Xitoy hukumati AQSh ma’muriyatining TikTok va WeChat dasturlaridan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish qarorini ijobiy qadam deb atadi. Bu haqda Xitoy Tijorat vazirligining rasmiy vakili Gao Fenga tayanib “Izvestiya” xabar berdi.

Foto: Global Look Press

“AQSh WeChat va boshqa dasturlarga qo‘yilgan taqiqlarning bekor qilinganini e’lon qildi. Bu to‘g‘ri yo‘nalishdagi ijobiy qadam hisoblanadi”, — dedi Gao Fen.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, Xitoy hukumati AQShning xorijiy dasturlardagi xavfsizlik masalalarini nazoratdan o‘tkazish so‘roviga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, Fen AQShning xorijiy investitsiyalar qo‘mitasi hozirgacha TikTok bilan bog‘liq tekshiruv o‘tkazayotganini ta’kidladi.

“Umid qilamizki, AQSh Xitoy kompaniyalariga xolis va adolatli munosabatda bo‘lib, savdo-iqtisodiy masalalarni siyosiylashtirishdan cheklanadi”, — deb qo‘shimcha qildi Tijorat vazirligi vakili.

Avvalroq Jo Bayden sobiq prezident Donald Trampning aloqa va moliyaviy texnologiyalar uchun TikTok, WeChat va boshqa sakkizta dasturiy ta’minotdan foydalanishni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonini bekor qildi. Ta’kidlanishicha, amaldagi davlat rahbarining ma’muriyati ochiq, ishonchli va xavfsiz internetni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ma’lumot uchun, 2019-yilning noyabr oyida AQSh milliy xavfsizlik organi TikTok ijtimoiy tarmog‘ining egasi — Xitoyning ByteDance Technology kompaniyasi ustidan tergov boshlagan edi.

Tramp 2020-yil 6-avgust sanasida TikTok va WeChat dasturlariga nisbatan “Tahdidga qarshi kurash to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan edi. U o‘z talablarini milliy xavfsizlik masalalari va Amerika fuqarolariga tegishli ma’lumotlarning Xitoy rasmiylariga yetkazilishidan xavotirda ekani bilan izohlagan.