Tanzaniya prezidenti 61 yoshli Jon Magufuli vafot etdi. Bu haqda mamlakat vitse-prezidenti Samiya Suluxu Xasan ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Jon Magufuli

Foto: Reuters

Avvalroq Tanzaniya muxolifati rahbari Tundu Lissu prezidentning koronavirus bilan kasallangani va qo‘shni davlat Keniyada kasalxonaga yotqizilgani haqida aytgandi.

Ammo prezident o‘limining rasmiy sababi sifatida yurak bilan bog‘liq muammolari keltirildi. “Prezident Jon Magufuli 10 yildan beri azob chekib kelayotgan yurak xastaligi tufayli vafot etdi”, — deyiladi mamlakat vitse-prezidenti Samiya Suluxaning bayonotida.

Magufuli mamlakatda cheklovlar joriy qilishdan bosh tortgan va tibbiy niqob taqmaganlarni olqishlagan. Infeksiya tarqalishiga qarshi kurashishning ilmiy usullari o‘rniga, prezident tanzaniyaliklardan COVID-19 ustidan g‘alaba uchun ibodat qilishni so‘ragan va “koronavirus — iblis” deb ta’kidlagan.

Tanzaniya davlatida 2020-yil bahorida 509 nafar kishida koronavirus kasalligi qayd etilgan, 21 kishi kasallikdan vafot etgan. Biroq 2020-yil iyun oyining boshlarida Jon Magufuli mamlakatda kasallik chekinganini va Tanzaniya yana sayyohlarni qabul qilishga tayyorligini rasman e’lon qilgan. Koronavirusga qarshi namoz bilan birga, profilaktika sifatida u dorivor o‘tlar, bug‘ muolajalari, zanjabil va piyoz aralashmasidan foydalanishni taklif qilgan. O‘shandan beri mamlakatda koronavirus bilan kasallanish statistikasi olib borilmagan.

Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi birdamlik jamg‘armasi Tanzaniyaga koronavirus pandemiyasi va uning iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun mablag‘ ajratgan. Ushbu mablag‘lar shaxsiy himoya vositalarini sotib olishga, vaksinalar, dori-darmonlarni ishlab chiqarishga, aholini emlash va koronavirus tarqalishiga qarshi qaratilgan boshqa tadbirlarga sarflanishi kerak edi.

Biroq epidemiya bilan kurashish uchun pul olganidan so‘ng, Tanzaniya hukumati mamlakatni koronavirusdan xoli deb e’lon qilgan.

Yanvar oyi oxirida Magufuli tanzaniyaliklardan “tajriba quyonchasi sifatida foydalanilishini” istamagani uchun aholining emlanmasligini e’lon qildi. “Agar oq tanlilar foydali vaksina yaratishga qodir bo‘lganda edi, ular OITS, saraton va silga qarshi vaksinalarni ham topgan bo‘lardi”, — deya vaksinalarni xavfli deb atagan va ularning ish berishiga shubha bilan qaragan.

Fevral oyining oxiridan boshlab Magufuli omma oldida ko‘rinmay qolgan. Mamlakat rasmiylari muxolifatning prezident koronavirus tufayli og‘ir kasal bo‘lib qolgani haqidagi da’volariga oid hech qanday ma’lumot tarqatmagan. Tanzaniya oppozitsiyasining yetakchisi Lissu 15-mart kuni o‘z manbalariga asoslanib, prezident COVID-19 fonida sun’iy nafas oldirish apparatiga ulanganini aytgan.

Ma’lumot uchun, Magufuli 1959-yil 29-oktabrda respublikaning shimoli-g‘arbiy qismida tug‘ilgan. Matematika va kimyo bo‘yicha pedagogik ma’lumotni egallagan Magufuli nafaqat mahalliy universitetlarda, balki Buyuk Britaniyaning Salford universitetida ham o‘qigan va u yerda 1994-yilda kimyo bo‘yicha magistr darajasini olgan.

1995-yilda Magufuli birinchi bo‘lib o‘zi tug‘ilgan hudud parlamentiga saylandi, shu bilan birga siyosatchi qurilish vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Keyinchalik u mehnat vaziri, qurilish vaziri, chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. Magufuli 2015-yilda Tanzaniyaning beshinchi prezidenti etib saylangan edi.

Avvalroq Tanzaniyada mamlakatdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilish taqiqlab qo‘yilgani hamda echki va papayyada ham koronavirus aniqlangandan so‘ng ushbu mamlakat Sog‘liqni saqlash milliy laboratoriyasi rahbari ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgandi.