘ng ushbu mamlakat Sog‘liqni saqlash milliy laboratoriyasi rahbari ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgandi.