Nigeriyaning federal hukumati 2-iyun kuni tarmoqdan mamlakat prezidenti Muhammad Buxoriyning xabarlaridan birini o‘chirib yuborgani uchun Twitter kompaniyasini aybladi. Bu haqda Afrikaning Sahara Reporters yangiliklar portali xabar berdi.

Foto: “Izvestiya”

“Twitter’ning o‘z qoidalari bo‘lishi mumkin, lekin ular barchaga tegishli emas. Agar dunyodagi biror davlatning prezidenti o‘z mamlakatida yuzaga keladigan vaziyatdan xavotirda bo‘lsa, u o‘z fikrlarini bemalol bildirishi mumkin”, — dedi Nigeriyaning axborot va madaniyat vaziri Lay Muhammad.

Twitter 2-may kuni Nigeriya prezidentining hukumat binolariga qilingan hujumlar uchun ayirmachilarni jazolash bilan tahdid qilgan postini o‘chirib yubordi, deb yozmoqda Reuters. Muhammad Buxoriyga 1967—70-yillarda, ayirmachilar isyoni va Biafra shtatining tashkil topganidan keyin Nigeriyaning janubi-sharqida yuz bergan fuqarolar urushi haqidagi eslatma rasmiy sabab bo‘ldi. Urushda 1 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan edi. Kompaniya o‘z izohida Nigeriya prezidenti Twitter’dagi “haqoratli xatti-harakatlar” nizomini buzganini aytdi. Natijada prezidentning posti o‘chirilib, akkaunti 12 soatga bloklandi.

O‘tgan haftada Nigeriyaning janubi-sharqida ayirmachilar politsiya uchastkalari va davlat binolariga bir necha marta hujum uyushtirdi. Hujum natijasida politsiyachilar va harbiy xizmatchilar qurbon bo‘ldi. “Biafraning mahalliy xalqi” ayirmachi tashkilotining rahbarlari janubiy Nigeriya aholisini fuqarolar urushida qurbon bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlab, ishlashni bir kunga to‘xtatishga chaqirgandan so‘ng bu federal hukumat tomonidan ayirmachilik kayfiyatini tiklashga urinish sifatida qabul qilindi va Muhammad Buxoriy Twitter’ga bir qator postlar joyladi. “Biz kabi 30 oylik fuqarolik urushini boshidan kechirganlar ular bilan faqat ular tushunadigan tilda gaplashadi”, — deb yozdi Buxoriy o‘zining Twitter sahifasiga joylagan postlardan birida. Aynan o‘sha xabarlar tarmoqdan o‘chirildi.

Avvalroq Twitter xizmati AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning rasmiy veb-saytidagi bayonotlarni chop etgan DJTDesk akkauntini bloklab qo‘ygani haqida xabar berildi.