Twitter mikrobloglar xizmati AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning rasmiy veb-saytidagi bayonotlarni chop etgan DJTDesk akkauntini bloklab qo‘ydi. Bu haqda NBC News xabar berdi.

Foto: AFP

Xabarga ko‘ra, DJTDesk akkaunti 6-may kuni yaratilgan. Unda Trampning donaldjtrump.com shaxsiy veb-saytidagi “From the Desk of Donald J. Trump” (“Donald Tramp stolidan”) bo‘limida joylashtirilgan bayonotlari chop etilgan.

Akkaunt registratsiyadan bir necha soat o‘tgach bloklandi. Twitter “blokirovka qilingan akkaunt bilan bog‘liq kontentni almashish yoki targ‘ib qilishni maqsad qilgan” akkauntlarga qarshi choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Trampning maslahatchisi Jeyson Millerning aytishicha, bloklangan Twitter akkauntining sobiq prezident bilan hech qanday aloqasi yo‘q.

BBC xabar berishicha, Twitter’dagi DJTDesk akkaunti bloklanganidan so‘ng xuddi shunga o‘xshash bir nechta akkauntlar saqlanib qolgan, ular sobiq prezident veb-saytidagi bayonotlarni qayta joylashtirgan. Keyinchalik Twitter yana uchta — DJTrumpDesk, DeskofDJT va DeskOfTrump1 akkauntlarini blokladi.

4-may kuni Tramp tarafdorlari bilan muloqot qilish uchun donaldjtrump.com saytini ishga tushirgan edi. Foydalanuvchilar Trampning saytga joylagan postlarini Twitter va Facebook’da ulashishi mumkin, ammo xabarlarga javob bera olmaydi.

Mart oyi oxirida Tramp o‘z tarafdorlari bilan muloqot qilish maqsadida o‘zining “45office.com” shaxsiy saytini ishga tushirgan edi. Saytda tarafdorlar bilan ochiq-oydin yozishmalar olib borish imkoniyati mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchilar tomonidan tashkil etilgan “Amerikani qutqarish marshi” nomli norozilik namoyishi ishtirokchilari 2021-yil 6-yanvar kuni poytaxt Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirgan.

Natijada yanvar oyining boshida Facebook va Instagram Donald Trampning akkauntini prezidentlik muddati tugaguncha blokladi. Twitter esa Trampning shaxsiy akkauntini “keyinchalik zo‘ravonlikka da’vat etishning yuqori xavfiga bog‘liqligi sabab” butunlay blokladi.

Keyinroq Trampning maslahatchisi Jeyson Miller Fox News telekanali efirida AQShning sobiq prezidenti ikki-uch oy ichida “o‘z platformasi bilan” ijtimoiy tarmoqlarga qaytishini aytdi.