O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
“Xalq so‘zi Online” ushbu qaror yuzasidan Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov bilan suhbatlashdi. Xususan, rais “Mebellar narxi necha foizgacha tushadi?” degan savolga quyidagicha javob berdi.
“Qaror bilan mebellar narxini 50 foizgacha arzonlashtirishimiz mumkin bo‘ladi. Sababi eksport va import qilishdagi xomashyolarni 0 qiymatida olib kelishni boshlaymiz. Xomashyo uchun sarflanadigan xarajatni ham 50 foizgacha davlatdan subsidiya tariqasida olish mumkin.
Ikkinchisi eksportdagi xarajatlar ham, ya’ni logistika xarajatlari ham davlat tomonidan qoplab beriladi. Shu jihatdan biz 50 foizgacha rejalashtiryapmiz va buni klaster qilish asnosida narx-navolarni tushirib boramiz. Ya’ni qancha ko‘p mahsulot ishlab chiqarilsa, uning tannarxi shuncha tushib boradi”, — deydi Umarov.
Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun yo‘lkira eng asosiy xarajatlardan biri hisoblanadi. Bu uchun berilayotgan yengillik natijasida mebelsozlik sohasida yutuqlarga erishish mumkin.
Bundan avval O‘zbekiston mebel sanoatida xomashyo sifatida foydalaniladigan daraxt turlari plantatsiyalari barpo etilishi hamda O‘zbekistonda mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)