Namangan viloyatining Kosonsoy tumani “Tergachi” mahallasi hududidagi “Kushon” kichik sanoat zonasidan topilgan bombalar to‘liq zararsizlantirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Zararsizlantirish ishlari Pop tumanidagi G‘urumsaroy qishlog‘ida joylashgan harbiy qism poligonida amalga oshirildi. Aviatsiya bombalari o‘quv snaryadlari ekanligi aytilmoqda.
Kosonsoy tumanidagi “Navbahor” mahallasida yashovchi Mahmudjon ota Sulaymonovning aytishicha, bombalar topilgan hudud o‘tgan asrning 50-yillariga qadar harbiy poligon bo‘lgan. U paytlarda bu yerlarda deyarli aholi yashamagan.
Snaryadlar o‘sha paytlardan qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
Hozirda aviatsiya bombalari topilgan hududda navbatchilik tashkil etilgan va FVB hamda IIB maxsus otryadlari tomonidan qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 7-iyul kuni soat 09.00 atrofida Namangandagi “Kushon” kichik sanoat zonasi hududidan 4 ta butun va 2 ta yarim yemirilgan bomba topilgandi.
Izoh (0)