Angliyaning London ICE birjasida bir barrel Brent neftining narxi 72 dollardan oshdi. Bu 2019-yilning may oyidan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi, deb yozmoqda “Kommersant”.
2021-yilning 4-iyun holatiga ko‘ra, Brent 72,01 dollarga sotildi. Neftning bir barrel uchun narx avvalgi savdolarning yopilishiga qadar deyarli 1 foizga o‘sdi. WTI neftining narxi esa 0,8 foizga qimmatlashib, 69,6 dollarga sotila boshladi.
Avvalroq Bloomberg koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqiroz oqibatida to‘plangan ortiqcha neft zaxiralari deyarli tugab bo‘lgani haqida yozgan edi. Xalqaro energetika agentligining (XEA) ma’lumot berishicha, fevral oyi holatiga ko‘ra, omborlarda to‘plangan yoqilg‘i miqdori 20 foizdan ham kamroq qolgan edi. O‘shandan buyon mavjud yoqilg‘i hajmi yanada qisqardi, deb ta’kidladi Bloomberg.
Shuningdek, Xitoy 25 yil davomida barqaror neft ta’minoti evaziga Eron iqtisodiyotiga 400 milliard dollar investitsiya kiritishga rozi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Venesuela prezidenti Nikolas Maduro esa koronavirusga qarshi vaksina uchun neft bilan haq to‘lashni taklif qilgandi.
Izoh (0)