Hukumat qarori bilan Dilshod Ne’matovich Sattorov Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Ma’lumot uchun, Dilshod Sattorov 1976-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1998-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini, 2010-yilda – O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
U 2016–2018-yillarda O‘zbekiston Moliya vazirligi G‘aznachilik boshlig‘i – vazir o‘rinbosari, 2018-yil 20-avgustdan ushbu tayinlovga qadar O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Shavkat Mirziyoyevning 3-iyun kuni imzolagan farmoni bilan tashkil etilgan. Agentlik texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohalarida davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Bundan avval Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘zgargani, O‘zbekistonning Yaponiyadagi yangi elchisi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)