Rossiya va O‘zbekiston 10-iyundan boshlab ikki mamlakat o‘rtasidagi aviareyslar sonini oshiradi. Bu haqda Rossiya koronavirusga qarshi kurashish tezkor shtabiga tayanib, “Podrobno” xabar berdi.
Xususan, Moskva va Toshkent o‘rtasidagi reyslar soni bittadan ikkitaga oshiriladi. Natijada ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘rtta reys qatnaydi — ikkita “Aeroflot” va ikkita Uzbekistan Airways.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasi 2021-yil 5-apreldan Moskva—Toshkent—Moskva yo‘nalishi bo‘yicha har yakshanba muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ygan, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi esa 7-apreldan boshlab haftaning har shanba kuni Toshkent—Moskva—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qatnamoqda.
“Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan muntazam reyslardagi ekonom-klass uchun chiptalar bir tomonga 4,2 million so‘mdan, biznes-klass uchun esa 10,736 million so‘mdan sotilmoqda. Mazkur chiptalarni O‘zbekistonning barcha fuqarolari va mamlakatda yashash huquqiga ega xorijliklar xarid qilishi mumkin. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvozni amalga oshirish uchun reysdan uzog‘i bilan 3 kun oldin PZR-test topshirilgan bo‘lishi kerak”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Rossiya aviakompaniyalari O‘zbekiston shaharlariga charter reyslarni ham amalga oshirmoqda. Biroq undan foydalanib, Rossiyaga uchish uchun o‘zbekistonliklarda asos talab etiladi.
Mavzuga doir: Uzbekistan Airways 15-iyundan boshlab Domodedovo aeroportidan parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yadi
Izoh (0)