Nyu-York universitetining tibbiyot fakulteti olimlari og‘riq yuzaga kelganda faollashib, uni bartaraf etishga qodir miya implantini yaratdi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Ta’kidlanishicha, qurilma miyaning ikki sohasini birlashtirib, real vaqt rejimida og‘riq hissini aniqlash va bartaraf etishga xizmat qiladi. Aslida ushbu mexanizm “josuslar va uxlayotgan agentlar” jamoasi hisoblanadi. “Josus” og‘riq qayta ishlanayotgan miya sohasidagi elektr signallarni tahlil qiladi va kodlarni yechadi.
“Og‘riq” signali aniqlanishi bilan ma’lumot “uxlayotgan agent” — miyaning old qismiga o‘rnatilgan kompyuter chipiga yuboriladi. Chip o‘z navbatida rag‘batlantiruvchi yorug‘lik nurini ishga tushirib, og‘riqni bosadigan neyronlarni faollashtiradi.
Tadqiqotchilarning qayd etishicha, mazkur interfeysning o‘ziga xosligi shundaki, u faqat kerak bo‘lganda faollashadi va miyaga muntazam ta’sir ko‘rsatmaydi. Ayni vaqtga qadar qurilma kalamushlarda sinovdan o‘tkazilgan.
“Natijalarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, implant og‘riqning hatto an’anaviy belgilarini aniqlash yoki bartaraf etish qiyin bo‘lgan holatlarda ham uni samarali davolash strategiyasini taqdim etadi”, — deydi ixtiro mualliflari.
Avvalroq Shveysariyalik olimlar ko‘zi ojizlarning ko‘rishiga yordam beradigan ko‘z to‘rpardasi implantini yaratgan edi.
Izoh (0)