Qayerda bo‘lmasin, farzand — eng aziz ne’mat. Barcha davlatlarda bolalar va ularning huquqlari himoyasiga qaratilgan me’yoriy hujjatlar mavjud, shuningdek, bu borada deyarli barcha mamlakatlar tomonidan tan olingan, qabul qilingan umumjahon kelishuvlari ham bor. Shunga qaramay, bir mamlakatdagi tartib-taomil boshqasinikidan farq qiladigan jihatlar ham kam emas. Qolaversa, yozilgan, belgilangan qonun-qoidaning amaldagi ijrosi ham har joyda har xil.
“Daryo” 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Germaniya, Turkiya va AQShda istiqomat qilayotgan o‘zbek oilalari vakillari bilan, jumladan, bola tarbiyasi va uning huquqlari himoyasi Vatanda va muhojirotda qanchalik farq qilishi haqida suhbatlashdi.
***
Ma’rifat Nur (Nurmatova), Germaniyada yashaydi, jurnalist. Turmush o‘rtog‘i DAAD xalqaro dasturi orqali magistraturani sanoat menejmenti yo‘nalishi bo‘yicha Germaniyada o‘qigan, hozirda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mehnat qilmoqda. Ma’rifatning o‘zi esa hozirda Gamburg universitetida jurnalistika bo‘yicha magistraturada o‘qishni davom ettirmoqda. Ularning uch nafar farzandi bor.
Germaniya ko‘plab ijobiy jihatlari bilan meni hamon hayratlantiradi. Ayniqsa, bolalar huquqi, sog‘lig‘i, xavfsizligi, ijtimoiy himoyasi masalalarida. Bu yerga kelganimizning ilk kunlarida Germaniya nogironligi bo‘lgan odamlar mamlakatimi, deb hayron qolganman — qayerda bo‘lmay, jismoniy imkoniyati cheklangan yoki ruhiy muolajaga muhtoj insonlar, bolalarga duch kelardim. Bekatlar, savdo markazlari, kinoteatr, parklar — hammasida ular maxsus sharoitlar yaratilgan.
Nogironlik aravachalari uchun maxsus yo‘laklar, liftlar, avtopark o‘rinlari, ko‘zi ojizlar uchun svetoforlardagi signallar, maxsus g‘adir-budur yo‘laklar, tekin sog‘lomlashtirish, kasb-hunar o‘rgatish kurslari — bari-bari muhayyo. Bu yerda muqim yashab, tajriba to‘plab bildimki, Germaniyada davlat tomonidan ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash shu qadar kuchliligidan, imkoniyatlari cheklangan insonlar ham uyda o‘tirib qolmay, jamiyatga aralashib, baxtli hayot kechirar ekan.
Germaniya qonunchiligi bolalarni himoya qilishga doir o‘ta ahamiyatli me’yorlarga to‘la. Bu me’yorlar bola farovonligini ta’minlashga javobgar barcha tomonlar — ota-onalar, bog‘cha va maktab xodimlari, bolalar shifokorlari va boshqa yuridik hamda jismoniy shaxslarni kuchli bir mas’uliyat ostida ushlab turadi. Shuningdek, Jugendamt (Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash idorasi) deb nomlangan, katta siyosiy vakolatga ega davlat tashkiloti ham bor.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash idorasi mahalliy hokimiyat organi bo‘lib, bolalar va yoshlarni himoya qilish, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ota-onalarga yordam berish, yosh avlodni kelajakka yo‘naltirish kabi vazifalarni bajaradi. Ayni damda, bu tashkilotning ota-onalarni cho‘chituvchi xavfli imidji ham bor — huquqlari buzilgan bolalarning oilalariga aynan Jugendamt chora ko‘radi, agar zarurat bo‘lsa, farzandni oiladan olib qo‘yishi ham mumkin.
Masalan, bola huquqlarini buzayotgan ota-ona bilan dastlab tushuntirish ishlari olib boriladi, ogohlantiriladi. Agar bu choralar kor qilmasa, ota-ona farzandi bilan munosabatlarda qonunchilik nuqtai nazaridan hali ham xatoliklarga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa, bola ulardan olinib, Pflegeeltern’ga (“tarbiyachi ota-ona” yoki “homiy ota-ona” desa ham bo‘ladi) topshiriladi. Bola vasiylar qo‘lida kamida bir yilgacha, ko‘pi bilan 18 yoshgacha qolishi mumkin. Ularning manzili bolaning haqiqiy ota-onasidan sir saqlanadi. Bunday tarbiyachilar ko‘ngilli, fidoyi kishilar bo‘lib, bola xarajatlari uchun zarur mablag‘ davlat tomonidan qoplanadi.
Farzandi bilan nomunosib muomalada bo‘lgan ota-onalar aybining og‘ir-yengilligiga qarab jazolanadi, masalan, bir umrga ota-onalik huquqidan mahrum etilishi ham mumkin. Farzandining tarbiyasi og‘ir bo‘lsa yoki sog‘lig‘ida muammo bo‘lsa, bolalar uyi yoki ta’lim-tarbiya koloniyalariga topshiriladi, ammo voyaga yetguniga qadar Jugendamt nazoratida bo‘ladi.
Ushbu tashkilot oilalarda bolalar huquqlari buzilayotgani haqida qanday xabar topadi? Jugendamt bog‘cha va maktablar bilan hamkorlikda ishlaydi, bu muassasalardagi tarbiyachi va murabbiylar har bir shubhali, xavotirli holat haqida tashkilotga axborot beradi. Ya’ni, o‘qituvchi yoki tarbiyachi bolaning tanasida biror jarohat belgilarini yoki kayfiyatida tushkunlikni sezib qolsa, darhol surishtirishni boshlaydi, sababini aniqlab, Jugendamt’ga xabar yetkazadi.
Bir gal o‘rtancha o‘g‘lim Imonning bog‘cha opasi Dayana meni savolga tutib qoldi: “Kechirasiz, farzandingizning oyog‘ida ko‘kimtir dog‘ ko‘rdim, umid qilamanki, bu biror joyda urib olganining oqibati”, deb. Avvaliga savolni tabiiy qabul qilib, yengil javob berdim. Ammo tarbiyachi ko‘zlarimga shunday shubha bilan qaradiki, o‘zimni tergovchi qarshisida turgandek his qildim. Vujudimni allaqanday sovuqlik chulg‘ab oldi. Men bolajonimdagi ko‘kimtir dog‘ qachon va qayerdan paydo bo‘lganini ham bilmasdim. Ushbu voqeadan so‘ng yot tabiat ichida yashayotganimni, farzandimga bo‘lgan haqqim va haddim maxsus tashkilotlarnikidan ham ojiz ekanini his qildim.
Tabiatan ta’sirchanman, tushkunlikka tushib qolishim oson va o‘sha kunlar ko‘p yig‘laydigan bo‘lib qolgandim. Hatto tushlarimga bolalarimga baqirib yuborganim sababli qo‘shnilar chaqirtirgan politsiya dilbandlarimni chirqiratib olib ketayotgani, men esa yalangoyoq mashina ortidan yugurib ketayotganim manzarasi bot-bot kiradigan bo‘ldi. Keyinchalik anglab yetdim, tan oldim — ota-onalarga nisbatan joriy etilgan bunday jazo choralari o‘z oilasida kaltak ostida jabrlanib yashayotgan bolalar uchun juda muhim. Ahloqsiz kattalarni nazorat qiladigan organ, albatta, bo‘lishi zarur.
Bola qanday ayb ish qilishidan qat’iy nazar ota-ona farzandiga qo‘l ko‘tarishi mumkin emas. Afsuski, ota-onalaridan tortib olinadigan bolalarning aksariyati nemis emas, o‘zga millat vakillari. Nemislar madaniyati va tarbiyasiga ko‘ra bolalarga, umuman, har qanday tirik jonga nisbatan juda mehribon, shafqatli xalq bo‘lgani uchun, ular tomonidan bunday ko‘ngilsiz holatlar kam sodir etiladi.
Til o‘rganish markazidagi bir afrikalik kursdoshimiz — Sintiya tashvishli bo‘lib qoldi. Sababini so‘rasak, Jugendamt uning bolasini ma’lum muddatga olib ketishi mumkinligi haqida ogohlantiribdi. Voqeaning boshi esa maktabda o‘g‘lining o‘qituvchisi ilg‘agan fakt bilan bog‘liq ekan. Aniqrog‘i, o‘qituvchi, bolaning kundalik ovqatlanish tartibini so‘rab, u uch-to‘rt kundan beri faqat qaynatilgan guruch tanovul qilayotganini bilib qolgan.
Aslida kursdoshimiz bolasi uchun bola nafaqasini muntazam olgan. Qolaversa, ular kabi qochoq maqomidagi oilalarga uy-joy puli, oylik nafaqa, ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘zda tutilgani, shuningdek, Germaniyada oziq-ovqat maoshga nisbatan ancha arzon bo‘lgani uchun, o‘quvchining bir necha kun davomida faqat qaynatilgan guruch yeb yurishi “bolaning jabrlanishi” deb topilgan. Bilsak, Sintiya yordam pullarini o‘z kiyimlari, qimmat restoranlardagi ko‘ngilxushliklarga sarflab yuborgan ekan.
Bu kabi voqealarni ko‘rib, Yevropa yashash tarzi, qonun-qoidalariga ko‘nikib boryapman. Ayni damda, bolalarimizni o‘zbekona qadriyatlarimiz, muqaddas dinimizda belgilangan qoidalarga asoslanib tarbiyalashga, o‘z ona tilini mukammal o‘rgatishga astoydil harakat qilayapmiz.
***
Feruza Izzat, ingliz tili o‘qituvchisi, 9 yildan beri oilasi bilan birga Turkiyada yashaydi. O‘zi Antaliya davlat universitetida ingliz tilidan dars berish bilan birga Marmara universitetida doktoranturada tahsilni davom ettirmoqda. Uch farzandi bor — kattalari universitetda, kenjasi litseyda ta’lim oladi.
Turkiya jumhuriyati tashkil etilgan ilk yillardanoq bolalar huquqlarini ta’minlash hukumat kun tartibida eng asosiy masalalardan biri bo‘lgan. 1927 yildan beri har yili 23-aprel Turkiyada Bolalar kuni sifatida bayram qilinadi. Ushbu mamlakatda 18 yoshdan kichiklar (aholining 30 foizdan ko‘prog‘i) bola hisoblanadi. Baxtga qarshi, turkiyalik bolalar orasida kambag‘allik chegarasi ostida yashayotganlar ko‘p.
Turkiyada maktab ta’limi 12 yillik va bepul (har yili yangidan nashr etiladigan darsliklar ham tekinga beriladi). Nafaqat maktab ta’limi, balki turli to‘garaklar, kurslar, qo‘shimcha ta’lim ham davlat tomonidan bepul taklif etiladi — ota-ona farzandining ta’lim olishini ta’minlab bersa bo‘ldi. Davlat kasalxonalarida davolanish ham bolalar uchun bepul.
O‘qituvchi bo‘lganim uchun o‘zbek va turklarning bola tarbiyasidagi farqlarni ko‘p kuzataman. Ikki millatning tarbiya usullarida farqlar bor. O‘zbeklarda tavoze, kattalar gapirganda jim turish, gap qaytarmaslik bolalar uchun fazilat sanalsa, turklarda bolani hali kichik yoshidan o‘z fikrini ifodalashga, uni himoyalashga tashviq qilinadi. Balki, shu bois o‘zbek bolalari uyatchanroq, turklar erkinroqdir.
Turk bolalari fikrini yaxshiroq ifoda etadi. Lekin kattalarga hurmat yuzasidan o‘zbek bolalariga yetadigani yo‘q. Ko‘chada ketayotgan kattalarga tanisa-tanimasa salom berish, jamoat transportida kattalarga joy berish Turkiyada nodir holat. Bolasini erkin tarbiya qilaman deb, o‘ta erka qilib qo‘yayotgan turk ota-onalari ko‘p. Nazarimda, o‘zbek tarbiya usulining asosiy kamchiligi — bolaga mustaqillikni o‘rgatmaslikdir.
Turkiyaga ilk kelgan vaqtim (qizlarimiz ro‘molda to‘siqlarsiz ta’lim olishlari uchun shu davlatni tanlagan edik) eng ko‘p e’tibor berganim — salomning O‘zbekistondagichalik keng yoyilmaganidir. Ayniqsa, bolalar kattalarga salom bermaydi. Farzandlarim har ko‘rganda salom berishi qo‘shnilarimni hayratga solgandi. Shunday tarbiyalaganim uchun menga bir necha bor rahmat ham aytishuvdi. Bu bizning, o‘zbek tarbiyasining ajralmas qismi ekanligini aytganimda, bir paytlar Turkiyada ham shunday odat bo‘lgani, ammo bu odatni yo‘qotib qo‘yishganini afsuslanib gapirib berishgandi.
Ajablanarlisi, o‘zim ishlagan maktabda ham o‘tgan yili dars bergan o‘quvchilarimga bu yil dars bermasam, ko‘rib ham salom bermay o‘tadiganlari ko‘p edi va buni hamma oddiy, normal hol sifatida qabul qilardi.
Turkiyada ota-onaning bola bilan munosabatlariga doir majburiyatlar ba’zi G‘arb davlatlaridagi kabi o‘ta qat’iy emas. Masalan, bolani uyda yolg‘iz qoldirish uchun qat’iy choralar belgilanmagan. Lekin bolasini urgan ota-onalarga nisbatan qo‘llanilgan jazo choralari haqida matbuotda ora-sira xabarlar chiqib turadi.
Bu mamlakatda 15 yoshdan kichik bolalar mehnati qonunan taqiqlangan. Lekin majburlikdan ishlayotgan bolalar kam emas. Ayniqsa, markazdan uzoq hududlarda bolalar mehnati keng tarqalgan. O‘zim ham ko‘cha-kuyda yelim idish, qog‘oz yig‘ib, turli narsalar sotib yuradigan bolachalarni uchrataman. Ayniqsa, hozirgi pandemiya davrida bolalar oila byudjetiga hissa qo‘shishga harakat qilmoqda.
Erkin fikr yuritishga o‘rgatish deya o‘ta erkatoyga aylantirilgan farzandlar ulg‘ayayotgan xonadonlarda bolalar bir ishga qo‘l urmaydi. O‘g‘il-qizlar ota-onalariga yordam beradigan oilalar ham kam emas. Masalan, mening farzandlarim uy ishlariga qarashib turadi. Bu yerda ko‘p oilalarda uy ishlari bolalarning jinsiga qarab ajratilmaydi — o‘zbeklarda ko‘proq qizlarga xos deb ko‘riladigan ishlarni bu yerda o‘g‘il bolalar ham qilaveradi.
Shu o‘rinda yana bir voqeani eslagim keldi. Yangi kelgan paytimiz, o‘g‘lim 2-sinfda o‘qirdi. Bir kuni sinfdoshlari bilan dam olishga boradigan bo‘lishdi. Ular uchun olmali pechenye pishirib berdim. Oradan bir necha kun o‘tgach, bekatda avtobus kutib tursam, onasi bilan o‘tib ketayotgan bir bolakay yonimda to‘xtab, salom berdi. O‘zini o‘g‘limning sinfdoshi deb tanishtirdi, ismi Mert ekan.
Onasi bolasining men bilan suhbatini kuzatib turibdi. Bola mendan hol-ahvol so‘ragach: “Anavi kuni dam olishda pishirib bergan pechenyengiz juda shirin chiqibdi. Qo‘lingiz dard ko‘rmasin”, dedi. To‘g‘risi, 2-sinf bolasining notanish bir ayol bilan shunday erkin gaplashishi, iltifot qilishi meni hayratlantirdi. Xuddi shu vaziyatda o‘z o‘g‘lim qanday yo‘l tutardi, deb o‘yladim. Albatta, borib gap boshlamasdi...
***
Manzura Akramova 2014-yildan beri AQShda yashaydi, Green Card dasturi orqali kelgan. Hozirda turmush o‘rtog‘i va maktabda o‘qiydigan qizi bilan birga Nyu-Yorkda yashaydi.
Amerikada bolalarga e’tibor qanchalik darajada ekanini men ushbu mamlakatning Toshkentdagi elchixonasida viza olish uchun navbatda o‘tirganimdayoq anglab yetib bo‘lgandim. Navbati bizdan oldinroqda bo‘lgan bir oilaning 4-5 yashar o‘g‘li nimadir sabab bilan injiqlanaverdi. Shu vaqt onasi “O‘ch!” deb, yig‘layotgan bolaga bir tarsaki tushirdi. Hammasi kameradan kuzatib turilgan ekan, o‘sha oilaga viza berilmadi.
Navbat katta. Elchixonaga men bilan birga kelgan kenja qizim o‘shanda 9 yoshda edi (ikkala katta qizlarim turmushga chiqib ketgandi). U ham bir joyga o‘tirgisi kelmaydi-da. Shunday bir chimchilab, o‘tqazib qo‘ygim keladi! Lekin shunday qilmadim. Birinchi marta o‘zimni tiydim. O‘sha kundan boshlab bolalarga nisbatan amerikacha munosabatni o‘rgana boshladim.
Menga sodda tilda shunday tushuntirishdi: “Amerikada, eng avvalo — bolalar huquqi, so‘ng ayollar huquqi, undan keyin hayvonlar huquqi, ana undan keyin qolganlarning huquqlari turadi”. Hali Amerikaga kelmasdanoq hayrat va savollar ichida qolgandim. Xudoga shukur, keldik ham. Bizga juda yaxshi munosabatda bo‘lishdi. Moslashuv davri uzoq cho‘zilmadi.
Bu yerda bolalarga e’tibor juda katta. Maktabga joylashtirish yoki tibbiy xizmat bolalar uchun bepul. Avtobus ham bepul. Tushliklar juda chiroyli qadoqlangan holatda beriladi. Yosh bolalar uchun sutli mahsulotlar bepul beriladi. 196 dollar miqdorida yordam puli ham beriladi, har oy kartochkasiga tushadi. Bunga faqat oziq-ovkat olish mumkin. Dori yo vaksina kerak bo‘lsa, albatta, bepul beriladi.
Bolalarni maktabga ota-ona yoki buva-buvi olib borishi va o‘qituvchiga topshirishi kerak. Darsdan keyin o‘qituvchi qo‘lidan xuddi shunday olinadi. Amerikada umumiy maktab formasi yo‘q. Bola xohlagan narsasini kiyishi mumkin. Lekin qizlarga kalta yubka yo shortik mumkin emas. Maktab tomonidan tekinga har bir bolaga maktab nomi yozilgan futbolka, jemperi beriladi — kiyish-kiymaslik bola ixtiyorida.
Amerikada 21 yosh voyaga yetish yoshi hisoblanadi. Lekin istagan inson 18 yoshdan boshlab ishlashi mumkin, faqat jami ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshmasligi shart. Darvoqe, pandemiya davrida, 2020-yilning mart—noyabr oylarida katta yoshdagi har bir kishiga 600 dollardan, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 500 dollardan yordam puli berib borildi.
AQShda bolalar ota-onasi ustidan arz qilishi mumkin. Bunday holatlarda ota-ona inkor qilgan taqdirda ham bola haq deb hisoblanadi. Agar ota yo ona spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan yoki giyohvand moddalar iste’mol qilishi ma’lum bo‘lsa, u bola bilan birga uyda yashashga ruxsat berilmaydi. Bolalardan har hafta uyidagi sharoit haqida so‘raladi.
Qo‘shnimiz ham Markaziy Osiyodan. Bir kuni er-xotin tortishib qolib, er xotinini uribdi. Shunda politsiya eshik oldida kecha-kunduz poyloqchilik qilib, erini uyga kirishga qo‘ymadi. Politsiya oiladagi bola ruhiy jarohat olmasligi uchun shunday qilibdi. Xullas, sud ruxsat bermagunicha, er ichkariga kiritilmadi.
Mening gaplarimni, balki, kimdir qabul qila olmas. Hozir Amerikada yashaganimiz bilan, ildizimiz O‘zbekistonda, Vatanimizni, u yerda qolgan farzandlarimiz, yaqinlarimizni sog‘inib yashaymiz. Har kuni internetda O‘zbekistondagi qaysidir maktabda o‘qituvchi o‘quvchini urgani, qaysidir internatda bolalarning ko‘zlari urib ko‘kartirilgani, qayerdadir voyaga yetmagan qiz zo‘rlangani, odamlar farzandini sotayotgani haqidagi xabarlarni ko‘rib, xayollarim parishon bo‘ladi, uyqularim qochib ketadi.
Bola har yerda ham bola, degim keladi.
***
Izoh (0)