Namanganda koronavirus bilan kasallanish holatlari tobora ko‘payib bormoqda. Bu haqda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzaqov viloyat ahliga murojaatida ma’lum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.
Abdurazzaqovning aytishicha, uch kun avval viloyatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 26 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, keyingi kunlarda bu ko‘rsatkich avval 31 ta, so‘ng 43 taga yetgan.
“Joriy yil 1-iyulidan viloyatda karantin qoidalariga amal qilinishi ustidan nazorat kuchaytiriladi. Bu, xususan, jamoat transporti, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va bozorlarga tegishli. Viloyat rahbari sifatida fuqarolarimizdan niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash va infeksiyaga qarshi emlanishni unutmasliklarini so‘rayman”, — deya ta’kidladi Shavkat Abdurazzaqov.
Ma’lumot uchun, Namanganda 2021-yil fevral oyida yopilgan “Barkamol avlod” sport majmuasidagi COVID-kasalxona shu hafta boshidan yana qayta faoliyatini boshladi.
Izoh (0)