Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 28-iyundan Toshkent shahriga viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilishi belgilangan edi. Biroq dushanba kuni amalda shaharga deyarli cheklovlarsiz (ayrim postlar yopilgani hisobga olinmasa) kirish mumkin bo‘ldi.
Mualliflari rasmiy doiralarga yaqin deb taxmin qilinadigan “Nigoh” Telegram kanalining yozishicha, “poytaxtga kirayotgan barcha transport vositalari haydovchilariga 28-iyun kuni tushuntirish ishlari olib borilgan. 29-iyundan esa Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatiladi”.
Avvalroq Toshkent shahriga viloyatlardan kirish bo‘yicha o‘rnatilgan cheklov tez orada o‘zgartirilishi (ehtimol, bekor qilinishi) mumkinligi haqida xabar berilgan edi. O‘z navbatida, IIV matbuot xizmati bu boradagi o‘zgarishlar faqat rasmiy manbalar orqali e’lon qilinishini eslatib o‘tgan. 28-iyun soat 21:45 holatiga ko‘ra o‘zgarishlar haqida rasman e’lon qilingani yo‘q.
Ma’lumot uchun, cheklovlar sabab poytaxtdan Toshkent viloyati hududiga chiquvchi avtobuslar harakati YPX post maskanigacha tashkil qilinadi.
Izoh (0)