“Daryo”da “Qarshidagi ‘reyd’da haydovchining tobi qochdi. Voqea guvohlari haydovchi YPX xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytmoqda”, sarlavhali xabar e’lon qilingan edi, Ichki ishlar vazirligi vaziyatni izohladi.
“Holat yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, 2021-yilning 5-iyul kuni Qashqadaryo viloyati IIB YPX inspektori katta serjant O.Tursunov Qarshi shahar A.Temur ko‘chasida, Qarshi shahar Pedagogika kolleji ro‘parasidagi piyodalar yo‘lakchasi ustida to‘xtab turgan haydovchi O.O. boshqaruvidagi Nexia rusumli davlat raqami 70 A 485 NA bo‘lgan avtomashinaga ma’muriy bayonnoma tuzishga kirishgan. Qoidabuzarlikni tegishli tartibda rasmiylashtirish jarayonida avtotransport haydovchisi ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, hujjatlarni taqdim etmagan. Shuningdek, transportda birga bo‘lgan O.O.ning xotini X.Sh. va o‘g‘li T.S. bilan birgalikda janjal ko‘tarib, atrofdagilarning e’tiborini jalb qilishgan”, — deyiladi vazirlik axborot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosovning rasmiy bayonotida.Shohruh G‘iyosovning qayd etishicha, ayol kishining baqiriqlariga to‘plangan fuqarolar xodimlarning faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgan. Janjaldan foydalangan haydovchi esa avtotransportiga minib, voqea joyidan yashiringan.
Hozirda janjal ishtirokchilarining barchasi aniqlanib, tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Xodimlarning harakatlariga esa qonuniy baho berish uchun xizmat tekshiruvi tayinlangan.
“Shu o‘rinda, qoidabuzarligini yashirish va javobgarlikdan qutulib qolish uchun o‘zini jazavaga solib, provokatsiyalar uyushtirib, ommaning e’tiborini jalb qilish maqsadida janjal ko‘tarishga harakat qilayotgan fuqarolarimizga eslatib o‘tamiz – huquqbuzarlik uchun javobgarlik muqarrar”, — deyiladi vazirlik munosabatida.
Mavzuga doir:
- IIV matbuot kotibi: IIB binosida odam o‘limi — yangilik emas
- “IIV xodimlari ishiga xalaqit bermagan holda tasvirga olish va xohlagan platformaga videoni qo‘yish mumkin” — Shohrux G‘iyosov
- “Arzon piar ortidan quvishni bas qiling”. Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi rahbarlarning lavozimdan olinishi to‘g‘risida tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirdi
Izoh (0)