O‘zbekiston Prezidentining 9-iyuldagi qaroriga asosan Jamshid Abruyev Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Moliya vazirligi matbuot xizmati

Jamshid Abruyev Sog‘liqni saqlash vaziriga o‘rinbosarlikka o‘tgan Shohrux Shorahmetov o‘rnini egallagan.

1979-yilda tug‘ilgan Jamshid Abruyev 1999-yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini, 2004-yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetlarini tamomlagan. 2004—2012-yillar davomida Samarqand viloyat hokimligining Moliya boshqarmasi 1-toifali iqtisodchisi, yetakchi iqtisodchisi, bosh iqtisodchisi, bo‘lim boshlig‘i muovini lavozimlarini egallagan. Keyinchalik Toshkent viloyat hokimligi bo‘limlarining birida bosh hisobchi-eksperti sifatida ishlagan.

2017-yilda Moliya vazirligi Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshliq o‘rinbosari, 2017—2018-yillarda vazirlik Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Lavozimga tayinlangunga qadar 2019-yil fevralidan buyon Moliya vazirligi Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.