Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov quyi palata deputatlari orasida koronavirusga qarshi vaksina olganlar sonini ochiqladi.

Foto: “Daryo”

“Ayni paytda ushbu infeksiyaga qarshi kurashda eng samarali tadbirlardan biri emlash ekanini, bundan boshqa chora yo‘qligini soha olimlari e’tirof etmoqda. Shunga qaramasdan hozirgi kunga qadar quyi palata deputatlarining 70 nafari ixtiyoriy ravishda emlangan xolos.

Qolgan 75 nafar deputat koronavirusga qarshi vaksina olmagani, shuningdek, quyi palata devoni xodimlari o‘rtasida emlanganlar soni kamligi ham salbiy holat, albatta”, – deya ta’kidladi spiker.

Ismoilov bu ishda avvalo har bir inson o‘zi namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“Aslida biz, tibbiyot xodimlari ishini ko‘paytirmasdan, oilamiz, yaqinlarimiz, hamkasblarimiz va do‘stlarimiz hayotini xavfga qo‘ymasdan, avvalo, o‘zimiz namuna bo‘lishimiz lozim. Qolaversa, koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot olib borishimiz, uning ijobiy samarasini aholining barcha qatlamlariga keng tushuntirishimiz zarur”, — dedi spiker Nurdinjon Ismoilov.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi 26-iyun kuni “Men vaksina oldim” aksiyasi boshlanganini e’lon qildi. Aksiya doirasida vazirlik matbuot xizmati deyarli har kuni vaksina olgan yuqori martabali o‘zbekistonliklar haqida axborot berib kelmoqda. Ular orasida katta tibbiyot muassasalari rahbarlaridan tortib, viloyat hokimi-yu vazirlargacha bor.

 Xususan, Senat raisi Tanzila Norboyeva, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov , xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevlar emlangan.

Bundan avval O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qo‘llanilgan vaksinalar soni 5,5 mln dozadan oshgani, MDH mamlakatlari bir-birlarining COVID-sertifikatlarini tan olishni boshlashi mumkinligi hamda O‘zbekistonda hozirga qadar koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlar soni 985 ming kishidan oshgani haqida xabar bermoqda.