Gulnora Rahimova moliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu haqda 12-iyul kuni Prezidentning tegishli qarori imzolandi.
Gulnora Rahimova 1975-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. Mehnat faoliyatini Milliy universitet o‘quv bo‘limi mutaxassisi, Iqtisodiyot fakulteti menejment kafedrasi katta o‘qituvchisi sifatida boshlagan (1995—2002). Milliy universitetda katta ilmiy xodim (2011—2014), Moliya vazirligi huzuridagi budjet tashkilotlari va moliya organlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazining Davlat budjetining G‘aznachilik ijrosi kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘lib ishlagan (2014—2017). Keyinroq ushbu bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat olib borgan (2017—2019).
Shuningdek, u Moliya vazirligi G‘aznachiligining Davlat xaridlari va monitoringi direksiyasining rahbari (2019), so‘ngra Moliya vazirligi G‘aznachiligining Davlat xaridlari departamenti direktori sifatida ishlagan (2019—2020).
Tayinlovga qadar u 2020-yil 2-oktabrdan boshlab Moliya vazirligi G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — Davlat xaridlari departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.
Moliya vazirligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, Gulnora Rahimova 2021-yilning aprel oyida kuchga kirgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning muallifi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 7-martida moliya vaziri maslahatchisi Odilbek Isoqov moliya vaziri o‘rinbosari etib, 2020-yilning 9-iyulida esa Moliya vazirligi Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Jamshid Abruyev moliya vaziri o‘rinbosari etib tayinlangandi.
Izoh (0)